background
logotype
image1 image2 image3

Jaloliddin Rumiy. Uch baliq hikoyasi

Kichik ko‘lda uch baliq yashardi. Bir kuni bu yerga odamlar kelishdi. Baliqlarni ko‘rib:
- Borib to‘rlarni olib kelaylik, bu baliqlarni tutaylik, deb qaytib ketishdi.
Buni sezgan baliqlardan eng aqllisi vaqt o‘tkazmay, dengizga tomon yo‘l oldi. Qolgan ikki baliq esa uni masxara qildi.
- Hoy aqlsiz, sen yo‘lning yarmiga bormasdan o‘lib ketasan. Yaxshisi, bu niyatingdan voz kech, deyishdi.
Biroq baliq ularga quloq solmadi, ming bir mashaqqat bilan dengizga yetib, qutuldi.
Ko‘p o‘tmay, to‘rlarini olib baliqchilar kelishdi va qolgan ikki baliqning ortiga tushishdi. Ikkinchi baliq: «Agar o‘zimni o‘lganga solsam, qutulaman», dedi o‘ziga o‘zi. Qornini yuqoriga qilib tek yotdi, hech qimirlamadi. Baliqchilar uni ko‘rishib: «Naqadar chiroyli baliq ekan, afsus, o‘libdi», deya olib, chetga otib yuborishdi. Baliq esa asta-sekin suvga yetdi, ovloq bir joyga yashirindi.
Baliqchilar uchinchi baliqni quvlashga tushishdi. Nihoyat, uni tutishdi. U aqlli baliqqa ergashmagani uchun pushaymon bo‘ldi. Biroq endi vaqt o‘tgan, g‘isht qolipdan ko‘chgan edi. Baliqchilar uning qornini yorib, tovada qovurishdi («Masnaviyi ma’naviy» 4-jild, 2202-bayt).

Har tarafga joni talpingay, xolos, 
Talpinur behuda, topmaydir xalos. 

Sharhi 

Mavlono Jaloliddin Rumiyning ikki shoh asari bor. Biri «Masnaviyi ma’naviy», yana biri «Devoni Kabir». «Devoni Kabir» his-tuyg‘u, zavq-shavqqa to‘la she’rlardan iborat. «Masnaviy» esa nasihatlarga boy ma’rifiy kitobdir. Bu asarda qadar va tavakkulga doir yanglish tushunchalar bir necha bor keskin tanqid qilinadi.
«Masnaviy»da barkamollik, kamolga erishuv yo‘llari yorqin misollar bilan bayon etiladi. Yuqorida keltirilgan hikoyada ham ikki maqsadga e’tibor qaratilgan. Birinchisi — hushyor va aqlli, mehnatsevar, g‘ayrat-shijoatli bo‘lishga chaqirish. Ikkinchisi — «o‘lmasdan oldin nafsning salbiy istaklarini o‘ldir» mazmunida nasihat qilish. Dunyo va oxirat hayotida najotga erishib, baxt-saodatli bo‘lish shu ikki xususiyatga bog‘liq.
Mavlono bu hikoyani «Kalila va Dimna» nomli hind masal kitobidan olganini aytadi va darhol qo‘shimcha qiladi: «U yerda aytilgani qobiqdan iborat, biz tushuntirmoqchi bo‘lganimiz esa jonning naqd mag‘zidir».
Bu o‘lchov «Masnaviy»dagi hamma hikoyalarga tegishlidir.
Maqsad hikoya aytib berish emas, hikoyalar orqali o‘quvchi diqqat-e’tiborini asl mavzuga, go‘zal hikmatlarga tortishdir.
Mavlono Rumiy hikoya davomida ko‘lda yashagan baliqlarning o‘sha atrofni o‘z vatanlari bilib, o‘rganib qolishgani bois tark etishni xohlashmaganini qayd qilib o‘tadi. Bu tushuncha hammaga ma’lum bo‘lgan qulaylik va osonlikka talpinish tushunchasidir. Ko‘pincha o‘zimiz odatlanib qolgan shart-sharoitni tashlagimiz kelmaydi. Mavlono bu xil fikr-qarashlar to‘g‘risida: «Vatan sevgisidan lof urma. ...Daryoning narigi tomoniga o‘t. “Vatan sevgisi imondandir”, hikmatini yanglish anglama», deydi.
Jaloliddin Rumiy oilasi ham mo‘g‘ul istilosi xavfi bosh ko‘rsatgach, mamlakatlarida mol va jon xotirjamligi qolmasligini o‘ylab, ko‘chishga majbur bo‘ldi.
Hikoyadagi ko‘ldan — baliqchilar xavfidan qochib, uzoq va mashaqqatli safar so‘nggida jon saqlagan — najotga erishgan baliq, ehtimol, Rumiyning o‘zlarini tamsil etar. Zero, bu muborak safar boshlanishi bilan abadiy safar orasida butun dunyoga ma’rifat yog‘dularini taratayotgan, jumladan, hozir bizu siz ham bahramand bo‘layotgan «Masnaviyi ma’naviy», «Devoni Kabir», «Fihi mo fihi» dunyo yuzini ko‘rdi. «Ikki ummon uchrashuvi» (Shams Tabriziy va Jaloliddin Rumiy hazratlarining uchrashuvi — A.T.) sodir bo‘ldi.

* * *

Biror ishni uddalash uchun azmu shijoatli, irodali va qat’iyatli bo‘lish kerak. Aysh-ishratga berilgan o‘tkinchi hoy-havaslarga uchgan kimsalar maqsadga yetisholmas. Hikoyadagi aqlli baliq azm etdi va qutuldi. «Masnaviy» tili bilan aytganda: «Ko‘ksini oyoq qildi va yo‘lga tushdi, u tahlikali joydan nur dengiziga qadar yurdi, dengizga yetdi».
Mavlono boshqa bir misol keltiradi va bunday vaziyatlarda qanday g‘ayrat ko‘rsatish kerakligini aytadi: «Orqasidan bo‘ri quvlayotgan jayron hayotidan bir tomir qolsa-da, yuguradi-ku! U baliq ham shunday shiddat-la suzmoqda edi. Orqadan ko‘ppak quvarkan, quyon uyqusiga cho‘mish katta xatodir. G‘ayratli baliq uzoq yo‘l bosib, poyonsiz dengizga yetdi va qutuldi».
G‘ayratli, azm-shijoatli va qat’iyatli bo‘lish komil musulmonlik belgisidir. Qur’oni karimda «Inson uchun fakat o‘zi qilgan harakatigina bo‘lur. Uning qilgan sa’y-harakati esa yaqinda ko‘rinur», deya marhamat qilinadi (Najm, 39-40). Payg‘ambarimizning (s.a.v.) hayotlari boshdan oxirigacha mujodala va harakat bilan o‘tdi. U zot doimo halol mehnat, yaxshilikka intilish bilan kun kechirishni tavsiya qildilar. Bu dunyodan komillikka intilmay, nuqsonlarni tuzatmay, ilm, hunar egallamay, el-yurtga, ma’rifatga xizmat qilmay o‘tish hammomdan nopok — yuvinmay chiqmoqqa mengzaladi:

Kamol et kasbkim, olam uyidin 
Senga farz o‘lmag‘ay g‘amnok chiqmoq. 
Jahondan notamom o‘tmak biayni 
Erur hammomdin nopok chiqmoq.
Alisher Navoiy

Yaratgan bizga komillik uchun aql, ko‘z, quloq, qo‘l va necha yana tengsiz ne’matlar, vositalar bermadimi. Biz esa ba’zan harakat u yoqda tursin, so‘rashga ham erinamiz, eplayolmaymiz. Bizni harakatga, najotga chiqaruvchilar ustidan esa Rumiy hikoyasidagi erinchoq baliq kabi kulamiz, uni masxara qilamiz...

* * *

Hikoyada qochib qutulgan birinchi baliq tutgan yo‘l eng oqilona yo‘ldir. Ikkinchi baliq misolida Mavlono boshqa bir mavzuga e’tiborni tortadi — bu o‘lmasdan oldin o‘lishdir. Ikkinchi baliq ham o‘zini o‘lganga solib, hayotini qutqardi.
Takror eslatamiz, o‘lmasdan oldin o‘lish jismoniy o‘lim emas, majoziy bir o‘limdir. Uni «irodiy o‘lim» ham deyishadi. Bu hikoya nazarda tutgan narsa bundaydir: nafsoniy orzu-istaklarni shunday nazorat ostiga olish kerakki, ular go‘yo o‘lgan, yo‘q holga kelgan kabi bo‘lsin. Masalan, kibr, g‘urur, qizg‘anchiqlik, hasad, yolg‘on, g‘iybat kabi yomon illatlarni batamom yo‘qotish kerak. Bu esa nafsni tarbiyalash bilan amalga oshadi.
Nafs tarbiyalanmas, isloh qilinmas ekan, qalb qorayadi, qattiqlashadi, egasini halokatga yetaklaydi. Nafs tinimsiz aysh-ishratni xohlaydi. O‘zini shodlantiradi, seni gunoh-alamga yetaklaydi.
Kishi nafsoniy his-tuyg‘ularini jilovlab, nafs vasvasalaridan qutulishi kerak. Shunda u jo‘mard, boshqalarga yordam qiluvchi, har kimga yaxshilik tilaydigan odam bo‘ladi.
U hech kimning dilini og‘ritmaydi, hammaga sevgi va shafqat bilan, ochiq yuz va shirin so‘z bilan muomala qiladi. Chunki u biladi:

Kalidi ganji ma’nokim zabondur, 
Anga bir nuqta ko‘p bo‘lsa, ziyondir... 
Yomon til ikki olamda zarardir, 
Gohi isyon, gohi xavfu xatardir.
Yomon til shumlig‘i goh jonga urg‘ay, 
Gohi jondin o‘tib, imong‘a urg‘ay.
So‘fi Olloyor

Bu xislatga bir ichki poklanish va ma’naviy tarbiya bilan erishiladi. Bu tarbiyaning nomi mujohadadir. Ya’ni, o‘zining qusur va zaifliklariga qarshi kurashib, ularni yengish ko‘p ulug‘ ishdir. Nafsiga qarshi kurashda g‘olib kishi ham ma’naviy hurlikka erishadi.

Abdulloh Murod tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2010 yil, 7-sonidan olindi.

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.