background
logotype
image1 image2 image3

Ilm afzalmi, boylik afzalmi?

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:أَنَا مَدِينَةُ الْعِلْمِ وَعَلِيٌّ بَابُهَ

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Men ilmning shahri bo‘lsam, Ali uning darvozasidir”.

Shu hadisni eshitgandan so‘ng bir nechta xorijiylar hasad qilib, o‘zaro maslahatlashdilar. “O‘n kishi tanho-tanho borib Alidan bir masalani so‘raymiz, agar har birimizga boshqa javob bersa, Muhammadnining so‘zlari rostligi ma’lum bo‘ladi va Alining olimligi aniq bo‘ladi. Ammo u bir xil javob bersa, demak hamma gap yolg‘on bo‘ladi”, deb sinamoqchi bo‘lishdi.

Ulardan birinchisi hazrati Ali r.a. oldilariga kelib: “Ey Ali, ilm afzalmi, boylik afzalmi”, deb savol berdi. Hazrati Ali k.v. dedilar:

— Ilm payg‘ambarlardan qolgan merosdir, ammo boylik Qorun, Shaddod va Fir’avn va ularga o‘xshash kofirlardan qolgan merosdir.

“Ey Ali, ilm afzalmi, boylik afzalmi”, so‘radi ikkinchisi.

— Ilm kishini hamma balolardan saqlovchi qo‘rg‘ondir, u senga qo‘rg‘on bo‘ladi, ammo boylikka sen o‘zing qo‘rg‘on bo‘lasan.

“Ey Ali, ilm afzalmi, boylik afzalmi”, so‘radi uchinchisi.

— Boy bo‘lgan kishining dushmani ko‘p bo‘ladi, ilmli zotning do‘stlari bisyor bo‘ladi.

“Ey Ali, ilm afzalmi, boylik afzalmi”, so‘radi to‘rtinchisi.

— Boylikni sarf qilsang, kamayib ketaveradi, ammo ilmni sarf qilishing sari ko‘payadi.

“Ey Ali, ilm afzalmi, boylik afzalmi”, so‘radi beshinchisi.

— Boyligi bo‘lgan kishini baxillik va ziqnalik sifati bilan yod qiladilar. Ilmli kishini esa ulug‘lik va hurmat ila yod qiladilar.

“Ey Ali, ilm afzalmi, boylik afzalmi”, so‘radi oltinchisi.

— Boylikni o‘g‘ridan ehtiyot qilish kerak, ammo ilmni ehtiyot qilish shart emas, chunki uni o‘g‘ri ololmaydi.

“Ey Ali, ilm afzalmi, boylik afzalmi”, so‘radi yettinchisi.

— Boyligi bor kishining moli qiyomatda hisob-kitob qilinadi, ammo ilmli kishining ilmidan hisob olinmaydi.

“Ey Ali, ilm afzalmi, boylik afzalmi”, so‘radi sakkizinchisi.

— Boylik ko‘p tursa eskirib, chirib, yo‘q bo‘lib ketadi, ammo ilm ko‘p turgan sari quvvat hosil qiladi.

“Ey Ali, ilm afzalmi, boylik afzalmi”, so‘radi to‘qqizinchisi.

— Boylik degani qalbni qoraytirib, xira qiladi. Ilm dilni ravshan va munavvar qiladi.

“Ey Ali, ilm afzalmi, boylik afzalmi”, so‘radi o‘ninchisi.

— Odamning moli ko‘p bo‘lsa, unga  mast bo‘lib, Fir’avndek xudolik da’vo qiladi. Agar kishining ilmi ko‘p bo‘lsa, payg‘ambarlardek shikastalik ila bandalik qiladi.

Shundan so‘ngra xorijiylar hazrati Alining olimliklariga va Payg‘ambar alayhi salomning rostgo‘yliklariga iymon keltirib, musulmon bo‘ldilar. Hazrati Ali k.v. ularga qarab: “Agar sizlar  umrim tamom bo‘lguncha ushbu savolni so‘rasangizlar edi, har biringizga boshqa-boshqa javob berardim”, dedilar.

Xo‘jaobod tuman bosh imom xatibi Maqsudali Qosimov tayyorladi.


2004-2019 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.