background
logotype
image1 image2 image3

Kartoshka bahona...

1985 yili rahmatlik otam birdaniga shoshilinch ravishda nafaqaga chiqdilar. U kishi ishxonalarida zarur xodim bo‘lganliklari uchun ko‘pchilik hayron bo‘ldi. Otamiz o‘zimizda va bir qancha xorij mamlakatlarida o‘z kasblari orqali mashhur edilar va erishgan hurmatlari ham shuning orqasidan edi.

Uydagilar ham bir oz hayron bo‘lganimizga javoban u kishi: “birinchidan, nafaqa yoshidan oshdim, ikkinchidan, qachongacha har kuni ishga kech qoldimmi-yo‘qmi deb yuraman, endi dam olishga haqliman” dedilar. Meni bu javob qoniqtirmadi va o‘zimcha ishxonalarida ko‘ngillarini qoldiradigan biron sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak, degan gumonga bordim.

Bir kuni menga daladagi amakilarini birga borib ko‘rib kelishimizni aytdilar. Men erta bilan otamlarni olib amakilarinikiga, Ko‘kterak yaqinidagi uylariga olib bordim. Otamizning amakilari ayollari bilan yolg‘iz yashashar edi. Ularning farzandlari bo‘lmagani uchun ulardan biz va o‘sha qishloqda yashaydigan qarindoshlar xabar olib turishar edi. Chol-kampirning yoshlari 85 dan o‘tgan, bizning uyimizda turishga hech rozilik berishmas edi. Olib kelganimizda ham zo‘rg‘a bir kecha turishar, go‘yo hovlimiz devori nafaslarini bo‘g‘ardi. O‘zlarining uylari esa dalaning qoq o‘rtasida bo‘lib, umuman devori bulmagan va qo‘ni-qo‘shnilar uylari ham uzoq edi. Amakimnikiga borganimizda amaki kursi atrofida o‘tirar, buvi kasal ahvolda yotgan ekanlar.

O‘sha kuni kechgacha dalada buldik. Amaki bilan hazil-mutoyiba qilib, ko‘ngillarini oldik. Ertasiga otam meni chaqirib: “Hozir ancha erkinman. Kecha ko‘rding, amakinikida qancha yer bo‘sh yotibdi. Shu dalaga borib, o‘sha yerda dehqonchilik qilmoqchiman. Men uchun u yer juda aziz, o‘sha yerda tug‘ilganman, otam vafotlarigacha o‘sha yerda turganman. Doim o‘sha yerda turib, dehqonchilik qilishni ko‘nglim qo‘msar edi, lekin mana endi qariganimda imkonim bor” dedilar. Men ishonqiramadim, sababi ular dehqonchilikni bilmas edilar. Mashhur inson hamma narsani yig‘ishtirib dehqonchilik qilishlari biz uchun ham g‘alati hol edi. Men e’tiroz bildirib, bunga hech qanday muhtojlik yo‘q-ku desam ham ular o‘z fikrlarida qat’iy buldilar va menga kartoshga urug‘i topib kelishni buyurdilar. Men aytganlaridek, urug‘lik olib keldim-da ertasiga otamlarni olib, qishloqqa olib bordim. Urug‘likni bir joyga tushirdim va olib borgan boshqa oziq-ovqatlarni hovliga olib kirib qo‘ydim.

Otam menga: “Sen endi ketaver, biror xaftadan keyin xabar olarsan” dedilar. Men ikki kun o‘tgandan keyin kechqurun qishloqqa bordim. Otam hovlidagi supada amakilari bilan chaqchaqlashib o‘tirishgan ekan. Men chetda turgan urug‘lik solingan qoplarga qarab, “Kartoshkani hali ekmabsiz-ku” dedim. Otam kuldilar-da: “Shuning uchun bir haftadan keyin kelgin degandim-da” dedilar. Men ularga biron dehqondan yordamchi gaplashib beray desam, rad etdilar.

Uch kundan keyin yana bordim va kiraverishda qo‘shnilaridan biri chiqib kelayotganini ko‘rib, borib salomlashdim. Qo‘shni ochiq chehrali kishi ekan, men bilan bir oz so‘rashib: “Biz juda qoyil qoldik otangizga. Butun umrlari shaharda o‘tgan, bir kun ham dehqonchilik qilmagan inson shuncha yerni ketmon bilan chopib kartoshkani risoladagidek qilib ekkanlarini qarang” dedi. Keyin bilsam avvalgi borgan kunim ko‘rgan qoplardagi kartoshkani shu qo‘shni bergan ekan, men olib bergan urug‘likni esa otam o‘sha kuniyoq ekib bulgan ekanlar. Meni xijolat qilmaslik uchun indamagan ekanlar.

Shu alfozda yoz o‘ta boshladi. Men vaqti-vaqti bilan xabar olib turdim. Orada amakining ayollari olamdan o‘tdilar, biz hamma marosimlarni o‘tkazdik. Bu orada kartoshka ham yetilib, hosil oladigan vaqt yetib keldi. Otam: “Mana endi sizlar ham hissangizni qo‘shadigan vaqt keldi, falon kuni kelinglar, menga kartoshkani qazib olishga yordam beringlar” dedilar. Aytgan kunlari ertalab men, ayolim, opalarim va pochchalar bilan dalaga bordik. Otam ekin maydonida kartoshkani qazib qoplarga solayotgan ekanlar. Terib qo‘yilgan sakkiz qopni opalarimga: “Buni sizlar uchun terib qo‘ydim, mashinalaringizga solib ketaveringlar, qolganini o‘g‘lim bilan kelinim terishadi” deb ularni ishdan ozod qildilar.

Biz ayolim bilan ishga tushib ketdik, kartoshkani chelakka solib, bir olma daraxtining tagiga olib borib to‘kaverdik. Kechgacha hamma hosilni terib, uyib qo‘ydik. Otam ikkita bo‘sh qop olib keldilar-da shunga kartoshka solib mashinamga qo‘yishni buyurdilar. Men: “Aytmabsiz-da, kelishimda qoplardan olib kelardim, yana 7-8 qop kerak” dedim. Otam: “Bizga shu ikki qop yetadi, qolganlari qo‘shniga qoladi” dedilar. Otam boyagi qo‘shnini chaqirdilar-da, uyum turgan kartoshkaga ishora qilib: “Buni sizga qoldirdik, biz keragini oldik. Endi men ham uyga borishim kerak, siz amakidan xabar olib turing, biz vaqti-vaqti bilan kelib turamiz” dedilar.

Biz vaqti-vaqti bilan amakidan xabar olib turdik. Amaki ham vaqt soatlari yetib, olamdan o‘tdilar, ularning ham hamma marosimlarini qildik. Boshqa kartoshka ekish masalasiga qaytmadik.

Otam yana o‘z kasblari bo‘yicha faoliyatni davom ettirdilar. Avvalgidan ko‘ra ishga ko‘proq band bo‘ldilar, har kunlari barakali, unumli bo‘lib, ishxonalarida ham aziz bulib, juda ko‘p xorij mamlakatlariga taklif qilindilar va umrlarining oxirigacha odamlar e’tiborida bo‘ldilar. Otam sermazmun umr ko‘rib, 89 yoshda olamdan o‘tdilar.

Ularning hayot va ijodlari haqida hujjatli film yaratish davrida film ijodkorlari menga murojaat qilib, tug‘ilgan qishloqlariga olib borishimni iltimos qilishdi. Men albatta rozi bo‘lib, ularni ham o‘sha qishloqqa olib bordim. Guruh o‘z ishini boshlab, lavhalarni suratga olishayotgan paytda o‘sha qo‘shni kishi oldimizga kelib, salomlashdi va menga: “Meni taniyapsizmi?” dedi. Men: “Ha, Siz amakining qo‘shnisi edingiz” dedim. Shunda u kishi: “Otangiz qanday ajoyib inson edilar, o‘sha yili kartoshka bahona chol-kampirga qarash uchun kelganlarini bilasizmi?” dedi meni hayron qoldirib. “Nega undan keyin ham, oldin ham bu ishni qilmaganlarini o‘ylab ko‘rmadingizmi? Bir kuni qarasam otangiz uy ichidan tuvak ko‘tarib chiqib, hojatxonada bo‘shatdilar-da, chayib yana olib kirib ketdilar. Ertasiga shu ish yana qaytarildi. Bilsam kampirning tagiga tuvak qo‘yib, keyin tahorat kildilar ekanlar. Chunki kampir og‘ir axvolda o‘zini eplolmas edi. Men juda qattiq ta’sirlandim. Kechqurun oldilariga kelib: “Siz mashhur odamsiz, mol-dunyongiz yetarli, biron-bir odamni shu ishlarga yollashingiz mumkin-ku” dedim. Ular bir jilmaydilar-da keyin jiddiy ohangda: “Men farzandlarimga ham aytsam bu ishni qilishadi, odam yollash menga qiyin emas, lekin qarigan odamga mehr kerak, ayniqsa farzandi bo‘lmagan insonlarga. O‘ylab ko‘ring, shu holatida ularning ko‘nglidan nimalar o‘tadi. Men buni mehr bilan qilaman, menda bu ishdan seskanish bo‘lmadi. Qolaversa, buni bolalarimga ham bildirmadim va bu yerda turish uchun kartoshka ekishni bahona qildim” dedilar”. Bu gapni xayratlanib eshitdim, ko‘zimga yosh keldi.

Ko‘p narsadan voz kechib, odamlar e’tiboridan o‘zlarini chetga olib, shu qari insonlarga mehr berishni har narsadan ustun qo‘ygan otamning fazilatlarini hozirda farzandlarimga go‘zal xulq namunasi qilib gapirib yuraman.

Alisher Alimatov


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.