background
logotype
image1 image2 image3

Abdulg’ani Sulaymon

TANBEH-LA TIYISH KERAK

Boshing osmonga yetsa ham, oyog’ing yerda bo’lar,
Qadaming bilib bossang, hayoting fayzga to’lar.
Horundek boy bo’lsang-da, takkaburlik qilmagin,
Ko’kka yetsa ham terak, baribir bir kun qular.

Qush ko’kda qanoat qoqib, mag’rur parvoz etsa ham
Rizq-ro’z ham oshiyona yerning yuzida bo’lar,
Qadaming alif bo’lsin, ammo yerni ayab bos!
Gerdaygan, manmanlarni Haq o’ziga do’st tutmas.

Qanchalar kamtar bo’lsang, iqboilng shuncha kular.
Kattazang bo’lganlarning ko’ngildan dog’I ketmas.
Tikka o’ssa gar po’k daraxt, imoratga ne kerak?
O’tga yoqsang ko’zni yoshlar, tutaydi, gulxan emas.

Novdalarda pishsa meva, shukr-la yeyish kerak,
Rizq berganga ham bog’bonga duolar deyish kerak.
Tosh, kaltak otib, daraxtga berib ozor,
Noshukur bo’lganlarni tenbeh-la tiyish kerak.

TO’RTLIKLAR

Hayoting farahli o’tishi uchun,
Halol bo’l, sarflama behuda kuching.
Turmushingga havas aylasin ulus,
Obro’ying yo’qotma, saqlay ol butun.

Ehsonning maqtama, gunoh boshingga,
O’xshar yomg’ir yuvgan tog’ing toshing.
Riyokorning xayri minnatdir tamom,
Bulutdek pardadir dil quyoshiga.

Zang esa temirning qolmas misqoli.
Hasad – vujuddagi shu zang misoli.
Guloh qo’lidagi kosovga qarang,
Olovga avj berib, bukchaygan holi.

Hayot hikmatidan saboq ol har dam,
Ilm ila urfondan bo’lasan bardam.
Donolar naqliga amal qilmasang,
Jafolar chiqadur kutmagin yerdan.

MOSUVO ETMAGIN MA’RIFATINGDAN

Besh illat bor, qalbni aylagay qaro,
O’zni asramasang, duch kelgay balo.
Ko’p yeyish, ko’p deyish hamda yalqovlik,
Behuda kulmoqqa bo’lmoq mubtalo.
Yana noshukurlik – ko’p og’ir illat,
Yuzni qilgay qaro xaloyiq aro.
Iloho, bulardan asra bandangni,
Ojizlar dardiga aylagin chora.
A’molim mezonga qo’yar chog’ingda,
Gunohlarim kechir, etma oshkora.
Qalbni yoritguvchi besh fazilat bor,
Kim unga muyassar, Alloh bo’lar yor.
Oz yemoq, tafakkur aylamoq ko’proq,
“Ixlos”ni ixlosla o’qimoq bisyor.
Olimlar suhbatin mudom istamoq,
Istig’for aytmoqlik yana har sahar.
Iloho, bularga esh et qalbimni,
Zikringda saharlar aylagin bedor.
Mosuvo etmagin ma’rifatingdan,
Toki jamolingga bo’lay muyassar.

YETIM OTALAR HAM BOR…

Keksayganda xor bo’lgan,
Tushgan uyi dor bo’lgan.
Chin mehrga zor bo’lgan,
Yetim otalar ham bor…
Ayoli ko’p dimog’dor,
Qovog’ida yog’ar qor.
O’g’il-qizda yurak tor,
Yetim otalar ham bor…
Ro’zg’orda yolg’iz qolgan,
Yo’l qarab ko’zi tolgan.
Armonli so’zi qolgan,
Yetim otalar ham bor…
Uyquda orom topgan,
Uyg’onsa, o’yga tolgan.
G’urbatda g’arib yotgan,
Yetim otalar ham bor…
Taqdirdan bevaqt kuygan,
Panohi Iloh bo’lgan,
Qarg’ishni gunoh bilgan
Yetim otalar ham bor…

O’RTANUR

Nola qilgach gulag bulbul, dilda afg’on o’rtanur,
Termulib dildor yo’liga, chashma giryon o’rtanur.

Bu jahon savdolaridin dard chekar har ahli dil,
Qayga boqsang nokas ermas, yaxshi inson o’rtanur.

Otashi ishq sehrida, devona bo’lgan ul go’ngil,
Norasidin ne ajab, taxti Sulaymon o’rtanur.

Davlatim borida ne tong, yoru do’st etdi tavof,
Endi ta’na nayzasidin bilda paykon o’rtanur.

Bir yorug’ nur izladim zulmat zimiston ichrakim,
Go’yoki oyni topolmay, yeti osmon o’rtanur.

Charxudin g’avg’osidin g’am chekma ko’p Abdulg’ani,
Jon taloshur vaqtida, bilgilki iymon o’rtanur.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.