Quyonning tadbiri (“Masnaviy”dan)
Turli hayvonlar yashaydigan go‘zal o‘rmon bor edi. O‘rmon qiroli sherdan barcha hayvonlar qattiq qo‘rqar, u har kuni istagan hayvonni ovlab yer, o‘rmon jonivorlari undan nafratlanar edi. Bir kuni hayvonlar yig‘ilib: «Har soniya zir titrab yashagandan ko‘ra har kuni oramizdan birimizni o‘zimiz tanlab, sherga tortiq qilganimiz yaxshiroq. Shu bilan kimning kuni bitishini bilib olamiz», deb qaror qildi. So‘ng sherga borib: «Biz senga har kuni biror hayvonni jo‘natib turamiz. Sen har yerda tashlanib, bizni hayotdan bezdirma!», deya taklif qildilar.
Avvaliga sher bu taklifni tuzoq deb o‘yladi. Ammo hayvonlar qasam ichib, va’da berishgach, u rozi bo‘ldi. O‘rmon ahli har kuni qur’a tashlab, o‘zlaridan birini sherga jo‘natar edi. Sher zahmatsiz, o‘z oyog‘i bilan kelgan yemishini yeb, hayvonlarni ovlashni to‘xtatdi. Kunlar mana shu tarzda o‘tardi. O‘lim qur’asi bir kuni quyonga chiqib qoldi. Bechora zorlanib dod-voy sola boshladi. Hayvonlarga: «Bu zulm yana qachongacha davom etadi?!», deya xitob qildi. Ular: «Necha yillardan buyon sherga bergan so‘zimizda turibmiz. U ham va’dasiga xilof qilgani yo‘q. Endi sen qoidani buzmagin-da, sherning iniga bor!», deyishdi.
Quyon: «Ey do‘stlar! Xo‘p deng, men bir chora ko‘ray, zora o‘zimni ham, sizni ham uning zulmidan qutqarib qololsam!», dedi.
Hayvonlar: «Sen bizning so‘zimizdan chiqma va nimjongina quyon ekaningni ham unutma, haddingdan oshma!», deyishdi.
Quyon: «Do‘stlarim, bu fikrni menga Alloh ilhom qildi. Aytingchi, asalaridagi ari yig‘ish ilhomi qaysi sherda bor? Ipakqurtning ma’rifati qaysi filda bor?», dedi.
Hayvonlar: «Modomiki, bo‘y-bastinga qaramasdan, sher bilan o‘ynashmoqchi ekansan, biror rejang bormi o‘zi?», deyishdi.
Quyon: «Sirning saqlangani, vaqti-soati yetmaguncha hech kimga aytilmagani durust. Kuting va tomosha qiling», deb sher tomon yo‘l oldi.
Biroz uyoq-buyoqda aylanib yurib, ovqatlanish vaqtini o‘tkazib yubordi. Sher iniga yaqinlashgach, bor kuchi bilan yugura boshladi. Sher taomining kechikkanidan juda jahli chiqayotgan edi. Quyonni ko‘rib: «Ey axloqsiz, men ho‘kizlarni suyaklarga ajratgan, necha-necha arslonlarni yer tishlatgan qahramon bo‘lsam-u, sen shugina holing bilan meni kuttirishdek jasoratni qaerdan olding?!», deb o‘shqirdi.
Quyon halloslagancha: «Sultonim! Men ertalab yo‘lga chiqib huzuringizga kelayotgan edim. Yana men bilan siz uchun yuborilgan boshqa semizroq quyon ham bor edi. Ammo yo‘limizni boshqa bir sher to‘sdi. Unga sizning oldingizga kelayotganimizni tushuntirdik, lekin u bizga quloq solmadi va do‘stimni olib ketdi. U mendan ikki barobar katta edi. Sultonim, men bundan buyon sizga yuboriladigan hayvonlarga narigi sher ham sherik bo‘ladi, deb qo‘rqaman. Agar taomingizni to‘liq yeyishni istasangiz, bunga bir chora ko‘ring, u bahaybat dushmaningizni yo‘q qiling!», dedi.
Sherning g‘azabi to‘lib-toshdi: «Qani, oldimga tush! Uni menga ko‘rsat, borib jazosini beray!», dedi.
Quyon oldinda, sher esa orqada borardi. Quyon yura-yura sherni bir quduq yoniga olib bordi. Lekin o‘zini quduqdan uzoqroqqa tortdi.
Sher: «Nima bo‘ldi, nega orqaga chekinyapsan?», dedi.
Quyon: «Men u yerga yaqinlashishga qo‘rqayapman», dedi.
Sher: «Bahonangni qo‘y, qara-chi, u hali ham shu yerdami?», dedi.
Quyon: «Siz meni quchog‘ingizga olsangiz, shunda qarashim mumkin», dedi.
Sher quyonni quchog‘iga olib quduqqa qaradi. Quduqda o‘ziga o‘xshagan bahaybat sher turibdi. Qo‘lida esa uning uchun yuborilgan quyon. Jahlidan yonib turgan sher uni o‘zining suvdagi aksi ekanini anglamadi. Quyonni bir chetga uloqtirib, quduqqa otildi. Quyon esa sakrab-sakrab o‘rmonga ketdi. Bo‘lib o‘tgan hodisani eshitib, o‘rmon ahli xursandlikdan jo‘shib o‘ynashdi. Quyon ularning bu shodon hollarini ko‘rgach: «Ey do‘stlar, mening bu omadim Allohning inoyati bilan bo‘ldi. Yo‘qsa, bir quyon kim bo‘libdiki sherni yengsa?», dedi.
Ey odam bolasi! Boshqalardan ko‘rgan zulm-sitamlaring o‘zingdagi xulq-atvoringning aksidir. Allohning lutf qilgan aql-ilhomi va yordami bilan kichik jamoalar katta jamoalardan ustun kelgan!
Ey inson! Sen bu dunyo qudug‘iga hirsing bilan sakragan shersan. Sen nafsingni yeng-da, quyon kabi bo‘l!
Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan
Turkchadan Abdulloh Rahimboyev tarjimasi
Ko‘p o‘qilgan
- Namoz o‘qish tartibi (rasmlari bilan)
- Peshin, asr, shom, xufton namozlari
- Qur'oni karim ma'nolari va qiroati
- Salovotlar. Istig'for duolari
- Namoz kitobi
- Najotkor duolar
- Tahorat olish tartibi (rasmlari bilan)
- 6 diniy kalima
- Azon
- Namozdan keyingi zikrlar
- Ro‘za kitobi
- G‘usl, tayammum
- Tahorat kitobi
- Namozdan so‘ng o‘qiladigan boshqa duolar
- Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar
- Payg’ambar alayhis-salomning vafot etishlari
- Jamoat kitobi
- Hayit va jum'a namozlari
- Xotinning eriga itoatsizlik qilishi
- Namoz haqida oyat va hadislar
So'nggi maqolalar
- Mujohid ibn Jabr
- Abu Usayd Molik ibn Robia
- Xotib ibn Abu Balto
- Abon ibn Said
- Budayl ibn Varqo
- Abu Sa’laba Xushaniy
- Abu Umoma Bohiliy
- Abu Mahzura Jumahiy
- Abu Abs ibn Jabr Ansoriy
- Rofeʼ ibn Xudayj
- Zaydul Xoyr
- Ummu Kulsum binti Uqba
- Qays Ibn Sa’d
- Navfal ibn Horis
- Solim ibn Ubayd
- Ka’b ibn Zuhayr
- Mehron ibn Mofina
- Hanzala ibn Abu Omir
- Abdulloh ibn Muborak
- Qutayba ibn Muslim
2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.