background
logotype
image1 image2 image3

Ko‘ylagi yamoq bola

Hazrat Umar ibn Xattobning (roziyallohu anhu) yosh o‘g‘illari ko‘chada bolalar bilan o‘ynar edi. Bolaning ko‘ylagiga bir necha yamoq solingan bo‘lib, teng­qurlari uning ustidan kulishdi. "Otang amirul mo‘minin bo‘lsa-yu, sen shunday yirtiq-yamoq kiyimda yursang", deb kamsitishdi. Hazrat Umar (roziyallohu anhu) o‘g‘illari bundan juda xafa bo‘ldi. Otasining huzuriga borib:

– Bolalar kiyimimdagi yamoqlarni ko‘rib, ustimdan kulishyapti, – deb bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi.

Shunda Hazrat Umar (roziyallohu anhu) o‘g‘liga:

– Xazinachiga borib, xazinadan bir kiyimlik mato berar ekansiz, otam maoshlaridan olib o‘rniga qo‘yar ekanlar, degin, – deb tayinladilar.

O‘g‘il xazinachining oldiga borib amirul mo‘mininning so‘zlarini aytdi. Xazinachi unga:

– Agar otangiz maosh olgunlaricha yashab turishlariga kafolat bersalar, siz aytgan matoni beraman, – dedi.

O‘g‘il xazinachining hech narsa bermacligini tushundi. Otalari Hazrat Umar (roziyallohu anhu) huzurlariga borib, xazinachi nima deb javob berganini aytdi. Shunda Umari Odil:

– Agar xazinachi sen aytgan matoni berib yuborganida edi, men uni shu ondayoq ishdan bo‘shatgan bo‘lar edim, – dedilar, so‘ngra o‘g‘illariga taskin berdilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.