background
logotype
image1 image2 image3

Mohidil

QABRDAN OTA NIDOSI

Jonim bolam, jigargo’sham, zurriyotim,
Sening g’aming bilan o’tdi hayotim.
Avlodimning davomchisi, qanotim,
Nechun hanuz Haq yo’lini topmassan?

O’ldi dema, otang ruhi yoningda,
Ajdodimning ruhi oqar qoningda.
Mendan keyin yolg’izlanib qolding-da
Nechun hanuz Haq yo’lini topmassan?

Tiriklikda tin olmayin kuyindim…
Eshigi yo’q qabr degan uyimda
Sendan duo borsagina suyundim,
Nechun hanuz Haq yo’lini topmassan?

Yaxshi yursang, qabrda tinch yotardim,
Tiriklikda tortganlarim yetardi,
Qaro yerga bag’rim kechroq botardi,
Nechun hanuz Haq yo’lini topmassan?

Sensan avlodlarim o’tar ko’prigi,
Faxrim bo’lgay mening uchun ko’pligi.
Ma’qil bo’lur ko’pligidan xo’bligi,
Nechun hanuz Haq yo’lini topmassan?

Yaxshilikning yo’qdir erta-kechisi,
Yo’lin topdi yurganlarning nechisi,
Uyg’otdimi so’zlarimning pichasi,
Nechun hanuz Haq yo’lini topmassan?

MEN HAM SENGA YETARMANMI?

Ka’batulloh, Alloh uyi, men ham senga yetarmanmi?
Gunohlarim avfin so’rab, tavbam izhor etarmanmi?
Ki jon tanda omonatdur, ul joyda tong kutarmanmi?
Umidvorman bir bormoqqa, yo armonda ketarmanmi?

Sani tavof aylab kelgan, birodarlar ko’p maqtashur.
Suhbatlarin tinglaganda senga mehru ishqim oshur.
Gar bo’lsa zang ketar edi, bo’lur edi qalbimda nur.
Egam, karam etgil yoki qo’lda yo’q, deb o’tarmanmi?

Bir muslima ishonar qodir Egam qudratiga
Chin ixlos-la niyat qilib yetay men ham himmatiga.
“Labbaykani” aytish nasib etsin menday ummatiga,
Alloh uyi Ka’batulloh, men ham senga yetarmanmi?

IBODAT QIL

Mol dunyoga ko’ngil berma, omonat.
Umring bo’yi quraverma imorat.
Barchasining hisobi bor, qiyomat.
G’animatsan, ibodat qil, ibodat.

Davlat bersa, miskinlarga nazar qil.
Harom-harish kelsa, undan hazar qil.
Umring tugar, borar joying mozor, bil.
G’animatsan, ibodat qil, ibodat.

Musofirsan, joning tanda omonat.
Oxiratda yashay desang farog’at.
Bu damlarni g’animat bil, g’animat.
G’animatsan, ibodat qil, ibodat.

Jannat yuzin ko’ray desang, kamtar bo’l.
Takabburlar Alloh sari topmast yo’l.
Najot senga ibodatdan, qilgil mo’l.
G’animatsan, ibodat qil, ibodat.

Mohidil


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.