background
logotype
image1 image2 image3

Jaloliddin Rumiy. Hayvonlar tilini biladigan odam

Bir odam Muso payg‘ambarning (alayhissalom) oldilariga kelib:
—     Meni duo qiling, hayvonlarning tilini tushunadigan bo‘lay, — dedi.
Hazrati Muso:
—     O‘zing ko‘tara olmaydigan yuk ostiga kirma. Sen uchun shu holing yaxshi, — dedilar.
Kelgan odam yana hol-jonlariga qo‘ymadi:
—     Hech bo‘lmasa, eshigimda yotgan it bilan xo‘rozning tilini biladigan bo‘lay...
Muso (alayhissalom) bu niyatidan qaytarishga qancha urinmasinlar, u oyoq tirab turib oldi. Nihoyat, hazrati Muso uning haqqiga duo qildilar. Odam sevinib, uyiga qaytdi.
Keyingi kuni xizmatkori nonushta qilay deb supaga dasturxon yoyarkan, bir parcha non yerga tushib ketdi. Xo‘roz chaqqonlik bilan nonni ilib oldi. Uning bu ishidan it g‘azablandi:
—     Hoy xo‘roz, shu ishing yaxshimi? Sen bug‘doy ham yeya olasan, arpa ham. Makkajo‘xori ham sening yemishing, boshqa ushoqlar ham. Mening esa shu bo‘sag‘ada nondan boshqa narsa yeyishga imkonim yo‘q. Nega mening rizqimga ko‘z olaytiryapsan?!
Xo‘roz javob berdi:
— Haqlisan, biroq hech qayg‘urma. Ertaga xo‘jayinning eshagi o‘ladi, maza qilib qorningni to‘yg‘izasan.
Bu gapni eshitgan odam eshagini bozorga chiqarib sotdi. Keyingi kun ertalabdan it bilan xo‘rozni kuzata boshladi.
It xo‘rozga ta’na qilardi:
—     Xo‘rozvoy, eshak o‘lib, biz qornimizni to‘ydirmoqchiydik, nima bo‘ldi?
—     Eshak-ku, o‘lishga o‘ldi, lekin gap boshqa yerda — xo‘jayin uni sotdi. Ammo sen xotirjam bo‘l, ertaga ot o‘ladi, katta ziyofat seniki bo‘ladi, — dedi xo‘roz.
Buni eshitgan uy egasi darhol otxonaga yugurdi. Otni bozorga olib borib sotdi. Uyiga qaytarkan, hayvonlarning tilini tushunishim yaxshi bo‘ldida, qancha zarardan qutuldim, deb o‘ylardi.
Ertasi kuni tongda «Qiziq, bugun nimani gaplashisharkan?» deb it bilan xo‘rozning yoniga bordi. It yana xo‘rozga jahl qilardi:
—     Hoy xo‘roz, bu safar ham aytganing bo‘lmadi. Sen ham yolg‘onchilikni boshladingmi-a?
—     Yo‘q, men yolg‘on so‘zlamadim. Ot o‘lardi, ammo xo‘jayin uni ham sotib yubordi. Biroq hech xafa bo‘lma. Ertaga uning xizmatkori o‘ladi. Marhum haqiga berilajak xayr-ehson, ovqatlardan hammamiz to‘yamiz, — dedi xo‘roz.
Bu suhbatni eshitgan haligi odam vaqtni behuda o‘tkazmadi, yana oldingilarday tez chorasini ko‘rdi.
«Shu xo‘roz bilan itning tilini bilishim juda yaxshi bo‘ldi-da. Mana, qancha zararlardan omon qoldim», deya o‘ylab sevindi odam va ertasiga ham har galgidek iti bilan xo‘rozining gaplariga quloq berdi. It bu safar nihoyatda qizishgan edi:
—     Yolg‘onchi xo‘roz! Qani xizmatkorning o‘lganiyu bizning qornimiz to‘ygani? Necha kundir meni yolg‘onlaring bilan ovutyapsan. Shu senga hech yarashadimi-a?!
— Men yolg‘onchi emasman. Xizmatkor ham o‘ldi, biroq bu yerda emas, boshqa joyda... Xo‘jayin yaxshi ish qilmadi. Balo eshakka urilganida, boshqalarga tegmasdi. Afsus... xo‘jayin g‘aflatda qoldi, endi navbat o‘ziga, — dedi xo‘roz.

Sharhi:
Odam bolasi tabiatan qiziquvchan, hamisha bilmaganini bilishga intiladi. Bu xohishini yaxshilikka yo‘naltirsa, yangilikka intilish yo‘lida ishlatsa, ham o‘ziga, ham jamiyatga foyda.
Biz taqdirimizni oldindan bilolmaymiz. G‘aybni bilish uchun o‘zini qiynash behudadir. Ayniqsa, hikoyamiz qahramoniga o‘xshab voqea-hodisalarni g‘ayritabiiy yo‘llar bilan oldindan bilish, bilganini faqat o‘z foydasi uchun qo‘llash, boshqalarga zarar yetkazish axloqqa ters harakatdir. G‘aybga ishonishimiz, kelajagimizni bilmasligimiz yanada samarali ishlashimiz, g‘ayratli bo‘lishimizni ta’minlaydi. Yaxshilikka ishongan, to‘g‘rilik va go‘zallikni bilgan odam butun kuch-g‘ayratini shu yo‘lda sarflashga mas’uldir. Oxirida erishilajak yaxshi natijaning o‘ziga bo‘lmasa, kimgadir albatta foydasi tegadi.
Mavlono Rumiy hikoya orasida: «Bir zararga uchrash bir necha zararlarni daf etadi. Jismimiz, molimiz jonlarimizga fidodir, jonimizga keladigan balo Allohning amri bilan jismimizga, molimizga uriladi. “G‘azabga uchradingmi, molingni berib, boshingni omon saqlaysan. Buni bilganing holda, baloga yo‘liqqaningda ne uchun Allohdan molingni olib qochishga urinasan?” (3341-3342-baytlar)», deb nasihat qiladi.

“Hidoyat” jurnalining 2010 yil, 5-sonidan olindi.

2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.