background
logotype
image1 image2 image3

Bobomurod Erali

PILLAPOYA

Hayot sharob yanglig’ quyulgan,
Qalb taloshi kechmish jununda.
Oy nurini qo’limga o’rab,
Pillapoya to’qimayman tunda.

O, bu ezgin o’ylarni netay,
Mayxonada bir o’zim yolg’iz.
Kema yasab Nuh kabi suzsam,
Ro’paramda bepoyon dengiz.

Hislarimni sovurar shamol,
Orom bilmas tungi parvona.
Yorishgaymi porlab yeti yil
Yusuf tushgan ul hibshona…

Yaqinlashgay yer bilan osmon,
Hayrat o’rar. Deyman bu nehol?
Loppillaydi yuksaklik uzra
Pillapoya. Munkillagan chol.

Hayot sharob yanglig’ quyulgan,
Qalb taloshi kechmish jununda.
Oy nurini qo’limga o’rab,
Pillapoya to’qimayman tunda.

***

Tun bag’rida yiltillar nadir,
Umidimga umid qo’shilgay,
Arshi a’lo. Yeti qat osmon.
Yulduzlar ham bir yon surilgay.

Jismim og’ir, ko’tarolmayman,
Qo’rg’oshinday erir borlig’im.
Taraladi muattar bo’ylar.
Qaylargadir uchadir ruhim.

Oyatlarda zirillar yurak,
Ko’chib ketar g’amlarim birpas.
Vujudimda titroq uyg’onar,
Olislardan kelganiday sas.

Ko’z oldimda ulug’ manzara,
Ko’rinadi tobora yaqin.
Kuydirgancha butun dunyoni,
Osmon uzra porillar chaqin.

Tush ko’rganday barisi o’tar,
Terga botib, o’zni unutib.
Uzoqlashar tobora mendan,
Nelargadir ishora etib.
Qiynar hatto yodga o’rnashib,
O’sha tunda kechgan nolalar.
…Mahshargohga to’planishardi,
Sochi oppoq bo’lgan bolalar.

Bobomurod Erali


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.