background
logotype
image1 image2 image3

Alisher Navoiy

Alisher Navoiy (1441-1501) - o‘zbek mumtoz adabiyotining asoschisi, atoqli shoir va davlat arbobi, «Xamsa», «Xazoyin ul-maoniy», «Mahbub ul-qulub» kabi o‘nlab mashhur asarlar muallifi.



Johillikdan besaodatroq nima bor?
 
Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur, qatra-qatra yig‘ilib daryo bo‘lur.
 
Bilmaganin so‘rab o‘rgangan - olim va orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim.
 
Olim kerakki, o‘z ilmining poya va miqdorini asragay, gavharni imtihon uchun toshga urmagay.
 
Oqil chin so‘zdin o‘zgani demas, ammo barcha chinni ham demak - oqil ishi emas.
 
Og‘izga kelganni demak - nodonning ishi,
Oldig‘a kelganni yemak - hayvonning ishi.
 
Saxovatsiz kishi birla gavharsiz sadafning hukmi bir.
 
Odam borki, odamlarning naqshidur,
Odam borki, hayvon undan yaxshidur.
 
Itdan - kiyikka, mushukdan - kabutarga shafqat maholdir.
 
Yomonlarga marhamat va yaxshilik qilish yaxshilarga zarar va alam keltiradi.
 
Yaxshilikni bilmasang, bori, yaxshilarga qo‘shul.
 
Adab kichik yoshdagilarni ulug‘lar duosiga sazovor etadi va u bu barakotdan umrbod bahramand bo‘ladi.
 
So‘z qattig‘i el ko‘ngliga ozor aylar,
Yumshog‘i ko‘ngillarni giriftor aylar.
 
Sihhat tilasang, ko‘p yema,
Izzat tilasang, ko‘p dema.
 
Til tig‘i bilan gunohsiz kishiga ozor berish - sog‘ qon tomirga nishtar urib nobud qilishdir.
 
Insonni so‘z ayladi judo hayvondin,
Bilkim, guhari sharifroq yo‘q ondin.
 
Tiling birla ko‘nglingni bir tut.
 
Har kimki so‘zi yolg‘on, yolg‘oni zohir bo‘lgach, u yolg‘on.
 
Aytur so‘zni ayt, aytmas so‘zdan qayt!
 
Fosiqdan hayo tilama, zolimdan - vafo.
 
Elga sharaf kelmadi johu nasab,
Lek sharaf keldi hayo-u adab.
 
Do‘stlar fikridin va dushmanlar makridin beparvolig‘ joiz ermas va bu ish nadomatdin o‘zga natija bermas.
 
Yaxshi libos tanga oroyish,
Yaxshi qo‘ldosh jonga osoyish.
 
Boshni fido ayla ato qoshig‘a, Jismni sadqa qil ano boshig‘a.
  
Ravza bog‘in visolin istar esang, bo‘l onaning oyog‘i tufrog‘i.
 
Jahl ahli bilan kimki ulfat bo‘lg‘ay,
Ul ulfat ichra yuz ming kulfat bo‘lg‘ay.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.