background
logotype
image1 image2 image3

Oqil uchun vaqt – oltin

Imom Shofi’iy sahih hadislarni “Muvatto”ga jamlagan mujtahidni ziyorat qilish niyatida Makkadan Madinaga keldi. Olimning eshigini taqillatdi va kirishga izn so‘radi. Javob esa ijobiy bo‘lmadi: “Mushkulingiz bo‘lsa ayting, javobi beriladi. Bugun imomning qabul kunlari emas, vaqtlari yo‘q”.

Makka hokimidan maktub keltirilgani aytilgach, Imom Molik hazratlari tashqariga chiqib, navqiron mehmon uzatgan xatni o‘qiy boshladilar. “Bu maktubni sizga keltirgan Muhammad ibn Idris Shofi’iy yosh olimlarimizdan...” degan joyga kelgach, “Subhanalloh, Rasululloh (s.a.v.)ning bayroqlarini hilpiratgan zot biz bilan oraga vositachi qo‘yadimi?!” deya xitob qildi va yosh olimni bag‘riga bosgancha ichkariga boshladilar...

Mehmon buyuk mujtahidning vaqtini bunday ayashidan hayratda qolmadi. Chunki uning o‘zi ham safarga chiqqan onlarida sheriklaridan biroz ortda qolib, Qur’on xatmini boshlar, yo‘ldagi fursatni g‘animat bilardi.

Xonaga kirishgach, Imom Molik darhol taklif kiritdi:

– “Muvatto” kitobimni o‘qib beray, sen eshit. Vaqtimiz zoe ketmasin.

– Hazratim, siz zahmat qilmang. Men o‘qib bersam. “Muvatto”ni Makkadaligimda yodlab kelgandim...

Ha, ular oltindan qimmatroq bo‘lgan vaqtni shunday qadrlashgan. Bir-ikki soat u yoqda tursin, daqiqalarni ham bekor o‘tkazmaganlar. Shu tufayli ham ilmda beqiyos cho‘qqilarni zabt etdilar, nomlari tarixda abadiy qoldi. So‘z so‘ngida yana bir ulug‘ zot Hasan Basriyning aytganlarini keltirishni joiz topdik: “Men shunday sahobalarni ko‘rdimki, ular sizlar pulingizni bekorga sarflashni qo‘rqishingizdan ko‘ra vaqtlarini zoe ketkazishdan ko‘proq qo‘rqishardi”.

“Irfon” taqvimining 2013 yil 1-sonidan olindi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.