background
logotype
image1 image2 image3

Oila farog‘ati va er-xotin sadoqati

Ona haqqiga diqqatli bo‘l, uni boshingga ko‘tar. Zero, onalar to‘lg‘oq mashaqqatini chekishni bo‘yinlariga olmaganlarida chaqaloqlar dunyoga kelish uchun yo‘l topolmas edilar.

Jaloliddin Rumiy


Ayolnifarishtalardan ham yuksakka ko‘taruvchi va beqiyos bir olmos (gavhar) holiga keltiruvchi narsa uning ichki teranligi, iffat va viqoridir.

Abdulfattoh Shohin


Boshni fido ayla ato qoshig‘a, Jismni sadqa qil ano boshig‘a.

Alisher Navoiy 


Qo‘rqoq sevgi izhor qilolmaydi, bu mard kishining ishi.

Maxatma Gandi


Agar sevsang, muhabbatingga arziydiganni sev.

Qobus


Millatlar sharafini yuqori martabaga ko‘taradigan narsa milyonlar ila sanalmakda bo‘lgan askarlaru dunyoda eng buyuk va zo‘r bo‘lgan kemalar emas, balki... oiladir.

Rizouddin ibn Faxriddin


Onangdan bosh tovlama, oshmasin dardi,
Sharaf toji erur oyog‘in gardi.

Abdurahmon Jomiy


Oshiqqa ma’shuqaning qusuri bilinmaydi.

Farruxiy


Xotinlarga itoat etmang. Ularga qarshilik qilib turmasangiz, uydan baraka ketadi.

Umar ibn Xattob


Kim ari nishiga qilolmas toqat,
Asalni ko‘radi uzoqdan faqat.

Xusrav Dehlaviy


Taniqlig-u sharafing otangdandir, mehribonlik, mushfiqlik onangdandir.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Mehru kina bir-biriga qovushmas.

Faxriddin Jurjoniy


Xotinining nafsoniy orzulariga bo‘ysungan har bir erkakni Alloh jahannam otashiga otmay qo‘ymaydi.

Hasan Basriy


Parvona otashdan huzur topsa gar,
Kuysa ham hech qachon etmaydi hazar.

Farididdin Attor


Aqlli ayol erining kamchiliklariga bir ko‘zini yopar va ikkinchi ko‘zi bilan unga qarab yashar.

Arab hikmati


Bola qalbi misoli beg‘ubor taxta, unga har qanday tasvirni osongina chizaverish mumkin.

Jaloliddin Davvoniy


Otadan xato kelsa ko‘rma xato,
Savob bil, hattoki qilsa xato.

Ahmad Yugnakiy


Ishq libosini kiyishdan or qilish va muhabbat lazzatidan bebahra bo‘lish tabiatning og‘ir jafosi va kasallik taqozosidir.

Majididdin Xavofiy


Ko‘cha sevgisi uyni barbod etar,
Uyingni xotin mehri obod etar.

Sa’diy Sheroziy


Sevgisiz odam - odam emas.

Qobus


Xotinning jihodi - erga itoat etmoqlikdir.

Ali ibn Abu Tolib


Bolalar  o‘z  otalaridan meros qilib  oladigan  uch afzal narsa bor: xushmuomalalilik, odob va sadoqat.

Muhammad Zehniy


G’amgin qaro kunda kim senga yor,
Shodlik kuningda ham unutma zinhor.

Farididdin Attor


Haqiqiy farzand har bir sohada o‘z otasining hukmiga tobe bo‘ladi.

Barxurdor ibn Mahmud


Sevgi-muhabbat obro‘li odamni xor qiladi, tuban odamni esa hurmatli insonga aylantiradi.

Majididdin Xavofiy


Otadan yosh qolgan - aqldan bo‘sh qolgan.

Qo‘rqut ota


Fazilatli ayolning bezagi, ziynati - bu uning nomusi, iffati bo‘lganidek, taqdirdagi eng muhim va yuksak qadrlanadigan jihati ham xush xulqi va eriga sadoqatidir.

Abdulfattoh Shohin


Urg‘ochi tuya ingrasa, erkak tuya bo‘zlaydi.

Mahmud Qoshg‘ariy


Vafo ko‘rsang birovdan qilma hayrat,
Vafo qilding, vafo bo‘ldi mukofot.

Xusrav Dehlaviy


Agar faqirlik eshikdan kirib kelsa, muhabbat derazadan chiqib ketadi.

Arab hikmati


Xotin zoti agar qalbing ular ishqiga giriftor bo‘lganini sezsa, burningni tuproqqa ishqaydi.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Ayol, bil, lutfu himmatga sazovor,
Go‘dakdek mehru shafaqatga sazovor.

Nosir Xisrav


Ikki narsa kishi qo‘lida bo‘lsa uvol: go‘zallikka mag‘rur bo‘lgan kishiga berilgan husn, ikkinchisi - go‘zallik qadrini bilmaydigan kishiga tushib qolgan xotin.

Xurramiy


Hammadan balanddir ona mansabi.

Abdurahmon Jomiy


O’g‘il dono bo‘lsa, ota rohatga yetadi.

Mahmud Qoshg‘ariy


Menga aytishlaricha, ibodatlar o‘n bo‘lajakdir: to‘qqiztasi tirikchilik talabida va bittasi biz bilgan ibodatdir.

Sobit Banoniy


O’g‘il otaning siridir, ikki ko‘zining biridir.

Qo‘rqut ota


Yomon xotin misoli go‘zal kiyingan chayonning o‘zidir.

Ali ibn Abu Tolib


Kimda yo‘qdir qalbda otash, kimda yo‘qdir ehtiros,
Men uni suvsiz, qurqut daryoga qilgayman qiyos.

Mirza Shafiy


Xotinlarda iffat, poklik eng ulug‘ jamoldir. Xiyonatga xiyonat qilish bilan qarshi turma, balki xoinlarni tark et.

Abu A’lo al-Maariy


Dil oromi - yaxshi bo‘lsa gar xotin,
Yomon bo‘lsa, undan Xudo asrasin.

Sa’diy Sheroziy


Uylanishdan oldin ko‘zlaringni och, uylanganingdan so‘ng birini yum.

Arab hikmati


O’z ahlingizni qadrlang. Zero, ular uchar qanotingiz, o‘rnashgan poydevoringiz va tutar qo‘lingizdir.

Ali ibn Abu Tolib


Ishqki jon mulkida sulton erur,
Shohu gado anga chuyakson erur.

Durbek


Ochlik va qiyinchilik fitnasi bilan imtihon qilindingiz, sabr etdingiz. Mo‘l-ko‘lchilik fitnasi bilan ham sinalasizlar. Men sizlarning ayollar fitnasiga uchrashingizdan ko‘proq xavotirdaman.

Maoz ibn Jabal 


Ravza bog‘in visolin istar esang, bo‘l onaning oyog‘i tufrog‘i.

Alisher Navoiy


Yaxshi xotin - jon malhami.

Qobus


Yosh xotinning biqinida chol yotgandan ko‘ra shu biqinga kamon o‘qi botgani yaxshi.

Sa’diy Sheroziy


Har bir mavjudot muhabbatga muhtojdir, sevishga qobil bo‘lmagan odam mavjud emasdir.

Majididdin Xavofiy


Ming xil odobni ishqdan o‘qir jon,
Ularni maktabdan topolmas inson.

Jaloliddin Rumiy


Ayol ko‘p narsani talab qilmaydi: faqat uning eri har qanday ayol oldida kuchli bo‘lsa-da, o‘z ayolining oldida zaif bo‘lishi kerak.

Arab hikmati


Xotinning er ustidagi haqqi beshtadir: ayol avrat bo‘lgani uchun uning satrdan chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik, chunki bu - gunoh va erkaklik g‘ururining toptalishidir; xotiniga tahorat, namoz, ro‘za kabi zarur ilmlarni o‘rgatish; uni haloldan ovqatlantirish, chunki, go‘sht haromdan o‘ssa, olov bilan eriydi; unga zulm qilmaslik, chunki ayol er uchun omonatdir; agar xotin haddidan oshsa, bundan ham yomonroq holatga tushib qolmasligi uchun unga nasihat qilish.

Abu Lays Samarqandiy


Kishi ahli ayoliga ishlatish uchun qarz so‘rab, keyin uni uzishga harakat qilsa-yu shu qarz bilan vafot etib qolsa, Alloh taolo uning da’vogarlarini rozi qiladi.

Hasan Basriy


Ba’zi kitoblarda o‘qidimki, farzand uchun ota-onaning huzurida ikkovining iznisiz gapirishlik, ikkovidan oldin yurishlik (o‘ngda ham, chapda ham) lozim bo‘lmaydi. Bordi-yu uni ikkovlari chaqirishsa, avval javob berib, so‘ngra ularning orqalaridan yuradi.

Farqand Sabaxiy


Kim otasini va onasini la’natlasa, uning o‘zi ham la’natlangandir.

Hishom ibn Urva


Erkaklarning kamoloti shuki, kim ota-onasiga yaxshilik qilsa, silai rahm rishtalarini bog‘lasa, ahli ayoli va farzandlari bilan ham xulqini yaxshi qilsa, dinini saqlasa, molini haromdan isloh qilsa, uning ortig‘idan infoq-ehson bersa, tilini saqlasa, o‘z uyini lozim tutsa, ya’ni ishidan vaqtida kelsa, o‘sha erkaklarning komilidir.

Fuzayl ibn Iyoz


Hojatini arz etib yordam so‘rab kelgan kishini noumid qaytarish, johil-nodon kishilar bilan suhbatdosh bo‘lish, hech kimga manfaat yetkazmy, faqat mol-dunyo orttirish uchun umr o‘tkazish va o‘z oila a’zolarining axvoliga qaramay, ularni tanglikda qoldirish - badbaxtlik nishonasidir.

Faxriddin Roziy


Agar noming xalq orasida hurmat bilan yod etilishini istasang, oilangning doimiy rohatini ko‘zlasang, bolalaringga go‘zal tarbiya ber, biror hunar egasi qilib yetishtir. Ularning yurish-turishlarini tekshirib tur. Yomon odamlardan uzoq bo‘lsinlar, yaxshilar bilan suhbatdosh bo‘lib, bahra olsinlar.

Nizomiddin


Shunday odamlar borki, muhabbat bo‘stonini oralab, uylanishga qadam qo‘ymaydilar va bu fayz bog‘ining gulzoridan gullar termaydilar, doimo g‘am uyida o‘zlari yakkayu tanho o‘tiradilar.

Barxurdor ibn Mahmud


Dili buzuq, o‘zgalarning pokdomon va iffatli qiz-juvonlariga ko‘z olaytiruvchi nopok kishilar haqiqiy razil va iflos kishilardir.

Muhammad Javhar Zamindor


Oilaviy masalada er bilan xotin o‘rtasida totuvlik va maslahatlashib ish tutish bo‘lmasa, bunday oila azob va mashaqqat maskaniga aylanadi.

Olimat al-Banot


Eng yaxshi xotin shunday xotinki, u hayoli va oriyatli bo‘ladi. Eng muhimi, oilada to‘kin-sochinlik va barakaning sababchisi bo‘ladi.

Mu’iniddin Juvayniy


Shunday qizga sovchi qo‘ymoq kerakki, bu qizning chehrasi ochiq, yuzidan oliyjanoblik va iffat namoyon bo‘lsin, poklik va pokizalik pardasi orqasida tarbiyalangan, chiroyli ish va odatlarga o‘rgangan bo‘lsin. Bunday qiz eng yaxshi hadya bo‘lib, yoshlik va hayot dasturxonining lazzatini ziyoda qiladi.

Barxurdor ibn Mahmud


Xotin sodiq - ani sevgil aziz er,
Har og‘ir ishda ham doim seni der.

Sayfi Saroyi


Badxulq va bema’ni erga uchragan ayolning asosiy vazifasi shundan iboratki, u bor kuchini sarflab, erining noto‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini tushuntirishi, unga va’zu nasihat qilishi, barcha chora-tadbirlarni qo‘llaganda ham erining tuzalishiga ishonch yo‘q bo‘lgach, undan ko‘ngil uzishi, qutilish yo‘lini qidirishi kerak.

Olimat al-Banot

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.