background
logotype
image1 image2 image3

Taqvoning sharofati va osiylik kasofati

Taqvo - Alloh taolo harom qilgan ishlarni tark qilish, farz qilinganlarini bajarishdir, shundagina bu bandaga Alloh taolo bergan rizq foydali bo‘ladi.

Umar ibn Abdulaziz


Allohga taqvo qilish hamma yaxshilikni o‘z ichiga oluvchi ko‘p ma’noli kalimadir, uning ma’nosi - Alloh taologa itoat qilish, gunoh ishlardan qochish, Yaratganning zikrini doimo qilish, bergan ne’matlariga shukr aytishdir.

Abu Lays Samarqandiy


Taqvo - Yaratgandan qo‘rqish, tanzil (Qur’oni karim)ga amal, ozga qanoat qilish va oxiratga tayyorgarlik ko‘rishdir.

Ali ibn Abu Tolib


Istig‘forimiz ko‘p istig‘forlarga muhtojdir.

Robi’a ul-Adaviyya


Taqvo - Allohning rahmatidan umidvor bo‘lib, uning nuri ila Unga itoat qilmoqlik va Allohning azobidan qo‘rqib, uning nuri ila qaytargan ishlarini tark qilmoqlikdir.

Tolq ibn Habib


Olam bir daryodir, uning qirg‘og‘i - oxiratdir. Ul daryoning kemasi -taqvodir. Odamzodning hammasi musofirdir.

Abu Ishoq Zuhurhuriy


Taqvo va parhezkorlik halol yemakdan bo‘lur, parhezkorlik - haromu makruh narsalardan o‘zni saqlamoqdir.

Abu Hafs Haddod


Eh, bizlar bu dunyoda faqir va bechorahol bo‘lishdan qo‘rqamiz. Ammo oxiratda faqir, nochor va rasvoyi jahon bo‘lishdan qo‘rqaymiz. Holbuki, biz - bandalarning yaxshi amallarga faqiru kambag‘al bo‘lishimiz bu dunyodagi kambag‘alligimiz va nochorligimizdan qo‘rqinchliroq va uyatliroqdir.

Yahyo bin Maoz


Ey farzand, Alloh uchun xolis taqvo qil, toatni tark etma. Birovdan qo‘rqma va birovdan umid qilma, hojating ravo bo‘lsa uni Allohdan, deb bil, hojatlaringni faqat O’zidan tila!

Abdulqodir Jiloniy


Kimki Allohdan qo‘rqsa (taqvo qilsa), Alloh uni saqlaydi. Kim Allohdan umid qilsa, Alloh uni noumid qilmaydi. Kimki Alloh yo‘lida ehson qilsa, Alloh uning o‘rnini to‘ldiradi. Shuning uchun taqvoni qalbing tayanchi, diydang jilosi qil! Zero, niyatsizning amali, ezgusizning ajri bo‘lmas!

Umar ibn Xattob


Taqvo - mahzi jalol, tasavvuf butkul adabdir.

Abu Hafs Haddod


Men osiy bo‘la turib, Senga qanday duo qilay, Sen saxiy bo‘la turib, nechuk duo qilmay?

Yahyo ibn Maoz


Alloh taologa duo qilasiz-u, lekin ijobat bo‘lmaydi, buning sababi shuki, sizlarning qalbingiz o‘nta narsa bilan o‘lgan:
- Allohni taniysizlar-u haqqini ado etmaysizlar.
- Alloh kitobini o‘qiysizlar-u unga amal qilmaysizlar.
- Shaytonni dushman, deb da’vo qilasizlar-u, lekin uni do‘st tutasizlar.
- Rasulullohni yaxshi ko‘ramiz, deb da’vo qilasizlar-u, ammo ul zotning yo‘llaridan yurmaysizlar va sunnatlarini bajarmaysizlar.
- Jannatni yaxshi ko‘rasizlar-u, biroq unga olib borguvchi amallarni qilmaysizlar.
- Jahannamdan qo‘rqasizlar-u gunohlardan tiyilmaysizlar.
- O’lim haq, deb da’voda bo‘lasizlar-u, ammo unga tayyorgarlik ko‘rmaysizlar.
- Birovlarning ayblarini ko‘rasizlar-u o‘z ayblaringizni ko‘rmaysizlar.
- Alloh bergan rizqni yeysizlar-u, lekin shukronasini qilmaysiz.
- O’liklaringizni dafn etasiz-u, ammo bundan ibrat olmaysiz. O’lik yer samar bermaganidek, o‘lik qalbdan chiqqan duo ham ijobat topolmaydi.

Ibrohim Adham


Olimlarga tama’, amirlarga shoshish, boylarga baxillik, kambag‘allarga kibr, shayxlarga nodonlik, nasablilarga gina yarashmaydi.

Abu Javdar Bag‘dodiy


Xudodan qo‘rqish, xalqqa insof qilish, ulug‘larga xizmat, kichiklarga shafqat, darveshlarga saxovat, do‘stu yoshlarga nasihat, dushmanlarga yumshoqlik, johillarga sukut, olimlarga tavoze qilish bilan yasha, birovning moliga tama’ ko‘zi bilan boqma.

Luqmoni Hakim


Umr - xotirdan kechib o‘tadigan bir daqiqa xayolchalik muddatdir, kunlar -umr kitobining sahifalaridurkim, umrga ko‘chirmalar bitib borilaveradi.

Shayx Shibroviy


Faqirlikni Alloh bilan - boylik, boylikni Allohsiz - faqirlik, sharafni Allohsiz - xorlik, xorlikni Alloh bilan - sharaf, ne’matni Allohsiz - azob, azobni Alloh bilan - ne’mat, deb bilgan qalbgagina Alloh o‘z ilohiy futuhotlarini ato aylaydi.

Ibn Qiyam Javziy


Birovni biror ayb bilan ayblamaslik - oqillik belgisi. Agar men birovni qachondir ayblab qo‘ygan bo‘lsam, yigirma yildan keyin bo‘lsa ham jafosini tortajakman.

Yahyo ibn Maoz


Agar banda qalbida Allohga muhabbati lazzatini totib ko‘rsa, Alloh unga ayblarini ko‘rsatib qo‘yadi va u kishi o‘zgalardan ayb qidirmay, faqat o‘z ayblari bilan mashg‘ul bo‘lib qoladi.

Robi’a al-Adaviyya


Bu ummat (musulmonlar)ning ko‘plari qabrlarga masjid qurish yoki masjid qurmasa-da, qabrlarni ibodatgoh qilib olish balosiga mubtalo bo‘lgan. Vaholanki, bularning ikkisi ham harom va bu ishni qiluvchi kishi Alloh taolo rahmatidan benasibdir.

Ibn Taymiyya


Har kim uch narsani sevsa, shayton uni tez yo‘ldan ozdirar: yaxshi yemoqni, yaxshi kiymoqni, ayollar bilan o‘ltirmoqni.

Uvays Qoroniy


Badbaxtlik nishonasi besh narsadir: biri - ko‘ngil qattiqligi, ikkinchisi - ko‘z yoshlanmasligi, uchinchisi - hayosizlik, to‘rtinchisi - dunyoni sevmoqlik, beshinchisi - dunyo uchun jondan andisha aylamoqlikdir.

Molik bin Dinor


Gunohni tark qilmasdan istig‘for aytaverish yolg‘onchilarning tavbasidir.

Fuzayl ibn Iyoz


Yomon fe’lli kishidan haromdan parhez qilgandek parhez qilinglar.

Abu Bakr Varroq Termiziy


Bemuruvvat erkak -ayolga, ta’magir obid - qaroqchiga o‘xshaydi.

Sa’diy Sheroziy


Yomon kishi ablahlarning tavsifi bilan yaxshi bo‘lib qolmaydi, yaxshi kishi hasadgo‘ylarning ta’nasi bilan yomon bo‘lib qolmaydi.

Vojidali Mujmaliy


Maqsad talabi yo‘lida himmatingiz onqadar bo‘lsinkim, basharti mening boshimga oyoq qo‘yib o‘tishga to‘g‘ri kelsa-yu va siz o‘tmasangiz - aslo kechirmasman.

Bahouddin Naqshband


Allohning tirikchilik qilishing uchun ne’mat berishiga ishongil, chunki U jamiki mavjudotga kunduzi taom ulashishga kafolat bergan marhamatli Rahmondir. Senga kunduzi belgilab berilgan taom jiddu jahd bilan tirishganing, harakat qilganing ila baribir ko‘paymas.

Xoja Abduxoliq G’ijduvoniy


Men biron luqma ham harom yemadim, yegan luqmalarimni qaysi yo‘l bilan kasb qilib yeganimni bildim.

Yusuf ibn Asbot


Agar kishi nafsida qo‘rqinch va umid alomatini bilsa, u ishonchli ishni ushlabdi. Qo‘rqinch alomati - Alloh taolo man qilgan narsalardan qaytish. Umid alomati - Alloh taolo buyurganlarini qilish.

Molik ibn Dinor


Allohdan qo‘rqishning alomati yetti narsada ayon bo‘ladi: tilida - ya’ni, tilini yolg‘ondan, g‘iybatdan, ortiqcha so‘zlardan tiyadi, Allohning zikri, Qur’on tilovati, ilmiy muzokaralar bilan mashg‘ul qiladi; qornida -ya’ni, faqat halol narsani va hojati miqdoricha yeydi; ko‘zida - ya’ni, haromga boqmaydi, dunyoga rag‘bat nazari bilan emas, ibrat nazari ila qaraydi; qo‘lida - ya’ni, uni haromga cho‘zmaydi, Alloh toatidagi ishlarga uzatadi; oyog‘ida - ya’ni, Alloh gunoh, degan ishlarga yurmaydi; qalbida -ya’ni, undan birodariga dushmanlik, g‘azab, hasad kabi illatlarni chiqarib tashlaydi va musulmonlarga nisbatan mehr-shafqat uyg‘otadi; toatda -ya’ni, toati Alloh yo‘lida xolis bo‘ladi, riyo va nifoqdan saqlanadi.

Abu Lays Samarqandiy


Odam farzandi uchun Alloh zikridan boshqa Uning azobidan najot beruvchi amal yo‘q.

Maoz ibn Jabal


Kimki maxluqlarning so‘zidan oshib, Alloh azza va jallaning so‘ziga rag‘bat qilmasa, uning amali kamayibdi, qalbi ko‘r va umri zoe bo‘libdi.

Molik ibn Dinor


Kimki boshini to‘shakka qo‘yganida Allohni zikr qilsa, keyin shu holatda uxlab qolsa, to uyg‘ongunicha u zikr qiluvchi, deb yoziladi.

Ibn Umayr


Senga nima yetsa, Allohning taqdiridan deb bil, xalqni malomat qilma. Tilingni saqla, xaloyiq undan salomat bo‘lsin, shunda Allohning azobidan omonda bo‘lasan. Rabbingning senga rizq beraman, degan va’dasini rost bil, shunda mo‘min bo‘lasan. O’limga tayyor tur, shunda g‘ofil holda o‘lmaysan. Qaerda bo‘lsang ham, Allohning zikrini ko‘paytir, shunda gunohlardan saqlanasan.

Fuzayl ibn Iyoz


Bizlar Allohning o‘z payg‘ambarlariga nozil qilgan kitobida quyidagi so‘zlarini topdik: «Kimni Meni zikr etish mashg‘ul qilib, Mendan so‘rashni unuttirsa, unga Mendan so‘raganlaridan ham oliyrog‘ini beraman».

Ka’bul Axbor


Kim katta gunoh qiluvchilardan bo‘lmasa, shafoatga muhtoj bo‘lmaydi.

Jobir ibn Abdulloh


Allohning ismi zikr qilinadigan uy qorong‘i uydagilarga chiroq qanday nur bersa, osmon ahliga shunday yorug‘lik beradi. Allohning ismi zikr qilinmaydigan uy o‘z ahliga qorong‘ilik qiladi.

Fuzayl ibn Iyoz


Odamlar orasida besh aziz va ulug‘ toifa borki, ularni izzat qilmoq dunyo ahliga vojibdir: avval - amalli olim, ikkinchi - parhezkor so‘fiy, uchinchi - tavoze’li boy, to‘rtinchi - yo‘qchilikka sabr qilib, shukr aytuvchi kambag‘al, beshinchi - sunnatga amal qiladigan sayyid.

Sufyon Savriy


Orifga ehtiyoj shifokor tabibning zaruratiga o‘xshaydi. Oriflar ma’naviy xastalikni, tabiblar moddiy xastalikni muolaja etadilar.

Muhammad Kamol Pilav


Alloh taolo qaysi bandani gunoh botqog‘idan taqvo sharafiga chiqargan bo‘lsa, uni mol-dunyosiz boy, bemashaqqat sharafli va xursand qilibdi.

Dovud Attokiy


Bir kishiga «Allohdan qo‘rq», deyilganida, u: «Sen o‘zingni bil», deb javob qilsa, shu ish Alloh nazdidagi katta gunohlardan biridir.

Abdulloh ibn Mas’ud


Hisob-kitob qilinmasdan oldin o‘zlaringni sarhisob qilib olinglar, tarozuda tortilmasdan oldin amallaringni tortib ko‘ringlar va hech bir amalingiz xufya qolmaydigan ulug‘ uchrashuvga tayyorlaninglar.

Umar ibn Xattob


Ibodatning ruhi ixlosdir. Ixlos esa qilinajak ibodatning faqat amr etilgani uchun qilinmog‘idir. Agar boshqa bir hikmat va foyda ibodatga sabab etib ko‘rsatilsa, u ibodat botildir.

Badiuzzamon


Kishi tilini tiymagunicha Allohga haqiqiy taqvo qila olmaydi.

Anas ibn Molik


Allohga taqvo qilish dushmanga qarshi eng afzal qurol va urushda eng yaxshi hiyladir.

Umar ibn Xattob


Doimo parhezkor bo‘lmoq va hamisha kishilar bilan maslahatlashmoq kerak.

Mu’iniddin Juvayniy


Sen zalolat to‘lqiniga o‘zingni urib suzsang, seni faqat ko‘p toat-ibodat va tasbehlar qutqaradi.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Ixlos insonning zohiri ham, botini ham bir xil bo‘lganidir.

Huzayfa ibn Yamon


Kishi niyatiga qarab saqlanadi.

Abdulloh ibn Abbos


Insonlar sababli bir amalni tark qilish - riyodir va insonlar sababli bir amalni bajarish - shirkdir. Alloh bu ikkitasidan saqlagani -haqiqiy ixlosdir.

Fuzayl ibn Iyoz


Ixlos - maxluqlarning mulohazasini qilishdan saqlanish, rostgo‘ylik esa nafsga itoat etishdan omonda bo‘lishdir.

Abu Ali Daqqoq


Bandaning vujudida pokiza tutilishi lozim bo‘lgan eng muhim a’zo tildir.

Abdulloh ibn Umar


Banda tilini asramasa, taqvodor bo‘lolmaydi.

Anas ibn Molik


Gunoh oldida najot arqonini mahkam ushla.

Umar ibn Xattob


Mo‘minning tanasida tilchalik Alloh sevgan parcha et yo‘qdir. Alloh mo‘minni tili tufayli jannatga kiritadi. Kofirning vujudida tilchalik Allohga yoqimsiz parcha et yo‘qdir. Alloh taolo kofirni tili tufayli do‘zaxga tashlaydi.

Abu ad-Dardo


Har kim amalga tanballik qilsa, Alloh uni bir g‘amga duchor qiladi.

Ali ibn Abu Tolib


Har narsaning alomati bor. Alloh taolo rahmatidan mahrum bo‘lishning alomati yig‘ini tark etishdir.

Abu Sulaymon Doroniy


Ishingda Allohdan qo‘rqqanlar bilan maslahatlash.

Umar ibn Xattob


Yig‘ining eng yaxshisi Allohning amrini bajarmagan yoki Uning amriga xilof ish tutgan paytdagi yig‘idir.

Ahmad ibn Abu Hivoriy


Agar Allohga do‘st bo‘lishni xohlasangiz, nafsingizdan qo‘rqing! Agar Allohga do‘stlikning mazasini biroz tatib ko‘rganingizda edi, Undan uzilib qolishning naqadar achchiqligini bilgan bo‘lardingiz.

Shayx Shibliy


Alloh yo‘lida ketmoqchi bo‘lsang, hech bir yordamchi topolmaysan. Lekin isyon yo‘liga kirmoqchi bo‘lsang, nimagaki qo‘l urmagin, ostidan senga yordamchi bir yomonning chiqib turganini ko‘rasan.

Abu Hozim


Alloh sevgisining alomati Qur’on sevgisidir. Qur’on sevgisining alomati Payg‘ambar sevgisidir. Payg‘ambar sevgisining alomati uning sunnatiga va go‘zal axloqiga tobe bo‘lmoqdir. Sunnatga tobe bo‘lishlikning alomati oxirat hayotini unutmaslikdir. Oxirat hayotini unutmaslikning alomati dunyoga hirs qo‘yishdan, harom va g‘ayrimashru’ daromad yig‘ishdan qochishlikdir.

Sahl ibn Abdulloh Tustariy


Kim Allohdan qo‘rqsa, Alloh uni saqlaydi. Kim Allohga tavakkal qilsa, Alloh unga kifoyadir. Kim Allohga shukr etsa, U unga ziyoda qiladi. Kim Allohga qarz bersa, unga ajrini ato etadi.

Umar ibn Xattob


Allohga sevgisi bo‘lgan biron kimsani sevgan odam Allohni sevadi. Allohga itoatli kimsani siylagan odam Allohni izzat-ikrom qilayotgan bo‘ladi.

Sufyon Savriy


O’zini tanimaydigan kishi Allohni qanday tanisa bo‘lur?

Hakim at-Termiziy


Eng ulug‘ taqvo harom narsadan qo‘l tortishdir.

Ali ibn Abu Tolib


Gunoh qilmaslik tavba qilishdan osonroq.

Hasan Basriy


Biror kishini biron ishda senga itoatda Allohga gunohkor bo‘lgani uchun jazolasang, uning itoatsizligi o‘sha ishda sening Allohga itoat qilishingdek bo‘lsa, bas, uni jazolamaysan.

Umar ibn Xattob


Taqvo va parhezkorlik halol yemakdan bo‘lur. Parhezkorlik - haromu makruh narsalardan o‘zni saqlamoqlikdir.

Abu Hafz


Qanoat deb yemak-ichmakni Alloh taolodan olmoqqa aytiladi.

Abu Turob Naxshabiy


Bizlar o‘nta halolning to‘qqiztasini shubha yoki haromga tushib qolamiz, degan qo‘rqinchda tark qildik.

Umar ibn Xattob


Ixlos - xalqning rioyasini qilishdan saqlanish. Rostgo‘ylik esa nafsga itoat etishdan omonda bo‘lishdir. Ixlosli kishida riyo bo‘lmaydi, rostgo‘yda mag‘rurlanish.

Abu Ali Daqqoq


Ixlosning alomati uch narsada bilinadi: ommaning maqtovi ham, malomati ham bir xil bo‘lishi, amallar ichida o‘zining amalini unutish, amallarga savobni oxiratda talab qilish.

Zunnun Misriy


Halol-harom hukmlari zikr etilgan majlislar, oldi-sotdi (bay’), namoz o‘qish, ro‘za tutish, nikoh va taloq, hajga borish va shunga o‘xshash masalalardan so‘z borgan barcha yig‘inlar zikr majlislaridir.

Said ibn Jubayr


Yonboshlaganida, o‘tirganida, tik turganida Allohni zikr qilmagan erkak yoki ayol haqiqiy zokir bo‘la olmaydi.

Mujohid


Allohning nazdida havoyi nafsga berilib yashalgan hayotning hech qanday qiymati yo‘qdir. U o‘z do‘stlarining bunday hayot kechirishlariga aslo rozi bo‘lmaydi. Bunday yashash Allohning nazarida benihoya tuban va benihoya xorlikdir.

Muhammad ibn Husayn ibn Ali


Ixlos - toatda Alloh taoloning yakka O’zini qasd qilish. Toatdan maqsad Allohga yaqin bo‘lishdir, maxluqqa ko‘rinish uchun yoki insonlardan maqtov eshitish, muhabbatini qozonish kabilar uchun emas.

Abulqosim Qushayriy


Ixlosni aqlli kishilar harakat, sukut, botinu zohir faqat Alloh uchun bo‘lib, havoyi nafs ham, dunyo ham aralashmasligi kerak, deb tushunishgan.

Sahl ibn Abdulloh Tustariy


Sevgi - xudbin istaklarni yo‘q qilmoq, manmanlikni yoqmoq va ishoratlar dengizida nafsni bo‘g‘moqdir.

Ibrohim Havvos


Allohning lutfi bo‘lmasdan bir kimsa unga yetisholmaydi. Allohga yetishishning yo‘li Uning rasuli hazrati Muhammadga (s.a.v.) tobe bo‘lishdir.

Junayd Bag‘dodiy


Toatning lazzat va halovatiga mag‘rur bo‘lmagilki, bu solik uchun zahri qotildir.

Abu Bakr Vositiy


Allohni eslatuvchi qancha-qancha kishilar bor, lekin o‘zlari Allohni unutgan. Allohdan qo‘rqituvchi qancha-qancha kishilar bor, lekin o‘zlari Allohga gunoh qilishga jur’atli. Allohga yaqinlashtiruvchi qanchadan-qancha kishilar bor, lekin o‘zlari Allohdan uzoq. Alloh yo‘liga chaqiruvchi qancha-qancha kishilar bor, lekin o‘zlari Allohdan qochuvchi. Allohning oyatlarini o‘qiydigan qancha-qancha kishilar bor, lekin o‘zlari Allohning oyatidan tashqaridadirlar.

Ibn Sammok


Qabrga tayyorgarliksiz kirgan kishi kemasiz dengizga tushgan odamga o‘xshaydi.

Abu Bakr Siddiq


Kim dunyo muhabbati bilan Xoliqning sevgisini bir qalbda jamladim desa, yolg‘on so‘zlabdi.

Imom Shofe’iy


Mo‘min degan o‘z nafsining hokimi bo‘lmog‘i kerak. U nafsini Alloh uchun hisob berdiradi. Dunyoda nafs bilan hisob-kitob qilganlarning oxiratdagi hisob-kitobi osonroq o‘tadi.

Hasan Basriy


Nafs shunday sifatki, botildan bo‘lakka yurmas va solih amallar tarafiga hargiz mayl qilmas.

Abu Yazid Bastomiy


Yo‘l udirki, Haqqa borar.

Yunus Emro


Toat Allohning xazinasida saqlab qo‘yilgandir. Uning kaliti - duo, kalitning tishlari - halol luqma.

Yahyo ibn Maoz


Birinchi bo‘lib jannatga kiradigan kishilar qiyinchilik paytida ham, xursandchilik paytida ham Allohga hamd aytadigan kishilardir.

Said ibn Jubayr


Har kishi Xudoni bilsa, Xudoning yodidan o‘zgaga og‘zi ochilmas.

Abu Yazid Bastomiy 


Zohidlik misoli bir xazina bo‘lsa, xudojo‘ylik unga bir qalqon sanaladi.

Ali ibn Abu Tolib


Jannat ahli dunyoda Allohni zikr qilmay o‘tkazgan bir soatiga shu qadar achinadilarki, boshqa biron narsaga shunchalik afsuslanishlarini tasavvur qilib ham bo‘lmaydi.

Maoz ibn Jabal

 
Tavakkul shuki, o‘zingni qullik va bandalik daryosiga tashlagaysan va ko‘nglingni Allohga tashlagaysan - agar bersa, shukr qilasan, agar olsa, sabr etasan.

Abu Turob Naxshabiy


Har qanday ishni boshlashdan avval Allohning roziligini o‘yla. Aks holda qilgan ishlaringning hammasi behuda bo‘lib, zoe ketadi.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Shaqovat (bebaxtlik) nishonasi shuldirki, banda gunoh qiladi, ammo Allohdan yaxshilik yetsa edi, deb umid ham qiladi.

Abu Usmon Jaririy


Sabr shuldirki, banda o‘z ixtiyorini Allohga tashlaydi, har turli balo kelsa, xushlik va rizolik bilan qabul qiladi.

Umar ibn Usmon Makkiy


Bandaning fano bo‘lgani o‘zining bandaligini anglab yetganidir.

Abu Sayyid Xarroz


Oriflik - Allohni tanimoqdir, Allohni tanimoq - fikr yuritmoq va ixlosli bo‘lmoqdir.

Abu Yazid Bastomiy


Kishi sherikchilik bilan ish qilayotganida sherigining tergaganiga nisbatan o‘z nafsini qattiqroq tergamagunicha taqvodorlar qatorida bo‘lmaydi.

Maymun ibn Mihron


Allohga itoat qilib, isyon etmaslik, Uni eslash va unutmaslik, Unga doimo shukr qilib, kufrga ketmaslik - haqiqiy taqvodir.

Abdulloh ibn Mas’ud


Kimki xolis niyat bilan duo qilsa, duosi ijobatdan mahrum bo‘lmaydi.

Ali ibn Abu Tolib


Ulug‘lar dilni Allohning uyi, debdilar. Bir kishining dilini ranjitish -Allohning uyini buzish bilan barobardir.

Vojidali Mujmaliy


Agar xafalikdan uzoq yurmoqni xohlasang, qo‘lingdan nochor chiqib ketgan har narsaga g‘am yemagin.

Jaloliddin Davvoniy


Eng yengil va foydali ibodat kam gapirish va yaxshi axloqli bo‘lishdir.

Imom Abu Yusuf


Zikrdan mahrum bo‘lgan har bir so‘z botil va qup-quruqdir.

Ibn Sam’un


Quyosh o‘simliklarni harakatga keltirganidek, zikr ham ruhiy unsurlarni harakatga keltiradi.

Muhammad Nurulloh Saydo Jazariy


Haqiqiy e’tiqod haqiqatga eltadi. Asossiz e’tiqod esa insonlarni noto‘g‘ri yo‘lga boshlaydi. Sen haqiqiy e’tiqodga talabgor bo‘l!

Muhammad Kamol Pilav

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.