background
logotype
image1 image2 image3

Nurmuhammad Shoyoqub

UMR YO’LI

Osmonlar oftob yo’li, zamin-chi, sinov yo’li,
Biovga gunoh yo’li, birovga savob yo’li.
Kimgadir rohat yo’li, kimgadir azob yo’li,
Asragin, bor Xudoyim, azob yo’ldan asragin.

Qanchalar bu dunyoda azob yo’lga yurganlar,
Gohi bilib, gohi bilmay sarob yo’lga kirganlar.
Xaqni topmast hech qachon nafsi yo’ldan urganlar,
Asragin, bor Xudoyim, sarob yo’ldan asragin.

Manzilida olovli chohlari bor yo’l – dunyo,
Alam, afsus, nadomat, ohlari bor yo’l – dunyo,
Kimki topsa hidoyat, bog’lari bor yo’l – dunyo,
Asragin, bor Xudoyim, xarob yo’ldan asragin.

Sabr tagi zar-oltin, sabr tagi rahmondir,
Shoshqaloqda samara yoq, kibr lain shaytondir,
Bir o’tkinchi yo’l – dunyo, bir o’tkinchi zamondir,
Boshlagin, bor Xudoyim, to’g’ri yo’lga boshlagin.

NAMOZ

Allohim, amringga bo’yin eggan dam
Tanimni cho’lg’aydi shirin titroqlar,
Uyg’ongan bahorday ruh bo’lar ko’rkam,
Qalbimni tark etar uyqu, mudroqlar.

Allohim, amringga bo’ysungan on
Go’yoki barg yozar dilim kurtagi,
Behisht bo’yin tuyib rohatlan, ey jon,
Bunchalar maftunkor zikrin bezagi.

***

So’zlar sehri sehrlabdi yuragimni,
Do’stlar mehri muhrlabdi tilagimni,
Havoi o’g’irlabdi keragimni,
Bo’m-bo’sh qolgan tanim birla avvoraman.

Bahor husni quvontirib ko’zlarimni,
Dunyo uchun sarf etibman so’zlarimni,
Asray olmay hurliqoday hislarimni,
Shayton otlig’ g’anim birla avvoraman.

Yo Rabb, manim ilinjlarim toatingdan,
So’ragumdir fazlu karam, izzatingdan,
Shafe qilgil, umidvorman rahmatingdan,
Tog’day ulug’ g’anim birla avvoraman…

***

Seskanmay shum nafsing xohishlaridan,
Mast bo’lib shaytonning olqishlaridan,
Qo’rqmasdan mazlumning qarg’ishlaridan
Kechamiz o’tdi…

Ruhimiz hastayu qo’ymasdan malham,
Dunyo deb erta-kech chekaverdik g’am,
Hayot-chun uyg’ongan xavotirlar ham,
Bugun o’tmoqda…

Imon yaproqlarin to’karmi shamol,
Qalbdagi ishonchlar toparmi zavol,
Jaholat botqog’iga botib bemalol
Erta ham o’tarmi?!

O’ZIMNI SOG’INDIM

Xayollar parishon, o’y daydi,
Nigohim ko’klarni alqaydi,
Tanda jon sog’inchdan sarg’aydi,
Ko’zimni sog’indim, ko’zimni.

So’zlardan so’ndi-ku ishtiyoq,
Ro’yodan charchadim, dil siyoh,
Berganim va’damni al-miysoq-
So’zimni sog’indim, so’zimni.

Go’daklik chog’imda ufurgan,
Onamga ifordek tuyulgan,
Balog’at ofida yuvilgan-
Isimni so’gindim, isimni.

Nafs otda, ruhim-chi, piyoda,
Savobdan gunohim ziyoda,
Unitib qo’yganim dunyoda-
O’zimni so’gindim, o’zimni…

XAVOTIR

Shabon demang, labim kular, dilim vayron,
Ziyosi kam siyratimdan xavotirim.
Jayron kabi jonim uchun hushim hayron,
Sayyod ila suhbatimdan xavotirim.

Tinim bilmay zulm qilar makkora nafs,
Otash sari yetaklaydi hoyu havas,
Savoblarim gunohimga kelgaymu bas,
Kecha-tunlar g’aflatimdan xavotirim.

Umr shamdek yonib-yonib tugar oxir,
Ikki malak yelkam uzra mudom hozir,
Neki amal qilgan bo’lsam, bari zohir,
Menga hukm-hujjatimdan xavotirim.

Fano ichra intihosin topsa yo’lim,
Shahodatni aytarmikan sarkash tilim,
Borar joyim bo’larmikan sokin, so’lim,

***

So’yladim, til xato qildi,
Tiymadim, ko’z zino qildi,
Siyladim, nafs ado qildi,
Qiynadim, ruh nido qildi:
“Tavbang qani?!”

***

Qo’rqmayman yovlarim yoqamdan tutsa,
Chidayman so’ksayu qilsa haqorat.
Qo’rqaman men ammo bir ulug’ Zotdan,
Bir ulug’ ayyomdan qo’rqaman faqat.

OXIR ZAMON

O’tmoqda xiyonat urchigan kunlar,
Gunoh ko’pik kabi ko’pchigan kunlar.
Shayton yordamchiga yolchigan kunlar – 
“Oxir zamon, og’ir zamon”.
Ayolda sharm yo’q, erlarda g’urur,
Er ayol, ayol er libosin kiyur,
Onalar o’zining xojasin tug’ur – 
“Oxir zamon, og’ir zamon”.
Yetimlar yemaydi to’yib oshu non,
Miskinlar mung’ayib yutaverar qon,
To’qlarning qornini to’yg’azar “ehson”-
“Oxir zamon, og’ir zamon”.
Shariat begona, zinolar oshkor,
Beto’siq, bemalol yomonlik, qimor,
Balodan asrar deb taqarlar tumor-
“Oxir zamon, og’ir zamon”.
Umrimiz o’tmoqda, qaytmas bu damlar,
Qabrga eltmoqda tinmay qadamlar,
Ko’zingiz vaqtida oching, odamlar-
“Oxir zamon, og’ir zamon”.

OXIRIM OBOD BO’LSA…

Kun o’tdi, zulmatga ko’mildi olam,
Gunohim bisyoru, bilmadim mahzun.
Bir kunga ulg’aydi ruhimda alam,
Men esa, julmaydim nedandir mamnun.

Kun o’tdi, zulmatga ko’mildi olam,
Ziyo deb adashdim hilolning nurin.
Oyga ishonmayman endi sira ham,
Yulduzga sotibdi ko’nglimning sirin.

Kun o’tdi, zulmatga ko’mildi olam,
Yana bir ayyomga ozaydi umrim.
Men qabr tomonga qo’ydim bir qadam,
Men tomon biro dim siljidi o’lim.

Kun o’tdi, zulmatga ko’mildi olam,
Allohga oshkordir pinhon, zohirim.
Endi dunyo deya chekmagayman g’am,
Basdir, bo’lsa obod, tugal oxirim.

SARSON JON

Imonsiz hech baxt bolidan tatib bo’lmas,
Fazilatsiz elda qadr topib bo’lmas,
Etak bilan oyning yuzin yopib bo’lmas,
Hidoyatga kelmagan jon arzon-arzon.

Ko’ngil sandiq, ichi to’la asror-sirdir,
Xayol sahro, poyoni yo’q dala-qirdir,
Jon berarda shohu gado bari birdir,
Hidoyatga kelmagan jon arzon-arzon.

Mehmoni ko’p dunyo ekan, mezboni yo’q,
Nasibangdan ortiq senga osh-noni yo’q,
Nafsni bandi qilay desang, zindoni yo’q,
Hidoyatga kelmagan jon arzon-arzon.

Ketay desang, ruhing asir, osmon uzoq,
Bilolmassan g’anim qayga qo’ygan tuzoq,
Alloh, rahim, rahmondirsan, bergin panoh,
Hidoyatga kelmagan jon arzon-arzon.

Imon nuri kirmagan jon sarson-sarson…

Nurmuhammad Shoyoqub 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.