background
logotype
image1 image2 image3

Nima uchun ilm o‘rganyapmiz?

Nizomulmulk «Nizomiya» madrasasini o‘z hisobidan qurdirib, bolalarni o‘qitar ekan. Bir kuni u sarflayotgan mablag‘lari xayr keltiryaptimi-yo‘qmi, bolalar nima uchun ilm o‘rganayotganini bilish uchun madrasaga kelib, tolibi ilmlarni so‘roqqa tutibdi. Vazirni yuzidan tanimagan bolalar rostini aytishibdi.

— Mening otam muftiy, bir kun otam o‘lsa, o‘rniga men muftiy bo‘laman, — debdi bir bola.

— Men mahkamada ishlaydigan qozining o‘g‘liman. Ilm o‘qiyversam, bir kuni men ham otamning o‘rniga qozi bo‘laman, — debdi ikkinchi bola.

Ularning javobidan xafsalasi pir bo‘lgan Nizomulmulk mening xizmatlarim zoe ketyapti ekan, madrasani yopaman degan niyatda xonaqohdan chiqayotib, kitob o‘qib turgan kichkina bolani uchratibdi. Undan ham nimaga ilm o‘rganayotganini so‘rabdi.

— Aqliy va naqliy dalillar bilan menga ma’lum bo‘ldiki, bu dunyoning Egasi bor ekan. U zotning bandalari ustiga to‘xtovsiz rahmatlari yog‘ilarkan. Uning ne’matlari hech qachon uzilmas ekan. Shuncha ne’matlari shukriga biz ham U zotni rozi qilishimiz kerak ekan. Dunyolar sohibi bo‘lgan Zotni qanday rozi qilsa bo‘lar ekan, deb ilm o‘rganyapman, — debdi haligi bola.

Shunda Nizomulmulk xursand bo‘lib, birgina bolaning niyati sofligi menga kifoya qiladi, madrasani aslo yopmayman, degan ekan.

O‘sha aqlli javob egasi Imom G‘azzoliy edilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.