background
logotype
image1 image2 image3

Muyassar

RABBIM, O’ZING ASRAGIN!

Qalbi, fe’li torlikdan,
Shirin so’zga zorlikdan
Ikki dunyo xorlikdan,
Rabbim, O’zing asragin!
Ig’vo, fitna, tuhmatdan,
G’iybat, turli kulfatdan,
Qalbi qaro ulfatdan,
Rabbim, O’zing asragin!
Manmanlik ham riyodan,
Qabul bo’lmas duodan,
Of’ir damda jazodan,
Rabbim, O’zing asragin!
Yomon fe’l, yomon amal,
Yomon nafsdan asragin.
Yaxshilarga yaqin qil,
Har nokasdan asragin!
Yomon tiling zahridan.
Shayton la’in sharridan,
Qahhor oting qahridan,
Rabbim, O’zing asragin!
Molu dunyo faxridan,
Azobga duchorlikdan,
Rahmatingga zorlikdan,
Rabbim, O’zing asragin!
Omonating ol oson,
Iymon bilan chiqsin jon,
Jannatda uray javlon,
Do’zaxingdan asragin.
Tilim anda lollikdan,
Holim parishonlikdan,
Yomonlikka yorlikdan,
Rabbim, O’zing asragin!
Ojiz banding Muyassar,
Yig’laydi shomu sahar,
Nomam yozilgan daftar,
Qarolikdan asragin.

Muyassar


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.