background
logotype
image1 image2 image3

Pokizalik ham husn

Bir kuni hazrati Umar (r.a.)ning huzurlariga bir ayol eri bilan boshlashib keldi-da, erini ko‘rsatib:

– Ey amiral mo‘minin! Bu kishi mening erim bo‘ladi. Turmushimizga uch oy bo‘ldi. Shu muddat davomida totuv yashash uchun ko‘p harakatlar qildim. Ammo erimda rag‘bat ko‘rmadim. O‘tgan vaqt mobaynida bildimki, biz bir-birimizni tushuna olmas ekanmiz, shuning uchun ajrashamiz.

Hazrati Umar (r.a.) ayolning indamay turgan eridan so‘radilar:

– Sen nima deysan?

– Ey amiral mo‘minin! Mening hech qanday shikoyatim yo‘q, ajrashishni istamayman, – dedi u.

Hazrati Umar (r.a.) erning rang-ro‘yi, kiyim-boshiga qarab ahvolni anglab yetdilar va ayolga dedilar:

– Sen hozir uyingga ketgin-da, bir ozdan keyin kel. Ungacha biz ering bilan suhbatlashib olamiz.

Xotin ketgach, hazrati Umar (r.a.) u odamni hammomga olib borib, yuvintirishni, toza kiyimlar kiygizishni buyurdilar. Erkak pokiza holatga keltirildi. Bir oz vaqt o‘tgach, ayol keldi-yu bashang kiyim kiygan, ozoda erini ko‘rib mamnun bo‘ldi. Ajrashish haqidagi ahdini ham unutib, erini boshlab uyiga ketdi. Mo‘minlarning xalifasi hazrati Umar (r.a.) hozir bo‘lganlarga qarab dedilar:

– Sizlar oilalaringizning (ayollaringizning) yaxshi va pokiza kiyinib, sizni kutib olishlarini sevganingiz kabi, ular ham siz va kiyimlaringizning ozoda bo‘lishidan zavq oladilar, sizlarni yasangan holda ko‘rishni istaydilar.

“Irfon” taqvimining 2009 yil, 1-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.