background
logotype
image1 image2 image3

Mazlumning haqi

Shayx Ibrohim Haqqiy yoshligida avliyoullohlardan bo‘lgan Ismoil Faqirulloh hazratlarining qo‘llarida tahsil va tarbiya ko‘rgan edi. Bir kuni ustozi uni chaqirtirdi. Ibrohim yugurib keldi:
– Labbay, ustoz?
– Shu ko‘zada buloqdan suv olib kelgin. Ibrohim ko‘zani olib buloqqa bordi. Ko‘zani to‘ldirayotganida bir otliq keldi va:
– Qani, nari tur, – deb Ibrohimni itarib yubordi. Ibrohimning ko‘zasi yerga tushib, sindi. U yig‘lab ustozining huzuriga keldi. 
– Nima bo‘ldi, o'g'lim? — deb so‘radi ustozi.
– Buloqdan suv olayotuvdim, bir otliq kelib, itarib yuborganida, ko‘za qo‘limdan tushib, sindi.
– Ko‘zani sindirgan odamga biron nima dedingmi?
– Yo‘q, hech nima demadim.
– Bir og'iz ham gapirmadingmi?
– Yo‘q.
– Tezda u yerga borib, otliqqa biror narsa degin. Yana tezda ortga qayt.
Ismoil Faqirullohning bunday buyruq berishlaridan hamma hayron qoldi. Ibrohim yugurib buloq boshiga keldi. Haligi kishi otini yuvar edi. Ibrohim anchagacha talmovsirandi, lekin hech narsa deyolmay, qaytib keldi.
Ustozi:
– Gapirdingmi? – deb so‘radi.
– Yo‘q.
– Vaqt o‘tkazmay yugur. Unga biror yomon gap aytib kel!
Ibrohim yana yugurib buloq boshiga keldi. Qarasa, uni itargan otliq yerda yotibdi. Unga yaqin keldi. Otliq boshi yorilgan holda behush yotardi.
Bu holatdan yuragi yorilayozgan Ibrohim ustozining yoniga keldi. Ustozi yana so‘radi:
– Biror narsa dedingmi, Ibrohim? 
– Yo‘q, ustoz. Bu safar borganimda uning boshi yorilgan, qonga belanib yotgan ekan. Peshonasida ot tuyog'ining izi ko‘rindi. 
Ismoil hazratlari:
– Ey o'g'lim, birgina ko‘za uchun bir odamni o‘ldirtirding! Bu endi qandoq bo‘ldi?! Unga bir og'iz so‘z, bir og'iz yomon so‘z aytganingda, bu hodisa ro‘y bermasmidi... – dedilar.
Ismoil Faqirulloh hazratlarining atrofidagilar:
– Ustoz, aytgan gapingizga uncha yaxshi tushunmadik, — deyishdi.
Ha, – dedi Ismoil Faqirulloh hazratlari, – bir zolim biror kishini xafa qilsa, yig‘latsa-yu, mazlum u zolimga qarshi hech narsa qilolmasa, mazlumning ko‘ngli ozor topgani uchun Haq taolo zolimdan uning haqini oladi. Ibrohim ham ko‘zasi singach,  u otliqqa hech bo‘lmasa:
– Nima qilib qo‘yding? – deganida otining tepkisidan omon qolarmidi...
Yaxshi bir dalil 
Kunlardan bir kun Xalifa Ma’mun vaziri Hasan Soldan so‘radi:
– Bizdan oldin o‘tganlarning so‘zlari bizga hujjat – yo‘llanma bo‘lyapti. Biz unga ko‘ra amal qilyapmiz. Buning siri nimada ekan?
Vazir shunday deb javob berdi:
– Agar ular chiroyli so‘z va ishonarli dalil bo‘lmaganida, bizgacha yetib kelmasdi. Yaxshi bo‘lgani uchun ham bizdan oldingilar ko‘rib, ishonib qabul qilishgan... Bu shuni ko‘rsatyaptiki, ajdodlarimiz yaxshi, rost va mustahkam so‘zlashar ekan. Xalifa Ma’munning bu javobdan ko‘ngli to‘ldi va shunday dedi: 
Yaxshi so‘z aytilgan joyida qolmas, asrlardan oshar, hech qachon tolmas.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.