background
logotype
image1 image2 image3

Xayrulloh Hamidov

AYIRIB QO’YMA!

Allohim, bir qutlug’ yo’lga chiqdik biz,
Ulug’ karvoningdan ayirib qo’yma!
Bu karvon ketmasin yo’llarda izsiz,
Dadil sarboningdan ayirib qo’yma!

Baland minoralar tashlansa ko’zga,
Osilib chiqishdan iloj yoq o’zga.
Tushdek to’kilganda odamlar pastga,
Mahkam arqoningdan ayirib qo’yma!

Turli kitoblarni jamladi olam,
E]zozga arziguv garchi kitob kam…
Sandiqlar, javonlar bo’shab qolsa ham,
Qalbni Qur’oningdan ayirib qo’yma!

Harob aylama bas, bizdek qullarni,
Ma’rifatga boshla barcha yo’llarni…
Qalbimizda ungan turfa gullarni
Halim bag’boningdan ayirib qo’yma!

Bir tuyg’u tufayli jannat biz uchun,
Ul tuyg’u qalblarni aylagan butun,
Amalni unutib qo’ysak ham bir kun,
Illo, iymoningdan ayirib qo’yma!

Xayrulloh Hamidov


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.