background
logotype
image1 image2 image3

Ra’no Rahmonberdi qizi

TILAK

Yo Yaratgan, bir o’zingdan tiladim,
Ma’yus ko’nglim oyatlarda o’radim.
“So’ra bandam”, deding, yonib so’radim,
Huzuringga yorug’ yuz-la borsam men.

Rahmat daryolaringdan bir tomchi ber,
Yaxshi otga munosib bir qamchi ber.
O’z-o’zimni qamchilab borsam men,
Zamzam buloq, Kavsaringga qonsam meni…

Ey habibi Alloh, hazrati Rasul,
Sahobayi kirom, murshidi G’avsul,
Yiqilsam, suyagay sog’inchu sabur,
Kuyganlar kulidan ulgi olsam men…

To’g’ri so’zim, dunyong to’lgan ohlarga,
Kim cho’qqida, kim tushibdi chohlarga,
Devona o’zicha shohdir shohlarga,
Muhammadga ummatlikda o’lsam men…

ANJUMAN

Anjumanda xilvatim,
Xilvatda anjumanim,
El ko’zida hurmatim,
Riyolig’ shundog’midir?
Ko’nglimmi orzuvli qul,
Gohi zulmat, gohi nur,
Iymon libosi juldur,
Ziyolig’ shundog’midir?
Tutqazmay o’tar kunim,
Tosh qotib uxlar tunim,
Pichoqkesar kun qinin,
Fidolig’ shundog’midir?
Chumolidek tinim yo’q,
Lek ishlarda unum yo’q,
Nolimagan kunim yo’q,
Rizoliq shundog’midir?
Bosh-bozor, turfa savdo,
Shayton tunu kun ovda,
Izlaganim osmonda,
Rasvolig’ shundog’midir?
Ismi A’zam azizi,
Ra’no gullar nafisi,
Olib gina hadisin:
“Oshnolig’ shundog’midur?”

TAVBA

Nigohim oyga botdi,
Yuragim soyga botdi,
Mehrim gunohga botdi,
La ilaha illalloh,
Tavba, astag’firulloh.

O’g’il uchdi uyadan,
Qiz ham ketdi qiyadan,
Qoshingga ro’ysiyoman,
La ilaha illalloh,
Tavba, astag’firulloh.

Sezdirmay o’tdi umr,
Qani, qayda qush-qumur,
Xiralashdi ko’zda nur,
La ilaha illalloh,
Tavba, astag’firulloh.

Baland desam, past keldi,
Faqat olar dast keldi,
Oyat, hadis rost keldi,
La ilaha illalloh,
Tavba, astag’firulloh.

Namoz, ro’zam kam bugun,
Bosh egik, ko’z nam bugun,
Rahmating malham bugun,
La ilaha illalloh,
Tavba, astag’firulloh.

DO’RMONDA KUZ

“Birov bilan oshno bo’lay desangiz,
Marakada o’tirib turishini ko’ring”.
Mahtumquli


Sharbatga limmo-lim Do’rmon bog’lari,
Bir-birini suyab hosil shoxlari,
Saxovatdan to’kilib gunohlari,
Saflarning rukuda turishing ko’ring.

Sanoga so’z, rang talashib olmalar,
Kundan kunga oltinlashib tovlanar,
Xaste behi zafarondek sarg’ayar,
Yo Rabb, sajdaga bosh urishin ko’ring.

Ilhomtalab shoirlaru oqinlar,
Takbirdagi toklarga bir boqinglar,
Xushu’ mayidan bir qultum totinglar,
So’ng dilning qalamdam oqishin ko’ring.

Zikr aytib shovillagan chinorlar,
Egni boshi sonming oyat-tumorlar.
Egasining jamoliga xumorlar,
Hayratdan qiyomd qotishin ko’ring.

Archalarki, farishtalar misoli,
Qishin-yozin yashil hijob, qaboli.
O’tgan-ketgan nigohlardan uyolib,
Ignasin taniga botishin ko’ring.

Bog’iston bazmida ruhimda bir hol,
Yoroni dil desang, behi bilan qol.
Piyr, ustoz istasang. Chinor qo’lin ol,
So’ng o’zing o’zlikka qaytishin ko’ring.

Har giyohi, rahmat nuriga botib,
Yurakning qaymog’u bolidan totib,
Ra’no Rahmonni g’aflatdan uyg’otib,
Hikmat dunyosiga tortishin ko’ring.

Ra’no Rahmonberdi qizi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.