background
logotype
image1 image2 image3

Maqsud Jonixonov

ANGLASH

Dilimga xush kalom solding: “Lo iloha illalloh”,
Ham tanidim o‘z qulingni: “Muhammadur rasululloh”.

Yo‘q edim-ku, bunyod etding, mehring ila paydo qilding,
Shukur, deyman, yana menga pok lafzlar berding Alloh:  

Yo‘lda edim, ko‘rishganlar, so‘rdilarkim asling nedur?
Javob berdim: onam Havvo, padarimdir Odam ATO!

Shundoq deya asta-asta anglayapman vujudimni, 
Yana bildim ilk payg‘ambar  Odam ul Safiyulloh. 

“Faqat Uni bilinglar, adolatda yuringlar” 
Deya payg‘om keltirdi, duoguy Nuh Nabiyulloh.

Ummati ilhaq doim, orzu bitmas to Qoyim,
Habib pok iymonliga Xizru Ilyos  Hikmatulloh.

Farzandingdan bo‘lgil judo, deya amr etdi Xudo,
Faqat Haqqa talpinmoqqa o‘rgatdi ul Xalilulloh.

To‘rt tomonga boqib nolon, Sarvariga bo‘ldi hayron,
Bu holatdan ko‘ngli shodon, ay, Muso, ay, Kalimulloh.

Jafo ko‘rgan, jabr ko‘rgan, Iso edi sabr qilgan,
Oqibatda ko‘r qavmidan ko‘kka ketdi ul Ruhulloh.

Yigirmayu yana uch yil, g‘amlar yutgan bul kishi bil: 
Haqqa yetib do‘st tutingan yo Muhammad Habibulloh.

Havas qilar sizga bugun, jami dunyo, ahli mo‘min,
Payg‘ambarim avaylagan yuz sahoba  yuzta ogoh!

Qora edi ko‘rinishi, toat bo‘ldi har yumushi,
Yeru osmon zir titradi, Bilol aytgach: “Ulug‘ ALLOH:”

Ham diliga, ham diniga Hamza edi mudom sodiq,
Shahid ketgan jigariga dedi, Rasul: “oh, Sayfulloh!”

Hazrat Ali, Hazrat Usmon, xalifatur ar-Rahmon,
Abu Bakr Siddiqiga Umar yo‘ldosh  Asadulloh.

Sanayversak xislatlarin, adosi yo‘q bu zotlarning,
Fazilati qo‘llar bizni, gar adashsak, Yo‘lda nogoh.

Ulug‘larning ruhi poki, ko‘rgil endi aziz xoki,
Shu tufayli bir ilinj, qalbga ko‘chdi banogoh:

“Har bandangning dilida, har kunida tunida,
Ezgu ishiga hamroh, bo‘lsa agar “Bismilloh!”

Balki Ro‘zi qiyomat, kafil bo‘lib ibodat,
Barchamizdan shafqatin darig‘ tutmagay Alloh.

Yana shuni so‘rayman, ijobatin ko‘ray man,
Vido chog‘i nasib et: “Lo iloha illalloh!..”

Maqsud JONIXONOV


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.