background
logotype
image1 image2 image3

Adham hoji

VAQTINCHADIR

Har kalom qadriga yetgil, biyronliging vaqtinchadir.
Etma miskinlarga dahshat, arslonligin vaqtinchadir.
Oyning o’n beshi qorong’u – ham o’n beshi yorug’ bo’lgay.
G’am selidan ranjima hech, giryonliging vaqtinchadir.
Avji shodon qahqahangdan o’zga ozor topmasin.
Extiyot bo’l, past tushursan, shodmonliging vaqtinchadir.
Yaxshilik otin minib sen, dil bog’larin sayr aylagin,
Bu makon bo’lmas mudom, sayronliging vaqtinchadir.
Ayla minnatdor elingni, yurtni esa dilfushon.
Ezgulikning haykalin qo’y, sultonliging vaqtinchadir.
Berma erk ko’ngil uyiga, eldan also chiqmagil.
Bul saltanat og’ushida mezbonliging vaqtinchadir.
Bo’lsang Iskandarcha yoxud Bahrom, Faxriddinga yaqin,
Baribir tuproq bo’lursan, arkonliging vaqtinchadir.
Dunyoda bil, neki borki barchasi hisoblidir,
G’ofil o’lma dam ga’nimat, imkonliging vaqtinchadir.
Haqla mahshar uyg’onurg’a senda iymon bo’lsa gar,
Hatto lahad ichra sening mehmonliging vaqtinchadir.
Foniy dunyo mevalari – barchasi vaqtinchadir,
Shul sabab ham bo’lma g’amnok, armonliging vaqtinchadir.

Adham hoji bisotidan, Marg’ilon


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.