background
logotype
image1 image2 image3

O‘rinli javob

Qoraxoniylar Movarounnahr hududlarini qo‘lga kiritishgach, sulton Mahmud Faznaviy bu davlatning olimlari va hukmdorlarining e’tiqodlari, diniy bilimlari qay darajada ekanini bilmoq istadi. Shu sababli qoraxoniy hukmdor Iloqxonga maktub yozdi. Maktubda shunday satrlar bor edi: “Biz Movarounnahr imomlaridan, Sharq ulamolaridan va hurmatli hukumat yetakchilaridan quyidagi tushunchalarga izoh berishlarini istaymiz: nubuvvat, valoyat, din, islom, imon, ehson, taqvo, amri ma’ruf, nahyi munkar, sirot, mezon, rahmat, shafqat, adolat va fazilat nima?”

Hoqon bu maktubni o‘qigach, Movarounnahrning har tomonidan faqihlarni saroyga chorladi va bu tushunchalar xususida bahs-munozara uyushtirdi hamda ulardan ba’zilariga yuqoridagilarga izoh beruvchi bir risola tuzishni topshirdi. Ulamolar buning uchun to‘rt oy muddat so‘radilar. Shu payt yuksak ilmiy salohiyati va mohir xatibligi bilan mashhur bo‘lgan Muhammad ibn Abduhu ismli hoqonning kotibi shunday dedi: “Men bu savollarga ikki satr jumla bilan javob yozdim”. Barcha yig‘ilganlar qiziqish bilan uning javobini eshitishga oshiqdilar. Kotib yozganlarini o‘qib berdi: “Rasululloh (s.a.v.) shunday marhamat qilganlar: “Allohning buyruqlariga ta’zim, yaratgan maxluqlariga shafqat”. Faqihlar bu javobdan hayratga tushib: “Bu keng qamrovli, o‘rinli va mukammal javob bo‘libdi!” – deb yubordilar.

Javob maktubi Faznaga yetib kelgach, sulton va atrofidagilar ham javobning lo‘nda, aniqligidan qanoat hosil qildilar.

No‘mon Atabayev

“Irfon” taqvimining 2010 yil, 3-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.