background
logotype
image1 image2 image3

Yashamoqlik ne’mati va o‘limning sharbati

Qora tuproq qa’ridan tortib, to Zuhal cho‘qqisigacha bo‘lgan dunyoning hamma mushkul masalalarini hal qildim. Men har qanday makr va hiyla tuzog‘idan qutilib chiqa oldim-u, ammo o‘lim tugunini yecha olmadim.

Abu Ali ibn Sino


Vaqt keskir qilichdir, u hech narsaga qaramay shartta o‘tadi-ketadi. Sen esa voy-voylagancha qolaverasan.

Qozi Ahmad G’afforiy


O’tib borar ajib umr karvoni,
Qo‘lingdan chiqmasin shodlik zamoni.

Umar Xayyom


Qabrda yotganlar pushaymon qilayotgan ishlar ustida tiriklar bir-biri bilan qirpichoq bo‘lmoqdalar.

Abu Homid al-G’azzoliy


O’lim dunyo hayotini bir pul qildi. Shu tufayli farosatli insonlarga quvonish uchun hech imkon qoldirmadi.

Hasan Basriy


O’lim mushkul ish emas, mushkuli - o‘limdan oldinroq o‘lish.

Yahyo Kamol


Mo‘min yetishishni orzu qiladigan o‘limdan ham xayrliroq yo‘qotish yo‘q.

Ibn Abu Xaysam


O’tganlar ibratli so‘zini yod et,
O’tganlar yodidan dilingni shod et.

Abdurahmon Jomiy


Ikki narsa meni dunyo zavqi va o‘yin-kulgudan uzdi: o‘limni xotirlamoq va hisob-kitob chog‘ida Alloh huzuriga chiqmoq.

Ibrohim Tamimiy


Umr ertangi kun orzusi bilan yashash, g‘ofillik bilan janjal-suron qilish, joningni ayamay mehnat qilish bilan tugab boradi.

Jaloliddin Rumiy


Men ko‘p joylarni kezdim va olam ahvoliga qaradim. Unda hayronlik kaftini iyagiga tirovchidan yoki pushaymonlik barmog‘ini tishlab turuvchidan boshqani ko‘rmadim.

Abu Ali ibn Sino


Har narsaga bog‘lama ko‘ngil,
Ko‘ngil uzmoq juda ham mushkul.

Sa’diy Sheroziy


Umr - xotirdan kechib o‘tadigan bir daqiqa xayolchalik muddatdir. Kunlar -umr kitobining sahifalaridirkim, ularga ko‘chirmalar bitib borilaveradi.

Shayx Shibroviy


Ey do‘st, ulug‘larni izzat qil, foydasiz har narsaga aralashish va tortishuvdan saqlan.

Ahmad Yugnakiy


Quvvatim borida foydam bilmadim,
Tushungan vaqtimda kuchim bo‘lmadi.

Farididdin Attor


Ustingga keksalik kiyimi tashlangan bo‘lsa ham biroq sen uzoq umr ko‘rish hirsida (ta’masida) yangi-yangi kiyimlar kiymoqdasan.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Quyoshning har botishida bir parcha kamayishing bor.

Hasan Basriy


Ajal bilan yuzlashmasdan oldin beriladigan har narsangni berib qolishing lozim.

Jaloliddin Rumiy


Baloning yo‘qligi ne’matdur, ne’matning yo‘qligi balodur.

Abu Homid al-G’azzoliy


O’limdan qo‘rqqanning ko‘nglida shak bordir. Mo‘min kishi o‘limdan qo‘rqmagay. Chunki o‘lim Haq taologa yetishtiruvchidirki, mo‘min undan qochmasligi lozim.

Bishr Xofiy


Ko‘rdimki, vaqtini «essiz», «qaniydi», «koshki»lar bilan o‘tkazgan kishining umri eng qisqa ekan.

Najmiddin Kubro


Olamda kun yo‘qki bilmasa zavol,
Abadiy qolmaydi bu husnu jamol.

Xusrav Dehlaviy


Qarilik hayot gullarini so‘litib, nishlarini o‘tkirroq qiladi.

Sa’diy Sheroziy


Har bir nafas tortish bilan birga umrdan bir qismi o‘tib ketaveradi.

Ali ibn Abu Tolib


Hayotni har kim bilganicha idrok etadi.

Hofiz Sheroziy


Bu charxga etdilar juda ko‘p nazar,
Ip uchi hech kimga bo‘lmay muyassar.

Xusrav Dehlaviy


Ulug‘ hodisalar har vaqt yuz beravermaydi.

Abu Rayhon Beruniy


Jahonda bor narsa - aqlga, aql esa tajribaga muhtojdir.

Mu’iniddin Juvayniy


O’tib ketgan yilingdan top-chi bir kun,
Bugun qaytib kelurmu kechagi kun!?

Xusrav Dehlaviy


Odamlarning botiri kelajakdagi ishlardan qo‘rqmaydi. Kamolot hosil qilishdan chetlangan kishi odamlarning eng qo‘rqog‘idir.

Abu Ali ibn Sino


Kishini kecha-kunduz tindirmasdan qul kabi mehnat va mashaqqatlarga ko‘krak berib ishlatadigan narsa Vatan va bola-chaqalarning mehru muhabbati emasmu?

Abdulla Avloniy


Yuz yil tegirmon charx aylanganda ham,
Daryodan bo‘lurmi bir qatra suv kam!?

Xusrav Dehlaviy


Garchand uzoq umr ko‘rgan bo‘lsalar-da, ko‘p odamlar g‘o‘r va tajribasizdir.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Ko‘pincha sevinch qanotida bizga qayg‘u ham uchib keladi.

Efendi Kapiev


Keksaygan odam yoshlik o‘tida yonolmaydi.

Abu Ali ibn Sino


Baxt havoda esmaydi, mehnatdan keladi.

Abu Abdulloh Rudakiy


Ey voh! Eng shafqatsiz zarba o‘zimga o‘zimdan kelganini his etdim. Lekin juda kech.

Muhammad Nurulloh Saydo Jazariy


Har neki babaqodir, ko‘ngil bermak xatodir.

Sa’diy Sheroziy


O’z makonini tilar nogoh qafasdan qochsa qush.

Gulxaniy


Agar kelajagim xayrli bo‘lsa edi, mayli tinchgina, bemalol tirikchiligimni qilaverar edim. Bordi-yu agar unday bo‘lmasa, ming ko‘z bilan yig‘lardim.

Abu Ali ibn Sino


Ey g‘ofil, ko‘p o‘ylab foyda-yu mol,
Umring sarmoyasin aylama poymol.

Sa’diy Sheroziy


To‘rt narsaning qadrini to‘rt kishi bilgay: yoshlikning qadrini yoshi o‘tib qolganlar, tinchlik-xotirjamlik qadrini boshiga balo tushganlar biladi. Sog‘liq-salomatlik qadrini kasal bo‘lib, hech narsaga yaramay qolganlar, tiriklik qadrini o‘tganlar biladi.

Hotami Asom


Kimki o‘limni ko‘p eslasa, uch narsada ulug‘ bo‘ladi: tavbani tez qilishda, rizqiga qanoat qilishda, ibodatda g‘ayratli bo‘lishda. Endi kimki o‘limni esdan chiqarsa, uch narsada orqada qoladi: tavbasini orqaga suradi, kun ko‘rishga yetarli narsaga rozi bo‘lmaydi, ibodatlarida yalqovlik qiladi.

Hakim Homid Lifofiy


Falak - juft soqqa, olam taxtasidir, ajal o‘ynaydi - bizlar donai xom.

Abu Ali ibn Sino


Tani tuproqda-yu dil bo‘lsa uyg‘oq,
Tirik murda dildan o‘sha yaxshiroq.

Sa’diy Sheroziy


Alloh taolo fahm-farosat bergani, g‘aflat uyqusidan uyg‘otgani, bu dunyodan o‘tib, oxiratini o‘ylaydigan qilib qo‘ygani naqadar yaxshidir.

Abu Lays Samarqandiy


Xoh bir xudojo‘y, haqgo‘y nafs bo‘lsin, xoh gunohkor, fojir nafs bo‘lsin, o‘lim unga yaxshidir.

Abdulloh ibn Mas’ud


Kimki qabr zikrini ko‘paytirsa, uni jannat bog‘laridan bo‘lgan bog‘dek topadi, kimki o‘shandan g‘ofil qolsa, uni do‘zax chohlaridan bo‘lgan chohdek topadi.

Sufyon Savriy


Minglab nafar ulug‘ zotlar borliqdan yo‘qlikka ketdilar. Axir bu ulug‘ zotlarning birortasi ham yo‘qlikdan borliqqa qaytib kelmayaptilar-ku.

Abu Ali ibn Sino


Keksalarni etsang azizu hurmat,
Seni ham keksaygach, etishar izzat.

Farididdin Attor


Modomiki, beg‘amlik va noshudlik ko‘rsatilar ekan, qulay fursat qo‘ldan berib qo‘yiladi. Vaqt o‘tgandan keyin afsuslanish bema’ni va befoydadir.

Muhammad Zahiriy Samarqandiy


Juda ko‘p insonlarni ko‘rdimki, hech biri bu dunyodan rozi emas va ayni choqda hech biri bu dunyodan ketishni ham istamas.

Nomiq Kamol


Aslida shundaydir gumbazi jahon,
Qaytarar har nima deganing zamon.

Xusrav Dehlaviy


Har kim hodisalardan ibrat ola bilsa, boshi qattiq otga o‘xshagan bu falak unga bo‘ysuna beradi.

Abu Ali ibn Sino


Sizdan avval o‘tgan kimsalarning holidan ibrat oling. So‘ng sa’y-harakat qiling va g‘aflatda qolmang. Zero, siz g‘aflatga tushib qolsangiz hamki, ishlaringizni hisob-kitob qilishda sira g‘aflatga tushilmaydi.

Usmon ibn Affon


Ey insonlar! Dunyo bizdan ayrilmoqchi ekanini xabar bermoqda va bizdan yuzini burib tezlik bilan uzoqlashmoqda. Bizga bu dunyomizdan bir kosa suv ichilgach, idishning tagida qoladigan bor-yo‘g‘i bir tomchi kabi narsa qolgan, xolos. Siz bu dunyodan so‘ngsiz bir hayotga o‘tish arafasidasiz. Shunday ekan, qo‘lingizda eng xayrli narsa nima bo‘lsa, o‘shani o‘zingiz bilan olib ketishga g‘ayrat qiling.

Utba ibn G’azvon


O’limdan, hisob-kitobdan keyin Alloh taolo mo‘minlarga, ahli taqvolarga go‘zal bir hayot baxsh etadi. Chin mo‘min o‘sha hayotga ishonadi va manzilga yorug‘ yuz ila yetmoq uchun fidoyilik qiladi.

Umar Foruq Saydo al-Jazariy


Qabrning dahshati va u yerdagi yolg‘izlikni o‘ylab, kechaning tim qorong‘usida turib namoz o‘qing. Qiyomat kunining mashaqqatlarini o‘ylab, doimo foydali gaplarni ayting... Kuningizni ikkiga bo‘lib, bir qismini oxiratga tayyorgarlik ishlari, qolganini halol rizq-nasiba topish bilan o‘tkazing. Uchinchi bo‘limining esa sizga foydasi yo‘q, zarari bor. Molingizni ham ikkiga bo‘ling. Bir qismini bola-chaqangizga sarflab, qolganini oxiratingiz uchun ozuqa qiling. Uchinchi qismining esa sizga foydasi emas, zarari borligi uchun unga ehtiyojingiz yo‘qdir.

Abu Zarr G’iforiy


Ey insonlar! Bugun siz yaxshilik va yomonliklar ajratib olinayotgan hayot uyida yashamoqdasiz. Va juda yaqin bir kunda boshqa uyga, manavi qabrga ko‘chib o‘tishga majbursiz. Bu qabr - yolg‘izlik, qorong‘ulik uyidir, siqilish va tanglik-qiyinchilik uyidir.

Abu Umoma

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.