background
logotype
image1 image2 image3

Gulbahor Abdulloh qizi

ILOHIY ISHQ SARI

Bu dunyo dor ekan, sitamkor ekan,
Haqiqat izlagan haqqa zor ekan,
Rosti bitta bo’lsa, ming yolg’on ekan,
Pokiza ruh istam, yetmasam, o’lam…

Mard qashqir o’ljasin oshkora yeydi,
Shum banda bir-birin pinhona “yeydi”,
Yuragim o’t tekkan o’tindek kuydi,
Ishq icham. Toza ishq. Ichmasam, o’lam…

Oyi siniq ekan, poyimga botdi,
Quyosh ufqqamas, ko’nglimga yotdi,
Tong tegramda emas, qalbimda otdi,
Ishqqa o’zni sadqaetmasam, o’lam…

Har tongda quyoshni Sharqdan kutamiz,
Har shomda umrdan bir kun ketamiz,
Quyosh G’arbdan chiqqan KUN netamiz?!
Qiyomat, qiyomat, qiyomat… Qo’rqma…

Ilohiy Ishq istam, yetmasam, o’lam.

TUPROQ SAROY

Bormoqdaman bir-bir bosib senga tomon,
Har qadamda nechta gunoh-savob kechib.
Goh shod bo’lib, gohi qayg’u mag’zun ichib,
Bir kun yetgum eshigingga tuproq saroy…

Qalb javharim asrolmadim – dog’lar tushdi.
Yelkam uzra gunohlarim tog’day tushdi.
Ruhim qushi, qanday uchdi, qayga uchdi?
G’aflat aro o’tmoqdaman, tuproq saroy…

Rahmon Egam, sabr bergin, bardosh bergin,
Sidq birlan yig’lamoqqa ko’z yosh bergin.
Sajdagohdan ko’tarilmas bir bosh bergil!
O’lim sori ketmoqdaman tuproq saroy…

Bu dunyoning ishlaridan xun bo’lurman,
Gunohlarim eslab-yig’lab qon bo’lurman.
Imonimda sobit o’lsam – XON bo’lurman,
Senga kirib… TUPROQ SAROY, TUPROQ SAROY…

MAVLOM, SANI ROZI ETSAM…

O’lim haqdir, kibr nechun O’zdan kechsam,
Toatingning sharobidan qonib ichsam,
Safar yaqin – xatar yaqin, kafan bichsam,
Shun nafsimga iymonimni qozi etsam,
Amalim-la, Mavlom, Sani rozi etsam…

Zikr aytib, qalbim toshsa qirg’og’idan,
Omon o’tsam, munkar-nakir so’rog’idan,
Qabrim rohat to’ysa manim turobimdan,
Shum nafsimga imonimni qozi etsam,
Amalim-la, Mavlom, Sani rozi etsam…

Holim nadir – bilolamayman, bilolmayman!..
Vasling qayda! Man O’zimga kelolmayman,
O’lmay turib, o’lmay turib o’lolmayman…
Shum nafsimga imonimni qozi etsam,
Amalim-la, Mavlom, Sani rozi etsam…

Ishqing yoqsa, yonib-yonib kul bo’lsam-a!
Bandam desang – bir xokisor qul bo’lsam-a!
Madinangni sahrosida qul bo’lsam-a!
Shum nafsimga imonimni qozi etsam,
Amalim-la, Mavlom, Sani rozi etsam…

Haqqa eltgan oyoq osti yo’l bo’lay man,
Kalomingdan so’zlaguvchi til bo’lay man,
Hushimni ol – telba-oshiq dil bo’lay man!
Shum nafsimga imonimni qozi etsam,
Amalim-la, Mavlom, Sani rozi etsam…

Ko’z yoshlarim tinmay oqsin – sel bo’loyin,
Tong-la Mahshar aro peshvo el bo’loyin,
Habibingning poyidagi gul bo’loyin!..
Shum nafsimga imonimni qozi etsam,
Amalim-la, Mavlom, Sani rozi etsam…

QASIDA

Arshning qubbalariga nomi nur-la yozilgan,
Ismi samoda Ahmad, yerda Muhammad bo’lgan,
Yetti qavat osmonda Haq jamolini ko’rgan
Avval-oxir yo’lboshchi, yo hazrati Muhammad!

Sizga nur yomg’irlari yog’arkan yeti qatdan
U tunda siz, din kelgan azal qadar uzoqdan.
Malaklar har zarraga mujda berarkan haqdan
U tunda siz tug’ilgan, yo hazrati Muhammad!

Quyosh ham u kechaning nuriga sajda qildi!
Yulduzlar behud bo’lib, koinot vajda qildi!
Hamdu sanolar bari Yaratganga o’qildi,
U tunda siz tufayli, yo hazrati Muhammad!

Ka’bada shirk toshlari – butunlay yerga qularkan,
Jaholat bayroqlari bari bir-bir sinarkan,
Ming yillik kufr olovi abadiyan so’narkan,
Qutlug’ qadamingizdan, yo hazrati Muhammad!

Shu tunda Sa’va ko’li mo’jizayla yo’q bo’ldi!
Kisro saroylarining ustunlari yiqildi!
Arzdan Arshgacha olam rahmatingizga to’ldi!
- U kecha siz, din kelgan, yo hazrati Muhammad!

Go’daklik yo’rgagingiz oq bulutdan o’rlagan,
Tug’ilib-tug’ilmasdan, sajda amri berilgan,
Boshingizda olamga rahmat toji ko’rilgan!
Koinotning sarvari, yo hazrati Muhammad!

Sizning go’zal xulqingiz, axloqning namunasi,
Go’zal sabr bobida basharning eng a’losi!
Ul Jannat makoningiz, faqirlarning xonasi!
Ko’ngillar xazinasi, yo hazrati Muhammad!

Sizga shohid haq so’zlar azaldan beri har on,
Sizga shohid oyatlar har zarrada bitilgan!
Sizdan ayro qolmoqqa qanday chidasin, bu jon?
Siz har jonda jononsiz, yo hazrati Muhammad!

Me’roj tunida bir-bir, ochildi so’zga ko’klar,
Salom bilan qarshilab, har qavat payg’ambarlar!
Shunda bir on keldi-ki, to’xtab barcha malaklar!
Haqqa yolg’iz bordingiz, yo hazrati Muhammad!

Haq bilan qul visoli, u ilohiy bir to’yda,
Hech kimdan hech kimsaga foyda bo’lmagan kunda
Xayru-sharrni xos tortgan, u tarozu o’rniga
Siz shafoatchim bo’ling, yo hazrati Muhammad!

Bilamizki, hukmi yo’q, bu dunyo ne’matining,
Ko’ngildir sarmoyasi, oxirat sarvatining,
Sizga salovat-salom yo’llagan har ummatning
Jannat shohidi bo’ling, yo hazrati Muhammad!

Ko’ngil ko’zi ko’r inson, jon ko’zini naylasin!
Dunyoda do’nmagan til, Mahsharda ne so’ylasin?!
Mavlo, butun basharni ummatingiz aylasin!
Bayrog’ingiz ostida, yo hazrati Muhammad!

Jannat sari yetaklang, yo hazrati Muhammad!
Jannatlarga yetaklang, yo hazrati Muhammad!

Turkchadan Gulbahor Abdulloh qizi tarjimasi


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.