background
logotype
image1 image2 image3

Sulton Ergash

TO’RTLIKLAR

Chol kampirga dedi: “Oq tugunni qiling shay,
Ko’cha eshikka yaqin, soling vaqtinchalik joy.
Dillarni og’ritmaylik, ochilguncha oq tugun,
Bizga g’animat endi, erta emas, shu bugun.”

***

Ona yer paypaslab rayhonlarini,
O’stirar issiq yuz dudoqlarida.
Onalar rayhonni ko’zlarga surtib,
Bo’ylari taralar quloqlarida.

***

Berganingni ko’z-ko’z qilging keladi,
Birni berib, bir yuz qilging keladi.
Bermaganing yaxshi edi, ta’nachi,
Ko’ngillarni sho’r-tuz qilging keladi.

***

Hayotda mujmal yo bo’lma arosat,
Bo’l doim u qirg’oq yoki bu qirg’oq.
O’rtada qolsang gar bo’lib kasofat,
Cho’kasan daryoga, qilar oqizoq.

***

Kitobning harfiyu, qog’ozi o’ldi,
Ko’plarning maktabi – pul, bozor bo’ldi.
Hamsuhbat topolmay bechora kitob,
Zorlanib, bir chetda mog’orga to’ldi.

***

Chumoli urfidan oling andoza,
Ikkisi duch kelsa, ko’rishib o’tar.
Ba’zi insonlar-chi, baland parvoz-la
Kekkayib osmonga, ko’p shishib o’tar.

***

Har bir ishning og’irligi, gashti bor,
Hayotning ham gul bog’i-yu dashti bor.
Har bir reja, qadamingni o’ylab bos,
Har bir ishing o’z me’yori, shashti bor.

Sulton Ergash


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.