background
logotype
image1 image2 image3

Sakkiz masala yoki eng yaxshi mahbub

Shaqiq Balxiy (r.a.) talabasi Hotamul Asomdan so‘radilar: «Qanchadan beri mening huzurimdasan?»

Hotam: «O‘ttiz uch yildan beri», dedilar.

U zot: «Shu muddat ichida mendan nima o‘rganding?» deb so‘radilar.

Hotam: «Sakkiz masalani», deb javob berdilar.

Shunda Shaqiq: «Innalillahi va inna ilayhi roji’un. Umrim sen bilan o‘tgan bo‘lsa-yu, sen faqat sakkiztagina masalani o‘rgandingmi?» dedilar.

Hotam aytdilar: «Ey ustoz! Yolg‘on gaprishni yoqtirmayman. Haqiqatda boshqa hech narsani o‘rganmadim».

Ustozi: «Mayli, o‘sha sakkiz masalani ayt, eshitaylik», dedilar.

Hotam so‘zlay boshladilar: «Odamlarga qaradim. Ko‘rdimki, ularning har birining bir mahbubi bor, o‘sha mahbubi bilan qabrgacha birga bo‘ladi. Qabrga yetganda esa, undan ajrab qoladi. Shuning uchun men hasanotni (savobli ishlarni) o‘zimga mahbub qildimki, qachon qabrga kirsam, mahbubim ham men bilan birga kirsin».

Shaqiq: «Juda chiroyli so‘zlading, ey Hotam! Ikkinchisi nima?» dedilar.

Hotam aytdilar: «Alloh taoloning:
«Endi kim (hayoti-dunyodalik paytida Qiyomat kuni mahshargohda) Parvardigorining (huzurida) turishi ( va U zotga hisob-kitob berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havoyi hohishlardan qaytargan bo‘lsa, u holda faqat jannatgina (uning uchun) joy bo‘lur» (Noziot surasi, 40–41-oyatlar), degan so‘ziga qaradim. Bildimki, Alloh taoloning so‘zi haqdir. Shuning uchun nafsimni havolanishdan qaytarishga jiddiy harakat qildim. Toki, nafsim Alloh taoloning toatida mustahkam bo‘ldi. Uchinchi, yana shu odamlarga boqdim va ko‘rdimki hammaning huzurida qiymatga ega bo‘lgan biror narsa bor va uni ko‘tarib, saqlab yuradi.

Keyin Alloh taoloning:
«Sizlarning huzurlaringizdagi narsalar tugab ketur. Allohning huzuridagi narsalar boqiydir» (Nahl surasi, 96-oyat), degan so‘ziga qaradim. Qachon biror qiymatga ega narsani qo‘lga kiritsam, Allohning huzuriga yubordim, toki u yerda saqlanib boqiy qolsin. So‘ngra yana shu odamlarga qaradim. Ko‘rdimki, ularning har biri mol-dunyoga, mansabga, shon-sharafga va nasabga ruju’ qo‘ygan. Bularning barchasini o‘ylab ko‘rsam, qiymatsiz narsalar ekan.

Keyin Alloh taoloning:
«Albatta, sizlarning Alloh nazdidagi eng hurmatlirog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir» (Hujurot surasi, 13-oyat), degan so‘ziga qaradim. Shuning uchun Allohning huzurida hurmatli bo‘lay deb,  taqvoga muvofiq amal qildim. So‘ng yana shu odamlarga qaradim. Ular bir-birlariga ta’na qiladilar, la’natlaydilar. Bularning barchasining asosi  hasaddir.

Keyin Alloh taoloning:
«Ularning dunyo hayotidagi maishat-tirikchiliklarini ham ularning o‘rtalarida Biz o‘zimiz taqsimlaganmiz» (Zuxruf surasi, 32-oyat), degan so‘ziga boqdim. Natijada hasadni tark qildim va xalqdan o‘zimni saqladim hamda bildimki, bu taqsimot Alloh taoloning huzuridandir. Shunday qilib, xalqning adovatini ham tark qildim. So‘ng yana shu odamlarga boqdim, ularning bir-birlariga tajovuz qilayotganini, urushib-janjallashayotganini ko‘rdim.

Shunda Alloh taoloning:
«Albatta, shayton sizlarga dushmandir, bas, uni dushman tutinglar» (Fotir surasi, 6-oyat), degan so‘ziga qaradim. Natijada ungagina dushmanlik qildim va undan ehtiyot choralarini ko‘rishga tirishdim. Chunki uning menga dushman ekani haqida Alloh taolo guvohlik berdi. Shuning uchun shaytondan boshqalarga adovatni tark qildim. So‘ng yana shu odamlarga qaradim. Ko‘rdimki, ularning har biri bir parcha rizqni qidirib, uning yo‘lida o‘zini xor qilmoqda va halol bo‘lmagan yo‘llarga kirmoqda.

Shunda Alloh taoloning:
«O‘rmalagan narsa borki, barchasining rizqi Allohning zimmasidadir» (Hud surasi, 6-oyat), degan so‘ziga boqdim va o‘zimni rizqi Allohning zimmasida bo‘lgan jonzotlardan biri deb bildim. Shuning uchun zimmamdagi Allohning haqqini ado etish bilan mashg‘ul bo‘ldim va Uning huzuridagi o‘zimga tegishli bo‘lgan narsani (rizqni Unga havola qilib) tark etdim. Va nihoyat, yana shu odamlarga qaradim. Ko‘rdimki, ularning barchasi qaysidir maxluqqa suyanadi. Kimdir dalasiga, kimdir tijoratiga, kimdir san’atiga, yana kimdir badanining sog‘ligiga, hamma o‘zi kabi bir maxluqqa tayanmoqda.

Shunda Alloh taoloning:
«Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) O‘zi unga yetarlidir» (Taloq surasi, 3-oyat), degan so‘zini o‘yladim va menga kifoya qiluvchi bo‘lgan Alloh taologa tavakkul qildim».

Shunda Shaqiq (r.a.) dedilar: «Ey Hotam, Alloh taolo seni muvaffaq qilsin. Men Tavrot, Injil, Zabur va Qur’oni karim ilmlariga boqdim. Yaxshilik va diyonatning barcha turlari mana shu sakkiz masala atrofida aylanishini topdim. Kim bularga amal qilsa, to‘rt kitobga amal qilgan bo‘ladi».

Imom G‘azzoliyning “Ihyou ulumid-din” kitobidan


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.