background
logotype
image1 image2 image3

Qizaloqning duosi

 Domla Hindistoniy hikoya qiladilar:
“Yoshligimda Qur’on tahsil olayotgan paytim edi. Takror qilib o‘tirardim. Menga yaqin joyda, hovuzning bo‘yida yosh bolalar savatda uyda yopilgan non sotishardi. Asr vaqtida hammasi savatini bo‘shatib, uylariga ketishardi. Qarasam, bir qizaloq uyiga ketmay, hovuzning bo‘yida yig‘lab o‘tiribdi. Oldiga borib yig‘lagani sababini so‘radim.
“Sotilgan nonning tangalari solingan hamyonni o‘ynab o‘tirib hovuzga tushirib yubordim. Endi o‘gay onam meni o‘ldiradi. Qanday boraman uyga?…” – deb yig‘lardi qizaloq.
Men hovuzning qizaloq ko‘rsatgan joyiga sho‘ng‘ib, hamyonni balchiqlar orasidan qidira boshladim. Nafasim yetmagan payt suv ustiga chiqaman, so‘ng yana suv ostiga kiraman. Oxir hamyonni topib, olib chiqdim. Yuvib, tozalab qizaloqqa berdim. Uning xursandligi intihosiz edi.
So‘ng men unga ta’lim berdim:
“Senga hamyoningni topib berganim uchun qiblaga qarab, qo‘lingni ochgin-da, meni duo qil. Men aytib turaman, sen o‘shani qaytarib duo qilasan: Allohim, bandangning menga qilgan bu yaxshiligi sababidan, unga ilm bergin, uni bokamol qilgin, umrini uzoq qilgin!”
Qizaloq meni duo qilgancha, o‘ynoqlab uyi tomon yo‘l oldi. Yetimni xursand qilganim uchun mening ham dilim rosa yayradi.
Hozirgi holatimni o‘sha yetimning duosidan deb bilaman. 50 dan ortiq ustozlarni ko‘rdim. Hammasi mendan rozi bo‘lib, haqimga duo qilishdi…”
Qizaloqning duosi mustajob bo‘lgan edi: Hoji Domla Hindistoniy ilmda yuksak kamolotga erishdilar. Yurtimizning zabardast ulamolariga ustozlik qildilar. Alloh umrilarini ham uzun qildi. 96 (hijriyda 100) yoshlarida vafot etdilar…
Hoji Domla Hindistoniy rahmatullohi alayh ma’ruzalari asosida tayyorlandi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.