background
logotype
image1 image2 image3

Muhammad Bobur Mo’min

MARHABO YO SHAHRO RAMAZON!

Rajab, sha’bon bog’lari ichra,
Ifor to’la nasimlar yeldi.
Ne’matlarga to’lug’ mohimning
Tashrifidan mujdalar keldi.
Sog’inchlarning ayyomi bu on,
Marhabo, yo shahro ramazon1

Sendan erur Alloh rizosi,
Senda taqvoga yo’l barqaror.
Ming oydan ham a’loroq,
Qadr otlig’ zo’r kechang bor.
Qadamingga ko’zlar nigoron,
Marhabo, yo shahro ramazon1

Shukronalar O’zingga Rabbim,
Farzing uchun bo’laylik fido.
Kelgil ey baxt, kel saodat,
Qalb qo’ridin otilur nido,
Mushtoq dillar hajringda giryon.
Marhabo, yo shahro ramazon!

Tavba

Nadomat tulporin yeldek uchirib,
Yozuqlar yurtidan qaytmoqlik - tavba.
Najot dengizining qirg'oqlarida,
Allohga munojot aytmoqlik - tavba.

Tavba - fojirlikdan qutulgan, ozod,
Miskinning fig'onli zorlari betin.
Ozurda ruhlarga sokin harorat,
Tavba - o't-alanga, gunohlar o'tin.

Tavba - taqiq meva bo'g'zida qolgan,
Odam Atomizning o'tli faryodi.
Tavba - Momo Havvo tizzalarini,
Nam qilgan Vatanning feruza yodi.

Tavba - ummonlarni titroqqa solgan,
Hazrati Zunnundak dog'da yotmoqdir.
Tavba - shafaqlarning rangini olgan,
Sadpora Nasuxdek qonga botmoqdir.

Tavba - peshonasin sajdaga qo'ygan,
Bani Havozinning egik boshlari.
Tavba - soqolini yomg'irday yuvgan,
Hazrati Umarning marjon yoshlari.

Tavba - ellik kunlik iztirobdagi,
Ka'b ibn Molikning giryonlaridir.
Tavba - yetmish kasga tatigan anduh -
Juhayna ayolin sel qonlaridir.

Toki quyosh chiqar ekan mashriqdan,
Tavbaning qopqasi lang ochiq turgay.
Poklanmoq,chiqmoqlik iblis izmidan,
Mujrim bandalarga hidoyat surur.

Ogoh bo'ling! Olam mehrga ilhaq,
Muhsin qullariga Alloh madadkor,
Uqboda ummatim deya chorlagan,
Maqomi Mahmudning sohibi ham bor...

Ayo ahli giryon - yozuqlarga dor,
Ayo ahli taqvo, ahli istig'for,
Ayo ahli majid, ahli toyyiblar,
Ayo ahli sojid, ahli soyiblar.

Sizga Al- G'offarning kalomi bo'lsin,
Sizga At-Tavvabning salomi bo'lsin.

Muhammad Bobur Mo’min


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.