background
logotype
image1 image2 image3

Jaloliddin Rumiy. Tutqun qushning o‘gitlari

Bir kishi hiyla bilan bir qushni tuzoqqa tushirdi. Qush tilga kirib, unga yolvordi:
— Ey ulug‘ inson, sen katta-katta ho‘kizlaru qo‘ylarni, tuyalarni so‘yib yeding. Bu dunyoda ularga to‘ymading. Kichkinagina qushni yeb to‘yarmiding? Agar meni qo‘yib yuborsang, senga uchta nasihat aytaman. Sen ularga amal qilsang, og‘iring yengil bo‘ladi. Birinchi o‘gitni qo‘lingda turib aytaman, agar ma’qul bo‘lsa, meni qo‘yib yuborasan. Ikkinchisini tom ustiga, uchinchisini esa anavi baland daraxtga qo‘nib, aytaman.
Odam qushni mahkam ushlab:
— Qani, ayt-chi, nasihatlaringni yoqtirsam, seni qo‘yvoraman, — dedi.
Bechora qush birinchi nasihatini aytdi:
— Bo‘lmaydigan gapga, kim aytsa-aytsin, aslo ishonma!
Odam qushni qo‘yib yubordi. Qush uchib, tom chetiga qo‘ndi, so‘ng ikkinchi nasihatini aytdi:
— O‘tib ketgan narsa, boy berilgan fursat uchun xafa bo‘lma, oh-voh chekma.
Qush yana bir oz uchib, baland daraxt shoxiga qo‘ndi va:
— Qornimda og‘irligi o‘n bir dirhamli dur bor edi. Qo‘yib yubormaganingda u seniki bo‘lardi, dedi.
Buni eshitgan odam afsus chekdi, sochlarini yuldi. Uning bu holini ko‘rib, qush: — Men senga: «O‘tib ketgan narsa, boy berilgan fursat uchun ohvoh qilib, xafa bo‘lma», dedim-ku. Fursatni boy berding, endi nega g‘amga botyapsan? Yoki nasihatimni eshitmadingmi? — dedi.
Qush yana davom etdi:
— Senga tag‘in: «Bo‘lmaydigan gapga ishonma!» dedim. Axir, mening og‘irligim uch dirham, qornimda qanday qilib o‘n bir dirhamli dur bo‘lsin?!
Shundagina odam o‘ziga keldi:
— Bo‘ldi, bo‘ldi! Endi yaxshi angladim. Qani, uchinchi o‘gitni aytaqol, — dedi.
Shunda qush:
— Hoy, Xudo xayringni bergur, ikki o‘gitga rioya qilmasdan, uchinchisini so‘raysanmi? Uxlab yotganga o‘git berish — unumsiz tuproqqa urug‘ ekish kabidir. Ahmoqlik va noshudlik, ilmsizlik yirtiqqa yamoq ham bo‘lmaydi, — dedi-yu, uchib ketdi. (“Masnaviyi ma’naviy”, 4-jild, 2245 — 2265-baytlar).

So‘ylamoq johilga hikmat, yo‘l-yo‘rug‘, 
Xuddi sho‘rxok yerga ekkandek urug‘. 
Johil uzgan ip ulanmas, boylama,
So‘ylama, hikmatni zoe aylama.


Sharhi

Qushning birinchi nasihati — «Bo‘lmaydigan gapga ishonma!» Inson g‘ayrioddiy narsalarga qiziquvchandir. Bu qiziqish ma’qul, o‘rtacha darajada bo‘lsa, yaxshi. Ammo u haddan oshganida oyog‘ini yerga bosmay, mudom xomxayollar dunyosida sayr etuvchi, puchyong‘oqdan xalos bo‘lolmaydigan bir nusxa o‘rtaga chiqadi.
Tabiat qonunlari, odatda, muntazam takrorlanib turadi. Bu qonunlarni joriy etgan va amalga oshirayotgan Alloh taolodir. Bu qonunlarga ko‘ra, ma’lum sabablar tufayli ma’lum natijalar yuzaga keladi. Tabiatda ma’lum o‘lchovda bir natijalar bo‘ladi: olov yondiradi, suv o‘chiradi. Ularga yoqish va o‘chirish xususiyatini bergan ham Allohdir. U istasa, bir sabab bilan ularning bu sifatini yo‘qotishi ham mumkin. Imom G‘azzoliy payg‘ambarlarning mo‘‘jizalarini shu nuqtai nazardan izohlaydi. Valiylarning karomatlarini ham shular sirasiga qo‘shsa bo‘ladi. Bizning vazifamiz sabab va natijaning bunday aloqasini to‘g‘ri qabul etishdir.
«So‘zga tushmagan so‘zni, Sozga tushmagan g‘azalni aytma», deyiladi o‘zbek xalq maqollaridan birida. Bu degani, aqlga, mantiqqa mos kelmaydigan, foydasiz, ma’nisiz gaplarni aytma, deganidir. Mavlono Jaloliddin Rumiy ham qush tilidan shu taxlit gap-so‘zlarga darrov ishonaqolma, uni senga berilgan ulug‘ ne’mat — aql tarozusida tortib ko‘r, demoqchilar.
Qushning ikkinchi o‘giti — «O‘tib ketgan narsa uchun g‘am yema, fursatni qo‘ldan boy bergan bo‘lsang, behuda xafa bo‘lma!» Bu o‘rinda «la foila illalloh», «rizo» va «solik ibnul vaqt» kabi tushunchalar mavzuni yoritishga yordam beradi.
Haqiqiy bajaruvchi (foil) Alloh taolodir. Ya’ni, har ish Allohning irodasi bilan bo‘ladi. Bo‘lib o‘tgan narsalardan shikoyat etish, oh-voh qilish Allohdan g‘ofil qolishni anglatadi. Biror istagimiz ro‘yobga chiqishi uchun qo‘limizdan kelgan hamma narsani qilish vazifamizdir. Yana ham jiddiy vazifamiz esa natijaga rozi bo‘lishdir. Natija biz istagandek bo‘lmasa-da, shikoyat qilmay kutib olish chin mo‘minning fazilatidir.
Anas ibn Molik aytadi: «O‘n yil Rasullulohning (sollallohu alayhi va sallam) xizmatlarida bo‘ldim. Biror marta ham menga qilgan ishim uchun «Nega bunday qilding?»; qilmagan ishim uchun «Nega qilmading?» demadilar» (Termiziy, “Birr”, 19). Bundan tashqari, Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) hech qachon, sodir bo‘lgan narsa uchun «Koshki bo‘lmasa edi» bo‘lmagan bir narsa uchun esa, «Koshki bo‘lsa edi», demaganlari aytiladi. Ko‘pincha, biz uchun yomon ko‘ringan ish yaxshilikka bo‘ladi. Xullas, «Har ishda bir yaxshilik, har ishda bir hikmat bor».
Hushyor va idrokli inson vaqtining qadriga yetishi lozim. Qadim manbalarda: komil inson vaqtning bolasidir, deyiladi. Ya’ni, u o‘tmish yoki kelajakni emas, ayni nafas olib turgan onlarni o‘ylaydi va bundan eng go‘zal tarzda foydalanishga harakat qiladi. Biz har onga ana shu ko‘z bilan boqsak, shu talab bilan yondashsak, hamma vaqtlarimizni to‘la, mazmunli, oqilona o‘tkazamiz. O‘zbek xalq dostonlarida ko‘p uchraydigan mana bunday misralarda ham shu hikmat mujassam:
Dam shu damdir,
o‘zga damni dam dema...
Bu narsa umr, vaqt haqidagi o‘ziga xos tafakkur tarzidir. Chunki har nafas so‘nggi nafas bo‘lishi mumkin. Ana shunday o‘ylagan inson g‘ayratli, harakatchan, g‘aflat va dangasalikdan uzoq, himmati ulug‘ insondir. Bunaqa o‘ylaydigan kishi bu hayotning, berilgan vaqtning ham hisobli ekani, buning ham savol-so‘rog‘i borligini chuqur his qiladi. Bu his-tuyg‘u, bu mas’uliyat uni yana-da ko‘proq savobli ishlarga undaydi.
O‘tib ketgan ko‘ngilsiz voqealar uchun xafa bo‘lgan, oh chekkan kimsa mana shu xafachilik onlarini ham behuda o‘tkazgan, shamolga sovurgan bo‘ladi. Ammo bunday fikr aslo o‘tmishni unutish, undan ibrat olmaslik, xatolarimizni yana takrorlash kerak, degan yanglish xulosaga olib kelmasligi kerak.

Abdulloh Murod tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2010 yil, 6-sonidan olindi.

2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.