background
logotype
image1 image2 image3

Jaloliddin Rumiy. Miyasi bo‘lsa, kelarmidi

Arslon o‘rmonda fil bilan olishib charchadi. So‘ng tulkini yoniga chaqirib:
— Holdan toydim. Ovga yaramayman. Bor, menga bir eshak ovlab keltir. Birgalikda yeymiz, — dedi.
— Amringiz bosh ustiga, sultonim. Hiyla bilan sizga tiriklay keltiraman, — dedi.
Bir qoyaga chiqib qarasa, o‘tloqda egasiz bir ozg‘in eshak yuribdi. Yoniga bordi, quyuq salom berdi va avray boshladi:
— Bu qup-quruq joyda bir o‘zing nima qilyapsan, do‘stim?
— Shu holimga shukr qilaman. Rizqni Alloh beradi. Shikoyatim yo‘q, kunim o‘tib turibdi. Jon bergan Alloh, non ham beryapti.
— O‘! Sening bu tavakkaling juda kam topiladi. Juda kam bo‘lgan narsa esa yo‘q hukmidadir. Lekin ozuqa yo‘q joyda tentirab yurish senga yarashmaydi.
Bu so‘zlarni eshitgan eshak takror:
— Gaping to‘g‘ri emas. Barcha yomonliklar ochko‘zlikdan keladi. Qanoatdan hech kim o‘lmagan, hirsdan esa hech kim sulton bo‘lmagan, — deb javob berdi.
Tulki eshakning so‘zini bo‘lib:
— Shu quruq qoyaga, cho‘lga sabr qilish ahmoqlikdir. Kel, o‘tloqqa ko‘chgin. Bilsang, u yerda barra o‘t-o‘lanlar, oqar suvlar bor, dedi.
Tulki shirin so‘zlar bilan eshakni avrab, o‘rmonga — to‘g‘ri arslonning uyiga tomon yetakladi. Arslon eshakni ko‘rar-ko‘rmas, o‘kira boshladi. Eshak jon holatda ortga qarab qochdi. Tulki unga yetib olib:
— Hoy sodda va go‘l maxluq! Nega qochyapsan. Bu tovush sening vahimang, xayolingdir. Endigina maysazorga kelgan edik-ku. Sen esa qo‘rqding, qochding, — dedi.
Tulki yana ming bir yolg‘on bilan eshakni ergashtirdi. Arslonning uyi oldiga olib bordi. Arslon eshakni g‘ajib, qornini to‘ydirdi. So‘ngra suv ichish uchun g‘ordan chiqdi. Tulki arslon yo‘qligida eshakning miyasi bilan o‘pkasini yeb qo‘ydi. Arslon qaytgach, vaziyatni anglab, tulkidan:
— Buning miyasi qani? — deb so‘radi.
— Ey sultonim! Agar eshak miyasi bo‘lsa, shunday dahshatli o‘kirikni eshitganidan keyin ham bu yerga (ya’ni, ostonangizga) kelarmidi?

Baxshanda Rafiyeva tarjimasi

2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.