background
logotype
image1 image2 image3

Maxtumquli

SAHAR VAQTI YOTMANG, TILAK CHOG’IDIR

Sahar chog’I yotmang, tilak chog’idir,
Umr eldek kelib-kechar, yoronlar,
Ajal-soqiy yurar, qo’linda jomi,
Ul maydan xaloyiq ichar, yoronlar.

Umr kelib-kechar, besh kun davrondir,
Besh vaqt namoz Haqdan bizga farmondir,
Jon qushi bu tanda besh kun mehmondir,
Parvoz etib, bir kun uchar, yoronlar.

Odamning aslini so’rasang, loydir,
Yuz ming yil yashasang, bir kuni voydir,
Bu dunyo, bilsangiz, ko’hna saroydir,
Xaloyiq karvondir, ko’char, yoronlar.

Doimo Haq yodi bo’lsin o’rog’ing,
Safar qilmoq kerak, tutgil yarog’ing,
Bu dunyoda qancha yonsa chirog’ing,
Ajal yeli tegib, o’char, yoronlar.

Bu dunyo bilsangiz hoyu havasdir,
O’larsiz, oqibat barcha abasdir,
Bu dunyo mo’minga zindon-qafasdir,
Qaro yer barchani quchar, yoronlar.

Sen o’lgandan keyin qolgan zuriyotlar,
O’g’il-qizing, barcha qilar “hayhot!” lar,
Kafaning bo’yingga bichar hayotlar,
Oxirat o’yini ochar, yoronlar.

Maxtumquli, tahqiq, bilgilolarni,
Chunki ko’rgan yo’qdir o’lmay qolarni,
Tangrining haqiqat sevar qullari
Dunyoni ko’rganda qochar, yoronlar.

Mirzo Kenjabek tarjimasi

KO’CH KETAR, KARVON AYLANMAS

Ey yoronlar, musulmonlar,
Omonatdur, jon aylanmas.
Sog’liqqa yo’qdur e’tibor,
Tush misol, mehmon aylanmas.

Kimdur sahar turar birdan,
Kimdur bosh ko’tarmas yerdan,
Shaydo dilli go’zallardan
Tish ketar, zabon aylanmas.

Baland tog’dan haybat ketar,
Yerlardan barokat ketar,
Rum shahrindan quvvat ketar,
Ustoda do’kon aylanmas.

Azroil yo’l ochar bir kun,
Jon sharbatdan ichar bir kun,
Erdan davron kechar bir kun,
Ot o’lar, maydon aylanmas.

Shariatdan ayri qolmang,
Haq ishiga sustkash bo’lmang.
Odam, o’g’li g’ofil yurmang,
Ko’ch ketar, karvon aylanmas.

Benamoz, uchrarsan g’amga,
Unda doding yetar kimga? – 
Unda zo’r bersang chilimga,
Jasadda iymon aylanmas.

Maxtumquli, budir iqror,
Haq yo’linda turar chin yor,
Kimning izminda o’g’il bor,
Kimdadir nishin aylanmas.

Maxtumquli
Mirzo Kenjabek tarjimasi


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.