background
logotype
image1 image2 image3

«Nafsimizga yedirganimizda baliq chiqmas edi!»

Bag‘dod faqihlaridan biri Ahmad ibn Miskin shunday hikoya qiladi:
Hijriy 219-yilda qattiq qashshoq bo‘lib qoldim, qo‘limdan pul ketib, manzilim qup-quruq bo‘lib qoldi. Bag‘dodning Basra darvozasi mahallasidagi hovlim shahar ichida go‘yo hech vaqosi yo‘q sahroning bir bo‘lagi kesib keltirib qo‘ygandek shaharga yetti yot alfozda bo‘lib qolgan edi.
Yangi bir jazirama kun boshlandi, quyosh bulutlar ortidagi olis osmondan emas, qumlar orasidan chiqib kelgandek atrofga olov purkar edi. Ko‘m-ko‘k daraxt ichida osilib qovjirab yotgan bir yaproqdek bo‘lib turgan uyim ustidan ham o‘tdi. Inson zoti halqumidan o‘tgulik biror narsa uyda qolmagan, uyning devoru toshlari, taxtayu ustunlarigina shumshayib turar edi. Uyimda ayolim bilan yosh farzandim o‘tirar, ochlik barchamizning sillamizni tamoman quritgan edi. Bola va onasiga qarab ochlik ustiga alamu og‘riq yurak-bag‘rimni ezar, ular holiga chiday olmasdim.
O‘zimga o‘zim: toshu taxtalarni yeyish imkoni yo‘q ekan, sotib pulini yeylik, dedimda hovlini sotib, boshqa chog‘roq yerga o‘tish haqida o‘yladim. Lekin otamdan qolgan uydan chiqish go‘yo men uchun o‘lim, terimni shilib, teridan tanani ajratishdek ish edi. O‘sha kechasi ochligu alam zo‘ridan xuddi cho‘g‘ ustiga ag‘anaganday, a’zoi badani momataloq bo‘lib ketgan odamday uxlayolmay, u yoqdan bu yoqqa ag‘darilib chiqdim.
G‘ira-shirada bomdodga chiqdim. Masjid yerda bo‘lsa-da, go‘yo osmonning bir bo‘lagidek ko‘rinar edi. Shunda o‘zimni yerdan bir zumga bo‘lsa-da uzilgandek his etdim. Namoz tugagach, odamlar Alloh taologa duoyu iltijo qila boshlashdi. Ular orasida o‘tirar ekanman, tilimdan shu so‘zlar chiqayotganini sezdim: "Ey Allohim! Dinu diyonatda qashshoq bo‘lib qolishdan O‘zingdan panoh tilayman... Toatingga yo‘g‘rilgan, o‘zimni isloh etuvchi atoyingni darig‘ tutmagin... Qazoyingga rozilik barakasini ber, toatu rizolik uzra barqaror qil. Ey eng rahmli Zot...".
Keyin bu ayanchli ahvolim haqida o‘ylab masjidda uzoq o‘tirib qolibman... Bir vaqt qarasam, choshgoh vaqti bo‘lib, quyosh ham oqarib, dunyoni yoritib yuborgan ekan. Hovlini sotishim kerakligini xotirlab tashqari chiqdim, qaerga borishimni, kimga aytishni bilmas edim.
Uzoq yurmay baliqchi Abu Nasr Sayyodga ro‘para keldim. Uni tanir edim.
–  Abu Nasr, – dedim. – Uyni sotmoqchi edim, ahvolim tang, yo‘qchilik... Hovli sotilguncha bugunga biror qarz berib tursangiz..
- Uh, taqsir, – dedi u. – Mana shu tugunchani olib turing, men ortingizdan uyingizga o‘taman unda.
Tugunchada ikki kulcha bo‘lib, orasiga holva solingan edi. Tugunchaga hayron qarab turganimni ko‘rib:
–  Haa, bu shayxning barakasi, – dedi u.
–  Qaysi shayx, qanday baraka? – dedim.
–  Kecha shu masjid eshigiga baqamti turar edim, odamlar juma namozini o‘qib tarqagan. Abu Nasr Bishr Hofiy o‘tib qoldilar. "Bu vaqtda nima qilib turibsiz?" dedilar. Men "Uyda na non, na pul bor, sotadigan narsam ham yo‘q" dedim. "Allohul mustaon. To‘ringizni olib daryoga yuringchi.." dedilar. Birga ketdik. Daryoga yetganimizda "Tahorat olib, ikki rakaat namoz o‘qing" dedilar. O‘qidim. "Bismilloh deb to‘rni oting" dedilar. Aytganlaridek to‘rni otdim. To‘rga bir og‘ir narsa ilindi. Shoshib torta boshladim, kuchim yetmay, shayxni yordamga chaqirdim, birgalashib tortib oldik. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, to‘r ichida semizligu kattalikda ilgari menga uchramagan bir baliq yotardi. "Endi borib soting, puliga o‘zingiz, oilangiz ahvolini yaxshilang", dedilar. Baliqni sotib, puliga uyga ancha narsa xarid qildim, yana pul oshib qoldi. Uyga kelib oila ichida ovqatlanib shayxni esladim. "U kishiga bir hadya olib boray" dedim. Shu qo‘lingizdagi tugunchani olib, ichiga ikki kulcha solib, orasiga holva qo‘yib, borib eshiklarini taqillatdim. "Kim?" dedilar. "Abu Nasr" dedim. "Qo‘lingizdagini dahlizga qo‘yib o‘zingiz kiring" dedilar. Kirib, u kishiga baliqni sotganimni, puliga ancha narsa olganimni, yana pul ortib qolganini aytdim. "Uyga kelib, ovqat qilib hammamiz ovqatlandik, shunda sizga ham ilinib, hadya olib kelgan joyim edi" dedim. "Ey Abu Nasr! Agar o‘zimiz (nafsimiz)ga yedirganimizda baliq chiqmagan bo‘lardi. Boring, o‘zingiz va oilangiz bilan yeng" dedilar, deb hikoyasini tugatdi Abu Nasr.
Men shunday qattiq och qolgan edimki, bittagina kulchaning o‘zi men uchun osmondan tushgan to‘kin dasturxon bilan teng edi, lekin shayxning baliq haqidagi oxirgi gaplari menga shunday oziq bo‘ldiki, go‘yo dunyodan emas, jannat mevalari ila to‘ygandek his etdim o‘zimni. O‘zimcha ichimda qaytarib, bu havoyi nafslar, hayvoniy shahvatu ishtahalar odamlarni nechog‘li yorib yuborishini taammul qila boshladim. Aniq bilib yetdimki, biz baloni o‘zimizga o‘zimiz chaqirar ekanmiz: o‘zimizcha molu dunyoni sharhu bayon qilib, o‘z havoyi nafslarimizga mos tafsir qilar ekanmiz-da, o‘sha lafzlardan bir bo‘lagi nafsimiz to‘riga joylashib olgach, inson qa’rida yotib olib o‘zining ma’nodoshlarini, turli ma’siyatu gunohlarni o‘ziga chorlay boshlar ekan... Bu chirkin ma’nolar atrofida esa ma’no shaytonlari go‘yo go‘ng atrofidagi pashshalardek aylanar, tana sohibi bo‘lgan biz esa shaytonlar amriga bo‘ysunishga, ular bilan, ular uchun xizmat qilishga tayyorlanib boraverar ekanmiz... Musibat ketidan musibat kelib, axiyri bandasini yiqar ekan...
Bul pashshayu hasharotlardek bo‘lgan shaytonlar o‘sha aylanadigan yerni, aylanadigan qo‘lansa narsani topmaganida, kelib ham, to‘planib ham o‘tirmagan bo‘lardi. Bu narsalar biri ketidan boshqasi ketib to‘planmay, vaqtida yuvib turilganida, dunyoning chirkin yaralgan ekanini ko‘rsatib, uni bezab ko‘rsatuvchi so‘zlarni, ma’nolarni vaqtida haydab turganimizda xayolimizda, tasavvurimizda dunyoni hozirgidek ko‘rmagan, balki unga boshqacharoq qaragan, binobarin, amallarimiz-da boshqacha yaxshiroq va pokizaroq bo‘lgan bo‘lar edi...
Shayxning bisotida "dunyodan lazzat olish" degan ibora yo‘q edi, kelib boshlashi bilan quvar, natijada, uning ma’nodoshlari ham u kishiga yo‘l topa olmas edi, shuning uchun nafslari mahzi yaxshilikka, faqat yaxshilik ma’nodoshlariga o‘rganib olgan edi...
Ikki kulchani olib ketar ekanman, ichimda dunyoni la’natlar edim. Lekin shu bilan birga bu ikki kulcha meni shayxga bog‘lab turar, ularni qo‘limda go‘yo najot timsolidek ko‘rar edim.
"Barakali bo‘lsin". Shu so‘zimni ovoz chiqarib aytdimda, uy tomon yo‘limda davom etdim. O‘tib borar ekanman, yo‘l chetida bir ayol o‘tirar, yonida yosh go‘dak bor edi. Qo‘limdagi tugunchani ko‘rib, "Ey sayyidim, mana bu go‘dak yetim bola, ochlikdan holi qurigan, chiday olmayapti.. Biror yegulik tashlab keting.. Alloh sizga rahm qilsin" dedi. Shunda bola ham menga shunday nigoh tashladiki, bu qarashni unutolmayman. Unda dunyoni tashlab, ibodatga mashg‘ul bo‘lgan ming zohidning xushu’ini, siniqligini ko‘rdim.. Yo‘q, ming zohid ham odamlarga rahm qilishlarini so‘rab qarab turgan och yetimning bittagina qarashini qilib berisholmasa kerak.. Qattiq nochorlik go‘dak yuzini shu darajada muqaddas etgan ediki, undan bolalarcha ma’sumlik, odamlarga umuman yomonlik sog‘inmaslik yog‘ilib turar, hatto "Rabbim! Ana shu mehribon bandang menga yordam beradi" deb gapirib turgandek edi! Odamlar bu holdan bexabar, u yoqdan bu yoqqa o‘tib turishar, Jannat o‘zini shu ma’sum nigohi ila ko‘z-ko‘z qilib tursa-da, kishilar beparvo o‘tayotgan edilar.
Kechadan beri tuz totmay o‘tirgan ayolim va o‘g‘lim ko‘zim oldidan o‘tdi. Lekin qalbimda ularning biri ayolim, biri o‘g‘lim ekanini unutgandek qo‘limdagini ayolga berdim va "Mang, o‘g‘lingizga yediring" dedim. "Vallohi, bir tiyin pulim yo‘q, uyimda bolalarim och o‘tirishibdi, bo‘lmasa sizlarning ahvolingizni yaxshilagan, bir uy olib berib joylab ham qo‘ygan bo‘lar edim" deb qo‘shib qo‘ydim. Bola taomni ko‘rib yuzi yonib xursand bo‘ldi, ayolning ko‘zi yoshga to‘ldi.. Lekin men hozir bunday holga qaraydigan vaqtda emas edim.. Yana ayolim va o‘g‘limni o‘yladim, menku bir-ikki kun och yurarman, mana hazrat Abu Bakr, hazrat Umarlar necha kunlab och yurishar edi. Lekin ayolim va bolamni nima qilsam ekan...
Boshimni xam qilgancha, yuragim siqilib yurib ketdim.. O‘sha onda shayxning "Nafsimizga yedirganimizda baliq chiqmagan bo‘lardi" degan so‘zlari xayoldan ko‘tarilgan ekan, tag‘in eslab, yana o‘zimni ovuta boshladim. O‘zimga o‘zim "Uyingga kelib ularni to‘ydirganingda bu fazilatdan quruq qolar eding, bunday fazilatni olish uchun shunday amal ham kerak-da, buni esa sening holingdagi odam qilishi kerak, shundagina fazilat fazilat bo‘ladi"..
Kun tikkaga kelay deb qolgan edi. Holdan toyib, bir chetga o‘tib o‘tirdim, o‘sha yerdagi devorga suyandim, uyni qanday sotishni, kimga sotishni o‘ylay boshladim. Shu holda o‘tirar ekanman, Abu Nasr o‘zida yo‘q xursand holda o‘tib qoldi.
–  Ie, Abu Muhammad, bu yerda nima qilib o‘tiribsiz, uyingiz molu boylikka to‘ldiku, – dedi u yonib.
–  Subhanalloh! Qaerdan baliq chiqaqoldi? –  dedim.
–  Qo‘limga u-bu olib uyingiz tomon ketarkanman, –  dedi u, – sizning otangizni yoki uning yaqinlaridan birini izlab yurgan odamni ko‘rib qoldim. U o‘zi bilan ancha yuk olib kelibdi. Men unga "mana men boshlab boraman" deb, uni olib yo‘lga tushdim va yo‘lda uning kimligiyu otangiz bilan aloqasini so‘radim. U bir tijoratchi ekan, bundan o‘ttiz yil ilgari otangiz unikiga mol omonatga qo‘ygan ekan. U o‘sha vaqtlarda tijorati sinib, moli kasodga uchrab, Basrani tashlab Xuroson ketibdi. O‘sha yerda necha yil ishlagach, ishi yurib, ancha pul ishlab, boy bo‘lib ketibdi. Oxiri Basraga qaytib, bo‘ynidagi qarzu omonatlarni uzib yurgan ekan. Otangizning omonatiyu boshqa sovg‘a salomlar bilan kepti.
Uyga shoshib bordim. Qarasam, uy to‘la mol. "Haq gapni aytganlar, o‘zimizga yedirganimizda baliq chiqmagan bo‘lardi" deb yubordim. Bu odam Abu Nasrga shu kun, shu soatda uchrab qolmaganida meni umuman topolmagan, qaytib ketgan bo‘lardi, chunki otam tiriklik vaqtida hamma ham tanimaydigan bir odmigina odam edilar, o‘lganidan yigirma yil o‘tib esa uni kim ham tanir edi..
O‘sha kundanoq qasam ichdim: Alloh taologa bu ne’matlar shukronasiga barcha sadaqayu ehson bilan yaqinlik qilaman. Birinchi qiladigan ishim o‘sha muhtoj ayol va uning yetim o‘g‘lini topib, ularni kiyintirib, yedirib, bir joyga joylab, oylik tayinlab qo‘yish bo‘ldi.
Keyin molni aylantirib, orada ehsonu sadaqalar bilan tijorat qila boshladim, mollarim ko‘paygandan ko‘payib, katta boyga aylandim.
Har kuni ko‘plab ehsonu hadyalar, sadaqalar qiladigan bo‘ldim.
Bu kelgan molu dunyodan biroz g‘ururlanib, qilayotgan sadaqayu ehsonlarim bilan farishtalar kitobini to‘ldirayotganimdan ancha xursand edim. Alloh taoloning solih bandalaridan bo‘lishimni umid qildim...
Kunlardan bir kun g‘aroyib bir tush ko‘rdim. Tushimda Qiyomat qo‘pgan ekan. Xalqlarning soni, odamlarning adog‘i yo‘q. Birov birovga qaramaydi, birov birovni tanimaydi. Hamma o‘zi bilan mashg‘ul, dunyoda qilib o‘tgan amallarini cho‘tlab kapalagi uchgan.
Bir hayqiriq kelib, jar solgan ovoz eshitildi: Ey odamlar jamoasi! Bugun bahoyimlar odam bo‘lib yaratilmaganiga shukr qilmoqda!
Qarasam, odamlarning kelbati bahaybat bo‘lib ketgan, gunohlar ko‘zga ko‘rinarli zalvorli jism shakliga keltirilib, odamlar ularni yelkalariga orqalab olibdi. Ba’zi bir fosiqlar yelkalarida butun boshli shaharchalik sharmandaliklarni orqalab ketmoqdalar.
Amallar taroziga qo‘yilib, amallarimni o‘lchash uchun meni keltirdilar. Gunohlarim bir pallaga, yaxshi, ezguliklarim yana bir pallaga qo‘yila boshlandi. Ezguliklarim yozilgan behisob daftarlar gunohlarim oldida hech narsa bo‘lmay, gunoh tomon go‘yo ulkan qog‘ozga o‘rab qo‘yilgan tog‘dek bo‘lib shuvv etib bosib ketdi.
Yaxshilik tomonga ezgulik ketidan ezgulik qo‘yilar, lekin ular hech tarozi bosmasdi, "bunisi riyo bilan qilingan", "bunisi g‘urur bilan", "odamlar maqtasin deb",  va hokazo. Biror yaxshiligim pokiza, nafs istagi aralashmasdan chiqmasdi.
Tamom bo‘ldim. Zotan, tarozi nima desa, shu edi, tarozi esa, mening hech kim ekanimdan darak berib turar edi.
Shu payt bir ovoz keldi: Biror narsasi qolmadimi?
"Manavi qoldi" deyildi.
Qarasam, ayol va o‘g‘liga qilingan o‘sha ikki kulcha ekan... Ko‘nglim cho‘kdi, tamom bo‘ldim, deb o‘yladim. Minglab qilingan sadaqalar hech narsa bo‘lmadiyu, bu nima bo‘pti...
Taroziga qo‘yilayotganda "Savobining yarmini Abu Nasr Sayyodga yozinglar" degan ovozni eshitdim. Tamoman bo‘shashib, shalvirab qoldim. Lekin qarasam, yaxshiliklar tomon anchagina tarozi bosib qopti, lekin baribir yomonlik tomon og‘irroq edi haliyam.
"Mana bu qopti" deyildi. Qarasam, ayolim va bolamning o‘sha kungi ochligi ekan, bu qo‘yilishi bilan tarozi pallasi qimirlab, pallalari bir-biriga teng bo‘lib keldi. Endi halokat va najot orasida edim, tarozi bosa boshlaganini ko‘rib, ichimda umid chirog‘i yorisha boshladi.
"Bo‘ldimi?" degan ovoz keldi. "Mana bu qoldi"..
Qarasam, o‘sha bechora ayolning o‘sha kungi yig‘isi ekan, ko‘z-yoshlari ekan. Taroziga qo‘yilishi bilan shunday qalqdiki, go‘yo dengiz mavji deb o‘yladim. Mavj kattalasha borib, ichidan bir ulkan baliq chiqib kela boshladi. U baliq kattalashaverdi, kattaraverdi, oxiri yaxshilik tomon tarozi pallasi og‘ir bo‘lib pastga og‘ib ketdi..
"Qutildi!" degan ovoz yangradi...
O‘sha vaqtda jon holatda baqirib yubordim.. Uyg‘onib ketdim, qarasam o‘ngimda ham ko‘z-yoshim duv oqqanicha "Nafsimizga yedirganimizda baliq chiqmas edi!" deb baqirayotgan ekanman!

Arabchadan Sayfulloh Nosir tarjimasi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.