background
logotype
image1 image2 image3

Sirojiddin Sayyid

NA KERAK?

Bir gulga bir dildan dunyo kerakdir,
Bir dilga bitta gul tanho kerakdir,
Bir elga mehrdan daryo kerakdir,
Mehr gar bo’lmasa, itob na kerak?

Tiriklik bir aziz ne’matdir azal,
O’tkarmoq joizdir pokiza, go’zal,
Nasimlar navodir, yaproqlar – g’azal,
Balog’at bazmida sharob na kerak?

Siymu zar havosi ranglaringdadir,
Ne hasrat tomog’ing, tanglayingdadir?
Ey inson, hisobing manglayingdadir,
Bunchalar hisobu kitob na kerak?

Siymu zar havosi ranglaringdadir,
Ne hasrat tomog’ing, tanglayingdadir?
Ey inson, hisobing manglayingdadir,
Bunchalar hisobu kitob na kerak?

Sadoqat darsidan xabar bo’lmasa,
Farosat ahlidan nazar bo’lmasa,
Ko’ngilda hayodan asar bo’lmasa,
Ul husnu jamolga hijob na kerak?

Suv uza yarq etgan shu’ladir umring,
Osilgan omonat tugmadir umring,
Magar Haq yo’lida o’tmadi umring,
Sen bu cho’lg’agan sarob na kerak?

Ilg’agin dunyodin munglug’ kuyingni,
Eng avval supurgil ko’ngil uyingni,
Savolu javob et har bir kuningni,
Savoling bo’lmasa, javob na kerak?

TO'RTLIKLAR

Garchi piyodamiz, garchi otliqmiz,
Kim yaxshi, kim esa yomon otliqmiz.
Qanchalar fursatni o'tkazdik zoe,
Xudoning oldida ko'p uyotliqmiz.

***

O'limga baribir: gulday dudoqlar,
Halol yurganlaru harom tamoqlar.
Ust-boshi butlardan choponni yechgay,
Kovush kiyib ketmas yalangoyoqlar.

***

Olis yulduzlarda qanday habar bor?
Oyning gardishida qanday xatar bor?
Mangu xavotirday aylanar falak,
Bir kun hammamizga katta safar bor.

***

O'zincha tijorat qilgani kelding,
Uy qurib imorat qilgani kelding.
Bu dunyo besh kunlik ziyoratgohdir,
Aslida ziyorat qilgani kelding.

HAYIT G’AZALI

Hayotni sen hayot etgan umidlarda muborak et,
O’g’il-qiz, onalar ham mo’ysafidlarda muborak et.

Sano et tillarini ham Salovat et, Taborak et,
Azizu avliyo azmin muridlarda muborak et.

Munavvar et Jaloliddin jaloli-la ko’ngillarni,
Farididdin kabi fazli faridlarda muborak et.

Duolar aylagan bir el, duo tole kalitidir,
Bu el mushkullarin shunday kalitlarda muborak et.

Saodatli bu kunlarda sabohatlik, saodatlik
Satrlarni Sirojiddin sayyidlarda muborak et.

Sinovlar, ranju zahmatlararo bergan  shu umringni
Ilohi, barchamizga uyd – hayitlarda muborak et!

Sirojiddin Sayyid


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.