background
logotype
image1 image2 image3

G'iyosiddin Muhammad Yusuf

Alloh rozi bo‘lsin sizdan muslimalar!

O’zni mudom to‘sarsiz nomahramlardan.
Balki kimlardir sizni mazax qilgaylar.
Bilsangiz siz ming bora afzal ulardan!
Alloh rozi bo‘lsin sizdan muslimalar!

Ba’zilar kiyib olibon tor libosni,
Nomahramlarga o‘zlarin ko‘z-ko‘z qilar.
Siz juftingiz uchun qilarsiz pardozni,
Alloh rozi bo‘lsin sizdan muslimalar!

Fahsh-u buzuqchiliklar avj olgan davrda,
Iffatni asrab yurmoqlik qiyin bo‘lar.
Haqq rizosi uchun qoim bo‘ling sabrda.
Alloh rozi bo‘lsin sizdan muslimalar!

Ba’zilar bu libosdan qilgaydirlar or.
Muslimalar egnida buncha yarashar.
Ko‘rsam bir so‘zni aytaman takror-takror:
Alloh rozi bo‘lsin sizdan muslimalar!

Yod ko‘zlar nazaridan etib himoya,
Hamda Robbil ‘alamiyn rizosin tilar.
Libosingiz kabi libos yo‘q dunyoda.
Alloh rozi bo‘lsin sizdan muslimalar!

Siz onamsiz, siz opam, siz singillarim.
Doim haqqingizga barcha duo qilar.
Sizga atalgandir eng go‘zal she’rlarim.
Alloh rozi bo‘lsin sizdan muslimalar!


Biz sevib tinglagaymiz ushbu Qur’onni!

Afsus, kimdir eshitsa ensasi qotar.
Shu bilan ham bilish mumkin musulmonni.
Rosti buni eshitish bizlarga yoqar.
Biz sevib tinglagaymiz ushbu Qur’onni!

Har bir harfiga o‘nta savob bo‘lsa jo.
Qaydan topish mumkin bunchalar imkonni?!
Eshitish ham savob hisoblanur hatto.
Biz sevib tinglagaymiz ushbu Qur’onni!

Mo‘‘jizadir har bir sura, har bir oyat.
Fikrlashlikka chorlar doimo insonni.
Ikki dunyomiz uchun zarurdir g‘oyat.
Biz sevib tinglagaymiz ushbu Qur’onni!

Sahobalar Qur’onni to‘liq olmish yod.
Hozirda ba’zilar bilmas farzi aynni.
O’qimay, eshitsa ham yod bo‘lar, hayhod!
Biz sevib tinglagaymiz ushbu Qur’onni!


Namoz

Iymondan keyingi sharaf-shondir namoz.
Rasulga ummatlikdan nishondir namoz.

Kunda besh vaqt ado etsang ixlos ila.
Qiyomatda do‘zaxga qalqondir namoz.

Arz-u holing bo‘lsa aytgin Yaratganga.
Alloh bilan suhbatga imkondir namoz.

Nafl namozlar o‘qigin uyda doimo.
Jonsiz xonadonlar uchun jondir namoz.

Malollanmagin sen, aslo mushkul emas.
Haqq rizosi-chun bo‘lsa, osondir namoz.

Ajr-u savoblari-chi, bisyordir beshak.
Alloh rahmati yog‘ilar ondir, namoz.


Men sizni Alloh uchun yaxshi ko‘raman!

Namoz o‘qiy deb tong saharda turasiz.
Sunnat deya masjidga qarab yurasiz.
Ixlos ila qibla tomon yuz burasiz.

Men sizni Alloh uchun yaxshi ko‘raman!

Yod olarsiz mehr ila, Alloh kalomin.
Istagingiz ko‘rmoq O’zining jamolin.
Va o‘tganlarga bag‘ishlarsiz savobin.

Men sizni Alloh uchun yaxshi ko‘raman!

Allohning buyruqlarin bajarib beshak.
Ham sunnatni ado etay deb siz halak.
Yasharsiz sahobalardan olib o‘rnak.

Men sizni Alloh uchun yaxshi ko‘raman!

Kunlar issiq bo‘lsa ham ro‘za tutasiz.
O’tganigamas, kelganda shukr etasiz.
Siz har doim ham Allohni zikr etasiz.

Men sizni Alloh uchun yaxshi ko‘raman! 

Yordamingiz ayamay faqir, miskindan.
Kishilarga o‘rnak bo‘lasiz siz chindan.
Bir so‘zni aytay chiqarib chin ko‘ngildan:

Men sizni Alloh uchun yaxshi ko‘raman!

Haj ziyoratiga qilarsiz harakat.
Alloh va Rasul deb qilasiz harajat.
Orzudir - Baytda namoz o‘qish bir rak’at.

Men sizni Alloh uchun yaxshi ko‘raman!


Salom berish sunnatdir!

So‘z boshlaganda hamisha, har dam.
Salom bermayin maqsadga o‘tmang.
Salom berganlar Payg‘ambarlar ham.
Salom berish sunnatdir unutmang!

Alloh sifatlaridan bir sifat.
Siz salomga hech past nazar etmang.
Salomni Alloh ham suyar albat.
Salom berish sunnatdir unutmang!

Otangizga salom bermassiz gar.
Bolalaringizdan salom kutmang.
Qush uyasida ko‘rganin qilar.
Salom berish sunnatdir unutmang!

Islom go‘zalligin eting ayon.
O’zgalarning yo‘llarini tutmang.
Bo‘lsangiz bo‘ling komil musulmon.
Salom berish sunnatdir unutmang!

Yetganda so‘z tugaydigan mahal.
Yana bir salom bermay tugatmang.
Boshida, ham oxirida har gal.
Salom berish sunnatdir unutmang!

Alik olish esa vojibdir unutmang!


Avratingizni yoping ayollar!

Erlarning ko‘zi yerga qadalgan.
Jim surib boradirlar hayollar.
Siz ham qaysidir erga atalgan.
Avratingizni yoping ayollar!

Er yoniga chiroyingiz oching.
Birga quvnasin jufti halollar.
Ammo nomahramdan darhol qoching.
Avratingizni yoping ayollar!

Erlar bu holga nahot rozidir?!
O’zga bermasmikanlar savollar?!
Rozilik dayuslikning o‘zidir!
Avratingizni yoping ayollar!

Erlarni so‘zlari o‘tmasmi yo?
Ayollar chiqararmi qarorlar?!
Alloh rizosi uchun avvalo.
Avratingizni yoping ayollar!

Pushaymon bo‘libon chin ko‘ngildan.
Ma’siyatlarga bering poyonlar.
Haqq amriga bo‘ysunib bugundan.
Avratingizni yoping ayollar!

Islom sharafin aylang himoya.
Ko‘p ham quvnamasinlar ag‘yorlar.
Shariatga aylang siz rioya.
Avratingizni yoping ayollar!

Sizni duolar qilay men xolis.
Siz uchun yozay she’r-u bayonlar.
Faqatgina iltimosim yolg‘iz:
Avratingizni yoping ayollar!


Xotirjamlik

Zalolat davrlari xo‘p og‘ir kechib.
Orom izlabon har yon yelib-chopdim.
Hidoyat chashmalaridan suv ichib.
Xotirjamlikni ibodatda topdim.

Mol - dunyo istagida yurtlar oshib.
Daromat emas malomatga botdim.
So‘qir bu ko‘zlarimni bir kun ochib,
Xotirjamlikni qanoatda topdim.

Ish bermas ekan tuhmat yoki yolg‘on.
Fosiqlik atalmish daftarim yopdim.
Haqq amrin bajaray to bor ekan jon.
Xotirjamlikni itoatda topdim.

Yaratgandan o‘zga asramas aslo.
Yolvorib o‘zim panohiga otdim.
Tunlari tahajjudda aylab duo.
Xotirjamlikni ijobatda topdim.

Ko‘krak kerdim mag‘rurlikdan ba’zida.
G’alabadan o‘zni butkul yo‘qotdim.
Keyin bildim kim ekanim aslida ...
Xotirjamlikni inoyatda topdim.

Bema’ni musiqadan o‘girib yuz.
Qur’oni Karimni birma bir ochdim.
O’qisam ham bir oyat yoki bir so‘z.
Xotirjamlikni qiroatda topdim.

Namoz o‘qib huzur topmasman nechun.
Go‘yoki turib, o‘tirdim va yotdim.
Rasulullohni sunnatlari uchun,
Xotirjamlikni jamoatda topdim.


Muslimalar

Qayda bo‘lsa-da hamrohlari ordir muslimalar.
Nomahramlar-chun, yuzi pardadordir muslimalar.

Kunduzi besh vaqt namozda mudom erurlar qoim.
Tunlarda tahajjud ila bedordir muslimalar.

Ramazon oyida ro‘zani tutgaydirlar albat.
Balki, shavvolda ham ro‘zadordirlar muslimalar.

Haqqning kalomini yod olurlar ishtiyoq ila.
Qoriya degan nomga sazovordir muslimalar.

Sunnatga ham amal qilmoqlikka intiladirlar.
Ba’zi erlardan ko‘ra taqvodordir muslimalar.

Allohim bularga taqvodor yigitlarni yor et.
Johillardan o‘zlari ham bezordir muslimalar.

Rosululloh diniga qarab tanlagin deganlar.
Arzigay, har kimsa bo‘lsa xaridor, muslimalar.

Farzni ado etay deb haj qilmoqqa oshiqarlar.
Mahramlari ila Baytda qatordir muslimalar.

Allohim muslimalarga ulug‘ mukofot bergay.
Jannatda hurlardan ko‘ra husndordir muslimalar.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.