background
logotype
image1 image2 image3

Podshoh bor-ku!..

Qadimda bir podshoh o‘tgan ekan. Kunlardan bir kuni u tush ko‘ribdi. Uyg‘ongach, ancha muddat o‘ylanib qolibdi. So‘ngra vazirini chaqirib: “Tayyorlan, saroydan tashqariga chiqamiz”, deb amr qilibdi. Bir ozdan so‘ng ikkovlon imomlar kiyimini kiyib, yo‘lda ketib borardilar. Bir qishloqqa yetgach, podshoh tushida ko‘rgan joyni tanib: “Keldik”, dedi. Odam ko‘p, hamma o‘z ishi bilan band. Lekin hech kim yerda yotgan jasadga e’tibor ham qilmas edi. Shunda podshoh odamlardan so‘radi:

– Bu kimning jasadi?

– E so‘ramang, uyatsiz aroqxo‘rniki, – javob berdi bir kishi. – Qirq yillik qo‘shnim edi u. Tan olish kerak, juda mohir taqachi edi, ertadan qora kechgacha ishlar, biroq ichkilikni ko‘rdi deguncha, bor budini berib sotib olardi. Har kuni uyiga aroq tashir, fohishalarni olib kelishdan ham toymasdi. Bugun bittasini, ertasiga ikkinchisini. Agar ishonmasangiz, boshqalardan ham so‘rang, uni biror marta jamoatda ko‘rgan bormikan?..

Bir fursatdan keyin odamlar tarqalib, ko‘cha o‘rtasida shoh, vazir va yerdagi jasaddan boshqa kimsa qolmadi. Shunda vazir:

– Yuring, shohim, biz ham ketaylik, – dedi.

– Yo‘q, hali ko‘rgan tushimning hikmatiga yeta olmadim, – javob berdi shoh. – Jasadni olib ketamiz. Sen g‘am yema, uni yuvib, kafanlab, ko‘mishni o‘zim uddalayman. Faqat yuvish uchun biror joy topsak, kifoya...

Ikkovlon jasadni olib narigi qishloqdagi katta masjid tomon yo‘l oldilar. Yo‘l-yo‘lakay kerakli ashyolarni xarid qilishdi. Jasadni yuvib, kafanlar ekanlar, marhum yuzidagi nur, lablaridagi ma’noli tabassumni ko‘rib, xayollaridan: “Bu odam qo‘shnilari aytganidek yomon kimsaga o‘xshamaydi-ku”, – degan o‘y o‘tdi. Barcha ishlar bitgach, vazir:

– Shohim, yanglishmadikmikan? – deb qoldi. – Marhumning yaqinlari, bola-chaqalarini surishtirish kerakmidi...

– To‘g‘ri aytasan, – dedi shoh. – Hali namoz paytigacha vaqt bor. Sen shu yerda bo‘lib tur, men uning uyiga borib kelaman.

Podshoh so‘rab-so‘rab marhum yashagan uyni topdi. Eshikni ochgan katta yoshli ayol shohning so‘zlarini diqqat bilan tinglar ekan, musibatni mardona qarshilasa-da, ko‘zyoshlariga mone’lik qila olmadi. Keyin shunday dedi:

– Bilasizmi, o‘g‘lim, bizning xo‘jayin bir olam edi. Ertadan-kechgacha tinmay ishlar, topgan puliga esa aroq olib kelardi. Keyin... ummati Muhammad ichmasin deya, ularni hojatxonaga to‘kardi. Ba’zan yomon qizlarni ham yetaklab kelardi. “Men sizlarning vaqtingizni sotib oldimmi?” – deya so‘rar, “Ha”, deyishgach, unda mana bu yerga o‘tirib tinglanglar, derdi. Men esa ularga islom, imon, e’tiqod haqida Alloh qodir qilganicha o‘rgatardim. U kishi uzoq-uzoqlardagi masjidlarga qatnar, sababini so‘rasam: “Shunday imomning ortida namoz o‘qiginki, quloq qoqqaningda Ka’bani qarshingda ko‘rgin”, deya javob berardi. Lekin odamlar u kishining ishlarini noto‘g‘ri tushunishardi. Bir kuni: “Qo‘shnilar siz haqingizda yomon gaplarni gapirishyapti, ishqilib janozangiz o‘rtada qolmasa edi”, dedim. Shundan keyin hech kimga og‘irligim tushmasin deb, qabrini hovlimizdan tayyorlab qo‘ygan edi. Men e’tiroz bildirdim: “Ish qabr kavlash bilan tugamaydi, axir, sizni kim yuvadi, kim kafanlaydi, kim ko‘madi?”

– Xo‘sh, eringiz nima dedi? – qiziqdi podshoh.

– U tabassum qilib: “Alloh buyukdir, xotin, – dedi, – Odamlar bo‘lmasa, podshoh bor-ku!..”

Iroda To‘raxonova tayyorladi

“Irfon” taqvimining 2010 yil, 2-sonidan olindi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.