background
logotype
image1 image2 image3

"Oling, zar choponim..."

Ulug‘ shoir Shayx Sa’diy oddiygina hayot kechirar edi. Bir kuni Sheroz shahrining boy savdogarlaridan biri ziyofat berib, Shayx Sa’diyni ham taklif etibdi. Shayx ziyofat berilayotgan xonadonga yaqin borib, ko‘rsaki, mezbonlar ham, tashrif buyurayotgan mehmonlar ham juda bashang kiyingan. Libosi juda oddiy bo‘lgan Sa’diy bir burchakda ichkariga taklif qilishlarini kutibdi. Ammo hech kim unga ahamiyat bermabdi. Uy egasi ham tanimagandek uzoqdan nazar tashlab qo‘yibdi. Shunda Shayx Sa’diy bu yerni sekin tark qilib, kiyim ijaraga beriladigan do‘konga boribdi. U yerdan hashamdor, etaklari oltin iplar bilan to‘qilgan kiyim, bezakli salla, belbog‘ olib, kiyib ko‘ribdi. Tamoman boshqa kishiga aylanib, ziyofatga ravona bo‘libdi. Darvozaga yaqinlashganida uy egasi uzoqdan peshvoz chiqib, quchoq ochib kutib olibdi. Hayallaganidan shikoyat qilib, xushomadli so‘zlar bilan mehmonxonaning to‘riga taklif qilibdi. Shayx Sa’diy o‘tirgach, yumshoq bolish va zar ko‘rpachalarga, tilla va kumush idishlardagi shohona taomlarga birpas nazar solib turibdi. Birdan zar choponining uchini sho‘rvaga botirib, ustiga guruch, go‘sht to‘kib, kiyimlariga qarata debdi: “Oling, zar choponim, taomdan lazzatlaning, axir bu ziyofat siz uchun-ku...”

Mehmonlar bu holatdan ajablanishibdi, ba’zilar esa, shayx aqldan ozdi, deb o‘ylashibdi. Nihoyat ulardan biri: “Hazrat, nima qilyapsiz, kiyim qanday ovqat yeya oladi?..” – deb so‘rabdi. Shayx Sa’diy esa xotirjamlik bilan shunday javob beribdi:

– Axir, bu ziyofat shu qimmatbaho liboslar uchun emasmi? Oddiy kiyimda kelganimda hech kim menga e’tibor bermadi, hatto tanimaslikka olishdi. Ushbu liboslar sabab davraning to‘rida o‘tiribman. Shunday ekan, ziyofat ham ularniki bo‘ladi-da...

Dilafro‘z Salohiddin qizi,

“Irfon” taqvimining 2010 yil, 3-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.