background
logotype
image1 image2 image3

Mubohlar bilan ziynatlanish katta xatardir

Yahyo ibn Yazid Navfaliy (r.a.) Imom Molik ibn Anasga (r.a.) shunday maktub yozgan ekan: «Bismillahir rohmanir rohiym. O‘tmish va kelajakdagilar ichida Uning payg‘ambari Muhammadga Allohning salot va salomi bo‘lsin! Yahyo ibn Yazid ibn Abdulmalikdan Molik ibn Anasga. Ammo ba’d.

Menga ma’lum bo‘ldiki, sen nafis kiyimlar kiyib, nozik taomlar yer emishsan. Yana ko‘rpachalar ustida o‘tirib, eshigingga soqchilarni qo‘yibsan. Holbuki, sen ilm kursisiga o‘tirgan zotsan. Sening huzuringga kelish uchun ulovlar tayyorlangan va odamlar ham doimo sen tomonga oshiqadilar. Ular seni imom qilib olganlar va so‘zlaringdan rozi bo‘ladilar (qabul qiladilar). Shunday ekan, Allohdan qo‘rq, ey Molik! Mutavoze’ bo‘l. Bularni  senga nasihat uchun yozdimki, Allohdan o‘zga hech kim bundan xabardor emas. Vassalom!»
Molik (r.a.) unga shunday javob yozdilar: «Bismillahir rohmanir rohiym. Alloh taolodan sayyidimiz Muhammadga, ahli va ashobiga salot va salomlar bo‘lsin! Molik ibn Anasdan Yahyo ibn Yazidga. Senga Allohning salomi bo‘lsin! Ammo ba’d.

Maktubing menga yetib keldi va nasihat, shafqat, adab bo‘lib (qalbimga) joylashdi. Alloh seni taqvo bilan siylasin va nasihating evaziga yaxshilik bilan mukofotlasin. Alloh taolodan tavfiq so‘rayman. (Yaxshilik qilishga) kuch va (yomonlikdan saqlanishga) quvvat faqatgina buyuk va oliy zot bo‘lgan Allohdandir. To‘g‘ri, sen zikr qilganingdek, men nozik taomlar yeyman, nafis kiyimlar kiyaman, (soqchi bilan o‘zimni) qo‘riqlataman va yumshoq o‘rinlarda o‘tiraman. Mana shularni qilamiz va Alloh taolodan mag‘firat so‘raymiz. Zero, Alloh taolo:
«Bandalari uchun chiqarilgan Allohning ziynatini va pok rizqlarni kim haromga chiqaradi?» (A’rof surasi, 33-oyat) deb marhamat qilgan. Albatta, buni tark etish unga kirishdan ko‘ra yaxshiroq ekanini bilaman. (Bundan keyin ham) bizni maktubingdan darig‘ tutma. Biz ham seni maktubimizdan darig‘ tutmaymiz. Vassalom!»

Molikning (r.a.) insofiga qaraki, ziynatni tark etish uni olishdan yaxshiroq ekanini e’tirof etib, uning mubohligiga fatvo berdilar. U zot ikkala holatda ham to‘g‘ri so‘zlagandirlar. Bir inson qachon, bu nasihatdagi kabi insof va e’tirof bilan nafsini isloh etsa, keyin uning nafsi mubohlar huzurida to‘xtashga qodir bo‘lsa, ammo bu uni riyokorlikka, xushomadgo‘ylikka va yomon ko‘rilgan ishlarga o‘tib ketishga majbur qilmagan bo‘lsa, u kishi Imom Molik kabi (buyuk) maqomdadir. Lekin ko‘plar ziynatlar oldida o‘zini to‘xtatishga qodir bo‘lmaydi. Shu sababdan mubohlar bilan ziynatlanish katta xatardir. Bu holat xavf va qo‘rquvdan uzoq. Holbuki, oxirat ulamolarining asosiy xususiyati qo‘rquvdir. Qo‘rquvning xususiyati esa, xatar ehtimoli bo‘lgan ishlardan uzoqlashishdir.

Imom G‘azzoliyning “Ihyou ulumid-din” kitobidan


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.