background
logotype
image1 image2 image3

Fozil Zohid

BIR KUN

Hayot binosinig bir g’ishti ko’chdi,
Kech tushdi, bir kunning quyoshi o’chdi.
Bir kuningni bir umrga qiyos qil,
Tongni kelish, shomni ketish vaqtin bil.
-Qanday kechdi kunim? Qildim ne savob?
Qalgan qaysi ishim vijdonga azob?
Ne kor etdim Xudo rozi bo’lgudek?
Qarzim yoqmi o’lsam hozir o’lgudek?
Kimni mamnun aylab, ranjitdim kimni?
Ustimdan o’qirlar qanday hukmni?
Har kech shu savolga izlamak javob
Ahli imonga xos hikmatdan bir bob.
Shunga qilib amal bo’l odil hakam,
Bu yo’lda ayama o’zingni hecham!
Kunduz sodir qilgan gunohing uchun
Kechda do’zahda yon, yug’la jigarxun!
Xayolan o’lib ko’r va kir qabrga,
Javob qil savoli Munkar-Nakirga.
So’ng tarozuga bor, pallasiga boq,
Savob izla, gunoh kelsa og’irroq.
Qadam qo’y qildan-da nozik bo’lsa ham,
Tushib ketma, ko’prik osti jahannam.
Safar haqdir, har kun esla ketarni,
Dilingdan faromush qilma xatarni.
O’lmay o’tkaz o’limni o’z nafsingdan
Yetsa ajal, hech ish kelmas dastingdan.
Bas, har kuning, har nafasing g’animat,
Sharrdan tiyil, xayrotga qil azimat!

TASBEH

Bir vujudda ikki unsur,
Biri mardud, biri manzur.
Talashgani talashgandur,
Subhonalloh, subhanalloh!

Biri nafsdur, biri imon,
Nafs zolimdir va beomon,
Jilovida ayyor shayton,
Subhanolloh, subhanolloh!

Nafs: to’ymasman, yuhoman, der,
Ne duch kelsa, yutaman, der.
Imon: bo’g’zing tutaman, der,
Subhanalloh, subhanalloh!

Imon qushi qo’sh qanotin
Xavfu rajo derlar otin.
Qo’rqit! Tottir umid otin,
Subhanalloh, subhanalloh!

Harki bunyod – oxir nobud,
Otdan, taxtdan so’ng bor tobut!
Saqlay olmas qalqon, sovut,
Subhanalloh, subhanalloh!

Hisrga moyil har tirik tan,
Saqla hirsdan, subha-shirkdan!
Kelur sado yeru ko’kdan:
Subhanalloh, subhanalloh!

YOLG’ON SO’Z IMON ZAVOLI

Demak yolg’on – mo’minlar fe’li emas,
Yolg’onchini Payg’amvar ummat demas.

Barcha jonzot bezabon g’ayri inson,
Qildi aziz insonni, berib lison.

Tilni pok asrash aqli taqvoga xos,
Asray olmagan tilni tilsin olmos!

Derlarki: tilga yog’on kelgan zamon,
Hazar qilib ketgusi dildan imon.

So’zlanur yolg’on imonsiz holatda,
O’zing zalolatda, dining g’oratda.

Oh! Kechar beimon qancha vaqtimiz,
Chunki rost – nasiya, yolg’on – naqdimiz.

O’tkir qotilmag’an sof gap bormikan?
G’iybatsiz ochilgan bir lab bormikan?

“Aldangani bola yaxshi” deganlar,
Ozmi ekkanin o’rib, pand yegablar.

Tilni kim bulg’asa yolg’on-najasga,
Tanbeh joiz albatta ul nokasga:

- Tiling pokla! Botdi harom – og’uga,
Poklamasang, sudrar seni tamug’ga!

Tobakay yasharsan aldab-aldanib?
So’zing rostla, mo’min, o’zing ol tanib!

TAQVOGA KEL

Kel, ozoda, tinglag’il so’z taqvodan,
So’zki, bergay xabar xayri baqodan.
Ey til “taqvo” demakka bormi hadding?
Qachon tiygaysan o’zing lafzi boddin?
Suhbat aro g’iybat bo’lib demishing,
Birodaring go’shti go’yo yemishing.
Omixtadir rost bilan yolg’on-yashiq.
Qayon boqsang, halol-haromqorishiq.
Qo’yga to’ng’iz yonma-yon, yoq e’tibor,
Qozonlarda murdor hayvon e’tibor.
Goh olib ehson qallob ham yonidan,
Tuz yeb zakotsiz boy dasturxonidan,
Halolga sa’y, haromdan hazar qani?
Farqlashga foruqi pok nazar qani?
Ne sud har yon chopmoq istab taqvoni,
Qayda imkon topmoq izlab anqoni.
Qodirsan Xudoyim, yoqni bor ayla.
Qil hidoyat, bizni taqvodor ayla.
Haq kitob va Rasul sunnati haqqi,
Ey mo’min, tavbaga kel, bo’l muttaqiy.

KETMAKCHIMAN

- Yo’lga shaylan! – keldi xitob,
Men uyimga ketmakchiman.
Qo’nalg’ani tashlab shitob,
Men uyimga ketmakchiman.

O’tab muddatli xizmatim,
Bitdi mehmonlik izzatim,
Yaxshilik bilan uzating,
Men uyimga ketmakchiman.

Uzoqlashib makonlardan,
Ahli davru davronlardan,
Yaxshilardan, yomonlardan,
Men uyimga ketmakchiman.

Yaqin hamdamlarni tashlab,
Qayg’u-alamlarni tashlab,
So’nggi qadamlarni tashlab,
Men uyimga ketmakchiman.

Dunyo g’amin qo’yib dog’da,
Ko’nglim yorda, ko’zim bog’da,
Rabbim, o’tdi qil yirog’da,
Men uyimga ketmakchiman.

Ul diyorda otam-onam,
Qarindoshlar, yaqinlar ham,
Diydor nasib qilg’il, Egam,
Men uyimga ketmakchiman.

Shukrim ko’p, bor zurriyotim,
Kitob she’rlar durriyatim,
Titrab qalam qolur yetim,
Men uyimga ketmakchiman.

So’rsangiz: “Uying qayda?”
Hamma boradigan joyda,
Turganim bas bu saroyda,
Men uyimga ketmakchiman.

Xayr endi, bo’ling omon,
Yelkaga yukman bir zamon,
Yaxshi qoling, tilang iymon,
Men uyimga ketmakchiman.

JANNAT ISTASANG

Jannat istasang, avval mo’min bo’l,
Chunki beiymonga berk jannatga yo’l.
Desang: mo’minlikning belgisi nadir?
Sevgidir. Bu ganjni o’zingda qidir.
Agar topsang, iymondan dalolat bu,
Topolmasang, qo’rq! Yomon alomat bu!
Sirdek asra, jon ichra sol sevgini,
Shunday sevki, sevganing sevsin seni.
Allohim sev, ishqida yonsin qalbing,
Zikri bo’lsin nafsing, yurak zarbing.
Sevib Payg’ambarni, tutgil sunnatni,
Ne tong, Rabbing nasib qilsa jannatni.
Millatni sevganlarga bu baxt ato,
Birodarlarga ko’rsat mehru vafo.
Istar bo’lsang jannatda xos xonani,
Sev, rozi qil ota bilan onani,
Rabbim! Do’zax o’tin qil bizdan yiroq,
Ishq otashin dilga sol, shu o’tda yoq.
Bir o’tki, qalbni poklab, purnur qilg’ay,
Oshiqlarga bobi jannat ochilg’ay.

O’LIB BO’LMAS

Qildi goh yolg’on goh g’iybatni kor,
So’zi bilan chaqdi kimni misli mor,
Bahsu jadal jahlini etdi oshkor,
Bu til bila Suhbatga kirib bo’lmas.
Yiroq qadamdan nazar, hushdan nafas,
Tama’ raqsiga o’ynashni qilmay bas,
To nigoh siymu zarda, ichdi xannos,*
Bu ko’zlar bila Diydor ko’rib bo’lmas.
Bilmayin halol-harom odob tarzin,
Oldi, berdi, tutdi qo’l, chaldi qarsin,
Ozor ko’rganlar aytur da’vo-arzin,
Bu qo’l bila Mahsharga borib bo’lmas.
Yozuqlar sari qo’rqmay qo’ydi qadam,
Yer so’zlar, bosgan izlar guvoh ul dam,
Bosdi nonni, ezdi chumolini ham,
Oh, oyoq! Ko’prik tomon yurib bo’lmas.
Xayolot dashtida goh yo’l adashur,
Gohi cho’kib, gohida daryodek toshur,
Poklanmagan, hanuz dog’, qora sho’r,
Bu ko’ngil bila Sirni bilib bo’lmas.
Ey Fozil, bir karvonsan, sarboni yo’q,
Sarbonsiz dovon oshmoq imkoni yo’q,
Yoking og’ir – gunohing ko’p, soni yo’q,
Bu ahvolda tavbasiz o’lib bo’lmas!

*Xannos – iblisi lain

YAXSHI ODAM

Bo’ldim bir zot hamnishini,
“Yaxshi odam” dedi eli,
So’ramadim bu kishini
Aziz qilmish qaysi fe’li.
Yaxshi oam, yaxshi odam,
Bor ekansan-ku dunyoda.
Yorishib ketdi bu olam,
Ayt, qandayin kelding bu yona?
Izlaganim, sog’inganim
Topdim bugun, shukru lilloh.
Shubhadan pok dilim manim,
Yaxshidir u, eli guvoh.
Ul yaxshi bo’lsin salomat,
Panohingga ol, Xudoyim.
To u bor – yaxshi alomat,
Bo’lmagay qiyomat qoyim.

SO’ROQLASA MENI DO’STLAR

So’roqlasa meni do’stlar,
O’lgani yo’q hamon, denglar.
Yonib turgan o’t ichidan,
Chiqajakdir omon, derlar.

Qo’lida aso-langari,
Misli nayzaboz janggari,
Otlandi katta jang sari,
Qaddi o’qlig’ kamon, denglar.

Dushman kuchli, bo’lmas taslim,
U – ashaddiy zolim nafsim,
Hamla qilsa, kelur bas kim?
Yovning shaxti yomon, denglar.

Hujum etsa, jadallab nafs,
Vujud mulkin egallab nafs,
Minsa meni egarlab nafs,
Bo’libdi xar, hayvon, denglar.

Keldi elchi, dedi filhol:
“Jang-jadal bas, endi bil hol,
Nafs bilan yarash, telba chol!”
Ul elchini shayton, denglar,

Yarash emish! Bunda ne sir?
G’arazidir qilmoq asir,
Men qul bo’lsam, nafsim – amir,
Qo’pti oxir zamon, denglar!

Nafs bir taraf, men bir taraf,
Madad bergil o’zing, yo Rab!
Olishuvda yengsam, sharaf,
Ofarin, qahramon, denglar.

Bergayman shum nafs jazosin,
Topib savob – ruh g’izosin,
Qozonsam Alloh rizosin,
Shunda meni inson, denglar.

XOSLAR HOLI

Ahmad Ziyouddin Kumushxonaviy – 
Erdi qutbi zamon, payravi Nabiy.

Taqvoda tengsizu, toatda qoyim,
Tilda, dilda Xudoning yodi doim.

Yetsa qayg’u, yot shikva-nolish anga,
Eltsa uyqu, tizzasi bolish anga.

Jismiga o’rladi nogoh betoblig’,
Demadi “voh” bo’lsa og’ir ne chog’lig’.

O’ltirarkan, yumildi ko’zi nogoh,
Ko’rib tabib, holidan bo’lsa ogoh.

Dedi: eltmish uyqu, endi oldin dam,
Yotqizinglar, yozing oyoqlarin ham.

Shayx Hazrat bir oz o’tib ochdi ko’zin
Uzonib yotgan holda ko’rdi o’zin!

Afsus ila dedi: “Astag’firulloh!
Behudlikka o’tdi bu ayb, netay, oh!

Ahboblar! Qo’yib meni hijolatga
G’aflat chog’I solibsiz tang holatga.

Robbim huzurida uzatmoq oyoq – 
Beodobliq manga bu taxlil yoqmoq!

Tavba qildim, shu bo’ldimi bandalik?
Oyog’imni yig’dim – bas sharmandalik!”

Ko’rding xolis qulning hayot tarzini,
Balki, undan olgin odob darsini.

Nafso! Yig’moqqa poying qani toqat?
G’aflatdasan murdadek vaqti toat.

Yotar kunlar kelar, uyg’otib bo’lmas,
Uzatilgan oyoqni tortib bo’lmas!

U kunga hozirlan o’lmasdan burun,
Ko’zing och tuproqqa to’lmasdan burun!

UCH TOIFADAN HAZAR QIL

Hadisiy hikmatlardandir muni bilsang,
Hayotda naf’I bo’lg’ay amal qilsang.

Uch toifa odam borki, qil hazar,
Yaqin borsang yuqor kasofat zarar.

Kimdanki ota-ona rozi emas
Qilib oq, yuz o’girsa, bolam demas.

Bilgil undan rozi bo’lmas Xudo ham,
Yomonlarning yomonidir u odam.

Yana biridir erkak mijoz ayol,
Ko’cha kezar olifta yigit misol,

Boshda telpak, ustida er libosi,
Yurar kerib ko’krakni, yo’q ibosi.

So’zlari ham o’zi sifat, beparda,
Chakinmas chekkaga, hatto chakar-da.

Erkaklashgan qizdan chiqmas xosiyat,
U er, sen xotin bo’lsang – uyat! uyat!!

Bil, yaxshilar yana kimni der yomon:
Xotinga rashk qilmagan er yomon.

Nechuk er u, yot ellarda sarson yor,
Na qizg’anmoq, na mehru shafqat bor.

Bo’lsa kimki hamiyatsiz benomus,
U erni sen dema inson, de dayus.

Bu uch guruh sharridan saqla, yo Rabb!
Qora qilma yozlarni, oqla, yo Rabb!

DAJJOLDAN HAM XAVFLIROQ!

Rasul dedi: Dajjoldan ham xavfliroq – 
Bir kimsa bor, sharridan joiz qo’rqmoq.
Nasibai ilmi oz, kibri ziyod,
Elga imom bo’lsa gar u nimsavod,
Bilimdonlik lofin urar va’z o’qib,
Bilmasa ham, beasos fatvo to’qib,
Bo’lib osiy, adashtirar qavmin ham,
Durust dema toat, salot-savmin ham.
Chalg’atib xalqni, nohaq yo’lga boshlar,
Yonar uning o’tiga ko’p dindoshlar.
Yondoshma Dajjol sifat xudnamoga,
Gumrohga ergashib, qolma baloga.

YOD ET

Aytib hamdu sano, Xudoni yod et,
Qilib toat-taqvo, Xudoni yod et.
Agar yo’ldan adashsang, tilab hidoyat,
O’zin bil rahnamo, Xudoni yod et.

Xohi oily maqom, xoh xorlig’dasan,
Xohi yo’qlik ichra, xoh borlig’dasan,
Xoh kengliklar aro, xoh torlikdasan,
Har yerda, doimo Xudoni yod et.

Nogoh qo’nib Humo boshing osmonsan,
Charaqlab yulduzing misli cho’lponsan,
Haqqa qulsan, garchi yurtga sultonsan,
Xoh shohsan, xoh gado, Xudoni yod et.

Taqdiri azaldir o’lim firog’I,
Sabr-toqat ayla musibat chog’I,
Duo qil: joyi bo’lsin jannat bog’I,
Qazoga bo’l rizo, Xudoni yod et.

MEHR QOLUR

Dildor bir, dilni ber birga,
Ikki deb ketma kufrga,
Tavhid ahli bilan birga – 
Mehr qolur, muhabbat qolur.

Tashlab ketsa seni ahbob,
Yolg’izman deb bo’lma xunob,
Qalbda porlab misli oftob
Mehr qolur, muhabbat qolur.

Ne g’am qazo-yu qadardan,
Xoki turob bo’lsa badan,
Mangu o’lmas pok ruh bilan
Mehr qolur, muhabbat qolur.

Jon fido qil yorga, Fozil,
Jannat daraxtiga osil,
Diydoriga bo’lsang vosil,
Mehr qolur, muhabbat qolur.

ZAHRI QOTIL

Bo’ldi u sharabning asir-tutquni,
Olib aqlu hushin, buzdi xulqini.
Topgan-tutganidan ketdi baraka,
Qo’li qing’ir, haromlandi xalqumi.

Qiyshiq afti aks etar jomi alayda,
Yorga vafo, farzandga shavqat qayda,
Goh jirkanch hayvon yanglig’ yotib loyda,
Ko’rgan hazar qilar sovuq turqini.

“sog’liq uchun” deya og’u ichdi u,
Dard ortttirib, zaharladi ichni u,
Xonumondan, yor-do’stlardan kechdi u,
Qoldi na xesh-aqrabo, na yaqini.

Dining poklikda bunyod, bo’l ozoda,
Xirmoning berma bodga, ichib boda,
Iymondan ham ajralib, so’ng mabodo,
Qa’riga tortmasin do’zax yolqini!

Ma’rifat ziyosi joy olsa dildan.
Yurtimiz poklanur harom botildan,
Shunda qutilgaymiz zahru qotildan,
Chetga sursa uni hayot to’lqini!

BADGUMON BO'LMA

Ey, aziz zot, arzim bor,
Ijozat bersang, aytay.
Birodarlik qarzim bor,
Sen qaytmasang, men qaytay.

Aytchi, arazing umri,
Ketmadimi uzayib?
Kaminaning chin uzri:
Kechir, bo'lsa menda ayb.

Sen balandda, men pastda,
Lek, zarra yoq hasadim.
Huquq, erk toki dastda,
Adolat qil - maqsadim.

Turtib - siltamasang bas,
Qo'ysang o'z qavmim bilan.
Bas erkin olsam nafas,
Qo'y solat-sovmim bilan.

Qo'rqma, qilma vohima.
Senga g'anim emasman.
So'ramasman bir nima,
Mulkingdan ber, demasman.

Ko'nglim g'arazdan holi,
Do'stim, badgumon bo'lma.
Gumon - iymon zavoli,
Nogoh beiymon bo'lma!

Ne hojat bezovtalik,
Yetar, dilni g'ashlama.
Ha, mendan qilma hadik,
Qo'y, dushman tarashlama!

Arazni chetga surib,
Ber qo'ling, yarashaylik.
Haqiqiy mo'min bo'lib,
Ahillikda yashaylik!

KO’NGIL KO’NGILDAN SUV ICHAR

Qalblar borki osmondek keng, quyosh yanglig’ shu’la sochar.
Saxovati ummonga teng, mavji cho’lda gullar sochar.
Kel, yo’lchi, bo’l misli burgut, hasadlardan havolab o’t,
Dog’da qolsin qora bulut, tog’ burguti baland uchar.
Oyat, hadis – koni hikmat, azizlar so’zi – purhikmat,
Nodonlarga bo’lsang ulfat, qalbingning chirog’i o’char.
G’anim aldar, pinjga kirib, naqdi iymonni kuydirib,
To’yda “siylar” to’n kiydirib, xilvotgohda kafan bichar.
Ey nafs, qo’y, izlama aduv, el bilan bo’l inoq-totuv,
Shak-shubhani dilingdan quv, Haqni yod et, shayton qochar.
Topsang Fozil do’sti jonni, yolg’iz yema, oshu nonni,
E’zozla ahli Irfonni, ko’ngil ko’ngildan suv ichar.

TO’RTLIKLAR

Elga terroru tug’yon vahmidan xavf,
Dilga shubhayu bo’hton zahridan xavf.
Agar iymon butun, kufr sanga naylar,
Dinga noqis musulmon sharridan xavf.

Gar sohib qanoat, gadoyni boy bil,
Qilsa eldan tama’, boyni gadoy bil.
Qane’ yeriga oqar chashmai g’ayb,
Ta’magir xor-zalil, qurigan soy bil.

Bir qarasang, qaytar dunyo – bu dunyo,
O’chakishsang, qaysar dunyo – bu dunyo.
Rozi bo’lsang, tildan kelgan baloga,
To’g’ri so’zni aytar dunyo – bu dunyo.

- Kemang qayon surmoqdasan, ey kishtibon?
Manzil uzoqmi yo yaqin, ayla bayon.
Qayga boryapmiz? O’zim ham bilmay qoldim.
G’am yema, borurmiz kema eltgan tomon…

Berganing oz dema, Haq holing bilan,
Demak, shundan ortig’I ko’plik qilar.
Agarchi tashnasan, bir kosa suv bas,
Qilmag’il daryoni yutmoqni havas.

Ko’p yemak odam-u molni ne qildi:
Odam orttirdi dard, ho’ksiz so’yildi.
Dema nafsim: u yaxshi yo bu yaxshi,
Neni ravo ko’rsa Razzoq – shu yaxshi.

Yo Qudrat! Hayratdamen, ne sir bor havolarda,
Yo’l ochding, kezar inson u oils ma’volarda.
Qayga qo’nding, fazogir? Osmon tinchmu, xavf yo’qmi?
Yerga sig’maganlarga bormu joy samolarda?

Derlarki: Birov uchun ishlash yomon,
Do’stni do’stga qarshi gij-gijlash yomon.
Aytayinmu bundan-da yomonini,
Birni birning tishi-la tishlash yomon!

Ganj kerakmi? Izla vayronalarda,
Shodlikmi? Topg’aysan g’amxonalarda.
Dur kerakmi? Toshlar orasinda u,
Haqiqatmi? Ertak, afsonalarda…

Gar so’zlar bo’lmas salaflar so’zicha,
Yerni idrok qilur har kim o’zicha.
Dedilar: “Supracha, tirnoq yuzicha”,
Bizga yer tasbeh donasi ko’zicha…

Sanoni nafaqat til, yurak aytur,
Jism ila jon birga-mushtarak aytur.
Uch yuz oltmish tomir ham tordek titrab,
Junbushda to’rt yuz qirq so’ngak aytur.

Elga emas, o’zima hayrondurman,
Hamma yaxshi, men nega yomondurman?
Uyni yodlash, ketmak g’ami dilda yo’q,
Qadrin bilmas men nechuk mehmondurman?

Ey alif, egilma, dolga o’xshama,
Kerak payt haqni de, lolga o’xshama.
Gumrohga ergashib, qayon borursan?
Yetaklasa, yurgan molga o’xshama!

HIKMAT QATRALARI

Avlodga mol yig’ib, chekma ranj-azob,
Meroslar yaxshisi go’zal xulq, odob.

Yuzingga qora dog’ cheksa bir gunoh,
So’ng bir savob qilki, yuvilsin siyoh.

Munofiqni uchta belgidan tani:
Yolg’on so’z, xiyonat, buzmoq va’dani.

Ko’z to’ymas va to’lmas ko’pga, ko’proqqa,
Vaqti kelib to’lar qora tuproqqa.

Ziyorat pesha qil va angla sirni,
Go’riston eslatur yavmul-oxirni.

G’am yema saloming qolsa bealik,
Salomingga alik olg’ay maloyik.

Bir chayon inida ikki chaqilmoq,
Haqiqiy mo’minga xos emas mutloq!

Hikmatli so’z – mo’min yo’qotgan inju,
Qayda topsa olsin, o’zini ganji u.

Ota do’stlaridan ko’z yumsa o’g’lon,
Qalb chirog’I ham xira tortar begumon.

Farzandlarini teng ko’rmagan padar,
Xudo g’azabiga uchrar muqarrar.

Haqidir otadan uch hissa ortiq,
Ehsonning ko’pin qil onaga tortiq.

Bir soat ilm uchun riyozat chekmoq,
Bir kechalik bedor toatdan behroq.

Isrofil sur chalsa, qarab turma lol,
Ekib ket, qo’lingda qolmasin nihol!

Zaif ololmasa kuchlidan haqin,
Tangri ulug’mas bunday el xalqin.

FARDLAR

Dema nafsim, u yaxshi yo bu yaxshi,
Neni ravo ko’rsa Razzoq, shu yaxshi.

Berganin oz dema, Xaq holing bilar,
Demak, shundan ortig’i ko’plik qilar.

Ko’p yemak odamu molni ne qilar:
Biri orttirdi dard, biri so’yilaydi.

Agar-chi tashnasan, bir kosa suv bas,
Qilmag’il daryoni yutmoqni havas.

Tomosha ham, cho’kma ham, bo’lg’il mo’tadil,
Omonlik – o’rtada, o’zing tuta bil!

Isrofil sur chalsa, qarab turma lol,
Ekib ket, qolmasin qo’lingda nihol.

Balki ikki mo’min urishgan mahal,
Yarashtirmoq barcha toatdan afzal.

Kechir agar o’tsa birovdan gunoh,
Avf qilguvchini do’st tutar Alloh.

Ulamo – kavokib, tunlar charog’on,
So’nsalar, yo’lchilar gumroh, sargardon…

Yuzingga qora dog’ cheksa bir gunoh,
So’ng bir savob qilki, ketsin ul siyoh.

Kimki qilsa elning hojatin ravo,
Ul solih bandadan Alloh ham rizo.

Shukrli bo’lsangiz, ne’mat ziyoda,
Noshkurlar rizqi ortmas dunyoda.

G’am yema saloming qolsa bealik,
Salomingga alik olg’ay maloik.

Bir soat ilm uchun riyozat chekmak,
Bir kechalik bedor toatdan behrak.

Obidlar ichra maqbul, eng basavob
Uldirki, haromdan qilsa ijtinob.

Me’yoridan oshsa qahqaha, kulgu,
Dilni o’ldurgusi, monandi og’u.

Sen to’q bo’lib, qo’shning qolsa och-nahor,
Mo’minlik da’vosini qilganing bekor.

Uchtadir munofiq belgisi, tani:
Xiyonat, yolg’on so’z, buzmoq va’dani.

Ma’siyat dog’ini poklay olmas suv,
Poklar uni faqat tavba-tazarru.

Og’zida o’t-kishan kim, desang, tongla,
Elga pand aytmagan olimdir, angla.

Qalb – bir parcha go’sht, u sog’-jismning sog’,
Buzilsa u, tan-jon vayron, siynang dog’.

Dil uyini bezar hayo gul yasab,
Bu uy barbodiga fahsh erur sabab.

Ziyorat pasha qil va angla sirni,
Go’riston eslatur yavmul oxirni.

Avlodga mol yig’ib chekma ko’p azob,
Meroslar yaxshisi – go’zal xulq, odob.

Eshitgan har so’zni olsang zabonga,
O’zing aylab osiy, jabr etgung jonga.

Zaif ololmasa kuchlidan haqin,
Tangri ulug’lamas bunday el, xalqni.

Murdani botirma g’iybat loyiga,
U ketgandir ajr-u jazo joyiga.

Dinni saqlash cho’g’ni tutgandek og’ir,
Bir vaqtlar kelarki, bo’l sobit, sobir!

Barcha dunyo molin olgandan qo’lga
Ortiqdir bir gumrohni solsang yo’lga.

- Birodarmu yoki do’stmu yaxshiroq?
- Birodaring do’st bo’lsa, shu yaxshiroq.

Ko’ngilni tog’ yanglig’ ko’tardi himmat,
Taassuf! Bu tog’ni qulatdi minnat.

***

-Boshingda nima bor?
-Toji davlat.
-Ko’zingda nima bor?
-Nuri Muhammad.
-Tilingda nima bor?
-Kalomi shahodat.
-Qulog’ingda nima bor?
-Azon-u qomat.
-Burningda nima bor?
-Bo’yi Muhammad.
-Qo’lingda nima bor?
-Hayr-u sahovat.
-Belingda nima bor?
-Kamari xizmat.
-Tizzangda nima bor?
-Hurmat-u izzat.
Qalbingda nima bor?
-Allohga muhabbat.

Fozil Zohid,
Xorazm


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.