background
logotype
image1 image2 image3

Omonulloh Mutal

TUYUQLAR

Ko’nglingni ko’tarib, do’st kuy chaladur,
Ravon yurib ketsang, g’anim chaladur.
Nechun barcha tengmas, deb o’ylab ko’rsam,
Kimdur komil inson, kimdur chaladur.

Donish ahli adashtirmas yolg’on-la chinni,
Vatanga almashtirmas Eron-la Chinni.
Barmoq bilan chertsang spool aks berar bo’g’iq,
Jaranglashi tovlanadi chindan-la chinni.

Muhabbat ramzidir qadimdan olma,
Senga deb, tutaman rad etma, ol, ma.
Qattiq sevganimdan qarshingda lolman,
Go’ng-soqov ekan deb, ko’nglingga olma.

Gir-gir esgan shaboda tanga moydek yoqadi,
Unga juda berilib, vayron etmang, yoqadi.
Oldiniga halovat bag’ishlagan yelvizak,
So’ngra joningiz qiynab, tanda olov yoqadi.

O’zingga mushtoqman qoshlari kamon,
Uzoq qiynar hijron, visolga kam on.
Meni ovutsin, deb, g’ijjakni olsam,
Torlarni titratib, yig’laydi kamon.

Bolta tushaverib zadadur kunda,
Qalbim nimta-nimta hajringdan kunda.
Dog’in fosh etgandan Oy qochar undan,
Yetib olaman deb tinim yo’q kunda.

Bandaning boshiga ne kunlar tushmas,
Ba’zisin dahshatli tush desang, tushmas.
Erta ne bo’lishin bilolmas hech kim,
Taqdir yozug’iga hech bir ko’z tushmas.

Chekkan azoblar-ey qalblardan o’chmas,
G’amdan kuygan yurak, suv sepsang o’chmas.
Fe’lingni keng qilgil, kechirguvchi bo’l,
Chin mardning odati ezgulik, o’chmas.

TO’RTLIKLAR

Dunyo kengga kengu, torga tordir u,
Arqon kimga madad, kimga dordir u,
Boshingga ish tushsa birovdan ko’rma,
Degan gap azaldan haqdir u.

***

Qushlar chug’ur-chug’urin birov kuy deb, biladi,
Birov kaltal o’qtalib porakanda qiladi.
Shundy ekan insonning tabiati xilma-xil,
Biri sevgan narsani birin qalbin tiladi.

***

Jilmayganning bari bo’lmas mehribon,
Jallod ham kular ken, olar ekan jon.
O’roqqa razm sol quchog’in kerar,
Tagdan qirqish uchun qaytib ketar on.

***

Odamni tanitgan til bilan qo’ldir.
Yo’lidan chalg’itgan o’ng bilan so’ldir.
Dunyoda hikmat ko’p, ibratli bo’lgin
Kemtiging ko’rsang gar, tek turmay to’ldir.

***

Rostingni aytolsang o’zingga foyda,
Halovat bo’lmaydi yolg’on bor joyda.
Ming ishlov bersangda spool chinnimas,
Chunki uning asli ishlangan loydan.

Omonulloh Mutal


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.