background
logotype
image1 image2 image3

Musulmonning vafodor ayoli

Ashraf Ali Tahonaviy aytadilar:
“Musulmonning xotinidek ayolni dunyoda topolmaysiz. Uning kabi vafodorni olamda yo‘q. Buning isboti shuki, u er­ning xizmati bilan birga uning­ ota-onasi, aka-ukasining ham xizmatini qilib, duosini olaveradi. Vaholanki erning ota-onasiga xizmat qilish unga vojib emas. Uzoq qarindoshingiz kelsa ham uni ham ochiq chehra bilan kutib olaveradi. Siz yillab musofirlikda yursangiz ham sizni kutib yuraveradi. Vaholanki, ayolning ruxsatisiz 4 oydan oshiq muddatga musofir bo‘lish mumkin emas. Kechasi soat 2 da kelsangiz ham, eshikni ochib, sizga ovqat ham qilib beraveradi…
Shuncha xizmatlariga yarasha bu ayollarning tillari shirin bo‘lganida edi… Jiddiysini qo‘ying, og‘zilaridan chiqqan hazil duo ham qabul bo‘lib ketardi. Adashib duo qilsalar ham Alloh qabul qilaverardi…”
“16-17 ga kirgan yoshgina qiz “O‘zingizni bag‘ishladingizmi?” degan birgina so‘zga vafodorlik qilib, o‘z xonadoni, ota-onasi, yaqinlarini tashlab, seniki bo‘lib o‘tiribdi. Lekin sen badbaxt “La ilaha illalloh” deding-u, Xudoniki bo‘lmading…”

BADXULQ AYOL – MENING MARTABAM

Buyuk tasavvuf shayxlaridan Mirzo Mazhari Joni-Jononning ayoli juda badjahl, yomon xotin bo‘lgan ekan. Shunday bo‘lsa-da, shayx har kuni bomdoddan keyin, shogirdlaridan birini ayoli oldiga jo‘natib, hol-ahvolini  so‘rattirar ekan. Ahvol so‘ragani borgan shogirdlarini ayol so‘kib, “dunyoda mening erimdan boshqasi qurib qolibdimi, shungayam shogird bo‘lasanlarmi?”, deb vaysib berarkan. Uning bunday muomalasini shayxga aytishga ular istihola qilisharkan.
Bir kuni shayx ayolining oldiga bir badaviysifat shogirdini jo‘natibdi. U esa ayolning bunday muomalasini ko‘rib, yugurgancha, shayxning oldiga kirib, shunday debdi:
— Ustoz, bunday ayol bilan qanday yashaysiz, meniyam, sizniyam boplab so‘kib berdi. Taloq qilib yubormaysizmi uni?
— Meni kim deb bilasan?
— Siz ustozsiz, buyuk ilm sohibisiz.
— Mening erishgan barcha ilmim, martabam, shu xotinimdan. Uning bu azoblariga sabr qilganimdandir. Agar men bir kun uning holini so‘ramasam, martabamdan tushib qolaman. Endi qanday qilib, meni shu darajaga olib chiqqan xotinimni taloq qilay…

TANGANING IKKINCHI TOMONI

Abu Hurayra r.a. aytgan ekanlar:
“Sen xotining xunuk bo‘lgani uchun kuyinma, bir kun senga go‘zal farzandni tug‘ib beradi – xursand bo‘lasan”.

* * *

Inglizlarning bir maqoli bor:
“Buzuq soat ham kuniga 2 marta to‘g‘ri gapiradi.”

Yorqinjon qori ma’ruzalari asosida tayyorlandi.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.