background
logotype
image1 image2 image3

Nechta do‘stim bo‘lishi kerak?

Bir kishi mashhur donishmandning huzuriga kelib, undan so‘rabdi:

– Ustoz, sizdan bir narsani bilib olmoqchi edim. Odamning nechta do‘sti bo‘lishi kerak? “Yuz tillang bo‘lmasin, yuzta do‘sting bo‘lsin” degan maqolni eshitib qoldim. Lekin agar ataylab do‘st qidiradigan bo‘lsam, ishlarim o‘ngidan kelishiga ishonmayman. Axir qarshingdagi odam aslida qanaqaligini bilib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, u chinakam do‘st bo‘lishga loyiqmi-yo‘qmi – buni ham oldindan aytish qiyin. Uning ustiga, o‘zimning ham boshqalarga qay darajada do‘st bo‘la olishim aniq emas...

– Savolingga javob beraman, to‘g‘rirog‘i, javobni o‘zing topasan, – debdi donishmand. – Huv anavi olma daraxtini ko‘ryapsanmi? U dunyodagi eng baland olma og‘ochlaridan biri. Borib o‘sha daraxtning eng uchidagi mevalardan menga terib kel.

Odam o‘sha tarafga qarab, daraxtning yuksak shoxlarida tovlanib turgan olmalarni ko‘ribdi va:

– Lekin, taqsir, daraxt haqiqatan ham juda baland ekan. Mevalarni qanday qilib uza olaman? – debdi.

– Birorta do‘stingni chaqir, birgalashib olarsizlar, – deb yo‘l-yo‘riq ko‘rsatibdi donishmand.

Haligi kishi bir do‘stini topib kelibdi. O‘rtog‘i uning yelkasiga chiqibdi, lekin mevalarga qo‘li yetmabdi. Orada hali anchagina masofa bor ekan.

– Yo‘q, bunaqada hech narsaga erishib bo‘lmaydi, – debdi asabiylashib do‘st izlovchi.

– Nima balo, boshqa umuman do‘sting yo‘qmi? – debdi kulib donishmand.

Boyaqish boshqa do‘stlarini ham chaqirib, ancha-muncha odam yig‘ibdi. Ular bir-birlarining yelkalariga mingancha, terlab-pishib yuqoriga intilishibdi... Biroq bu jonli havoza olmagacha yetib bormabdi, holdan toygan odamlarning oyoqlari ham toyibdi, hamma yerga gursillab tushibdi.

Bu ishlarni kuzatib turgan donishmand haligi kishini yoniga chaqiribdi va so‘rabdi:

– Odamga nechta haqiqiy do‘st kerakligini tushungandirsan?

– Ha, taqsir, tushundim, – debdi u lat yegan yelkasini uqalagancha. – Juda ko‘p do‘st kerak ekan. Ko‘pdan quyon qochib qutulmaydi. Har qanday muammoni ko‘plashib hal qilish mumkin.

Donishmand afsus bilan bosh chayqabdi:

– To‘g‘ri, do‘stlarning ko‘p bo‘lgani yaxshi. Lekin miyasiga nar­von olib kelish fikri keladigan bittagina farosatli do‘sting bo‘lsa, undan-da yaxshi.

Orif Tolib tayyorladi.

“Irfon” taqvimining 2014 yil 1-sonidan olindi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.