background
logotype
image1 image2 image3

Ixlos va ustoz duosining ijobati

Hindistonning buyuk ulamolaridan Mahmud Devbandiy va u kishining shogirdi Husayn Ahmad Madaniy hind diyorini ingliz mustamlakachilaridan ozod qilib, yana musulmonlarga o‘tkazishga harakat qilishganini sezgan Angliya hukumati bu ikki zabardast olimni O‘rta Yer dengizidagi Malta oroliga surgun qilib, shu yerda hibs qilgan. 
Qamoqxonaga kirarkan, Mahmud Devbandiy yig‘lab yuborgan ekanlar. Shunda shogirdlari Husayn Ahmad Madaniy nega yig‘layotganlarini so‘raganida «Endi ramazonda Qur’on xatmini qayerda eshitaman?» degan ekanlar. Ikkovlari ham olim bo‘lishgan ekanlar-u, lekin murattab qori emas ekanlar. Ramazonga to‘qqiz oy qolgan paytda Husayn Ahmad Madaniy bir Mushaf toptirib, 9 oy ichida Qur’onni yod olib, Ramazonda xatmga o‘tib bergan ekanlar. Shunda ustozlari: «To qiyomatga qadar avlodingdan qori uzilmasin!» deb duo qilgan ekanlar.
Husayn Ahmad Madaniydan uchta o‘g‘il qolgan: As’ad Madaniy, Arshad Madaniy, Asjad Madaniy. Bir qizlarining uyida 40 ta murattab qori bor ekan. Arshad Madaniyning 10 ta farzandi (7 o‘g‘il, 3 qiz) bor, hammasi murattab qori.
 
* * *
 
Buyuk ustozni ziyorat qilish maqsadida odamlar Hindistondan kemaga chiqishib, Maltaga borishar ekan. Inglizlar esa ularni qamoqxonaga qo‘ymagach, hech bo‘lmasa, shu yerda ustoz bor-ku, bizga ziyorat savobini berar deya, qamoqxona atrofini aylanib, duo qilib ketishaverarkan. 
Shunda Husayn Ahmad Madaniy ustozlariga: «Ustoz, bizni ziyorat qilgani kelayotgan odamlarning keti uzilmaydi, lekin ularni bizga ko‘rsatishmayapti, shu yerni aylanib-aylanib qaytishayotgan ekan» desa, Mahmud Devbandiy aytgan ekanlar: «Qarab turgin, bularning ixlosi sabab Alloh taolo ularning bolalarini qori qiladi!»
Devband qishlog‘ining narirog‘ida Amroha degan kichkina qishloq bor. U yerda 5000 ta murattab qori bor. Uning naririg‘ida Kandehla degan qishloq bor. Unda esa bironta ham murattab qori bo‘lmagan ayol yo‘q!
 
Yorqinjon qori ma‘ruzalari asosida tayyorlandi.

2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.