background
logotype
image1 image2 image3

Odamga aylangan “sigir”

Bir odam aqliy zaiflik kasalligiga duchor bo‘libdi. U o‘zini sigir deb o‘ylab, sigirlarga o‘xshab titib ovqatlanar va ma’rar edi. Bemorning xolati kundan kunga borib og‘irlashibdi va qassobga borib, uni qurbon qilishlarini aytibdi.
Uni davolashda hech qanday hiyla kor qilmas ekan. Oxiri Ibn Sino holatni davolashga qaror qilib, uni bog‘lashga buyuribdi. So‘ngra uni so‘yish uchun o‘tkir pichoq keltirishlarini aytibdi. Bemor esa ishni amalga oshirish uchun taslim bo‘lib yotib olibdi.
Ibn Sino parishonxotir bo‘lib turgan odamlarning huzurida o‘tkir pichoqni qo‘liga olib, bemorga yaqinlashibdi. Shunda bemorga bir nazar tashlgandek bo‘lib, debdi:
— Bu sigirga nima bo‘lgan o‘zi? Juda zaif va nimjon ekan. Och qolganidan ovoziyam chiqmayapti, yog‘iyam yo‘q. U qurbonlikka yaramaydi, — debdi. Shunda bemor javob berib debdi:
— So‘yavering, so‘yavering. Qurbonlikka xayrlidir.
— Yeb semirmaguningcha va to taom uchun sendan biron bir xayrli narsa chiqmagunicha seni so‘ymayman.
— Keyin meni so‘yasizmi?
— Ha, so‘yaman.
— Unda men nima qilay hozir?
— Semirguningcha odamga o‘xshab ovqatlanasan. So‘ngra sigirga o‘xshab seni so‘yib tashlayman.
Shundan so‘ng bemor ovqatga rioya qila boshlabdi. Ibn Sino esa to komil shifo topib ketmagunicha, uning taomiga dorilar qo‘shib beraveribdi. Bemor sog‘ayib ketgach, Ibn Sino u bilan ko‘rishib so‘rabdi:
— Semirgan sigirning xoli ne kechdi?
Bemor javob beribdi:
— Unga aql kirdi!

Manba: Muhammad Usmon Najotiy, “Ilmun nafs val hayat”
Arab tilidan Ummu Yasmin va Mustafo tarjimasi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.