background
logotype
image1 image2 image3

Kamtarlikning izzati va takabburlik la’nati

Agar baxt-saodat istasang, g‘urur, manmanlikdan yiroq bo‘l, hikmatli so‘zlarni sokinlik bilan tingla, takabburlik, adovat, ginachilikdan hazar qil. Qayg‘u-alamlar ustingga hujum etsalar, bu hujumlarga o‘z adabsizliging sababchidir.
Jaloliddin Rumiy 

Boylikdan kerilmoq - aqldan nari, Chunki u o‘tkinchi bulut singari.
Abdurahmon Jomiy

To‘rt narsa - ya’ni, badfe’llik, badqovoqlik, takabburlik va dilozorlik kishiga xoru zorlik keltiradi.
Ja’fari Sodiq

O’z jig‘ildoni uchun ishlagan odam qornini to‘yg‘azib olgan molga o‘xshaydi. Haqiqiy odam insoniyat uchun ishlaydi.
Abay Qo‘nonboev

Falokatga duchor bo‘lishni istamasang, mag‘rur va mutakabbir bo‘lma. Rohatda yashashni istasang, dilingni hirsdan pok qil. Xor-zorlikni istamasang, ta’magir bo‘lma.
Sayyid Ali Hamadoniy

O’lim qanchadan-qancha takabbur odamlarning boshlarini chuqurga, ya’ni qabrga uloqtirgan.
Abulqosim az-Zamaxshariy

Takabburlik kaltabinlar va insoniylik tariqidan chiqqanlarning xislatidir.
Husayn Voiz Koshifiy

Manmanlik va g‘urur botqoqligining quritilishi uchun bir murshidi komilning himmat va fayzi zarur.
Jaloliddin Rumiy

Ayo odam, keksayib takabbur bo‘lma, u kattalarga teng bo‘la olmay, o‘zingni xorlikka solma.
Yusuf Xos Hojib

Sendan uzr so‘rasalar, qabul et, uzr so‘rasa-yu qabul qilmagan kishi shaytondir.
Yusufiy

Qabrlar oldida odob bilan tur.
Umar ibn Xattob

Agar sening ko‘ngling bo‘lsa, ko‘ngil Ka’basini tavof ayla.
Jaloliddin Rumiy

Kibrsizlik lofin urma, uni ko‘rmoqdan ko‘ra qorong‘u tunda chumolining izini ko‘rmoq osonroqdir.
Abdurahmon Jomiy

Takabburga salom berma, salomga javob qaytarishi unga og‘irlik qiladi, javob bermagani esa senga og‘ir tuyuladi.
Husayn Voiz Koshfiy

Takabburlikni qanchalik xursandlig-u shodlikka tomon aylantirishga urinsang ham, asli loy bo‘lganidan keyin kulol singari, ya’ni tuproqqa (loy ishlariga) qaytishi muqarrar.
Abulqosim az-Zamaxshariy

Itoat vaqtida o‘zingni xor tut.
Umar ibn Xattob

Ojizlikdan kelib chiqadigan kamtarlik fazilat emas.
Abay Qo‘nonboev

Kamtarlikni tahqirlatish darajasiga tushirib yuborishdan asranmoq kerak.
Abbos Boqixonov

Mansab bilan balandmas odam,
Mansab odam bilan muhtaram.
Abdurahmon Jomiy

Alloh Adn jannatini yaratdi va unga qarab: «Sen jamiki takabburlarga haromsan!» dedi.
Vahb ibn Munabbah

Insonning qalbiga kirgan kibr qancha bo‘lsa, aqli ham shuncha kamchilikka ega bo‘ladi.
Muhammad ibn Husayn

Shaytonning bir talay tuzoqlari bor: Allohning ne’matlari bilan gerdaymoq, Allohning berganlari bilan maqtanmoq, Allohning bandalariga kibr-havo qilmoq, Allohning axloq asoslaridan chiqib, havoyi nafsga berilmoq shunday tuzoqlar jumlasidandir.
No‘mon ibn Bashir

Kimki kerilib, o‘zidan mamnun-u mag‘rur bo‘lib yursa, u o‘ziga nisbatan boshqalarning nafratini keltiradi.
Ali ibn Abu Tolib

Kimki kekkayar manmanlik bilan,
Do‘stlari oxiri bo‘lishar dushman.
Farididdin Attor

Mag‘rur odamning turishi xunuk.
Adib Sobir Termiziy

Kibr va g‘ururdan uzoq bo‘l, kibr kishini el orasida xor, beqadr-u bee’tibor qiladi.
Muhammad ibn Husayn

Shahvat tufayli qilingan gunohlar kechirilishiga umid qilsa bo‘ladi, chunki Odam alayhissalomning adashishi shahvatdan bo‘lgan edi. Ammo kibr tufayli qilingan gunohlarning avf etilishiga umid yo‘q, chunki shayton kibri sababli kechirilmas gunohga qoldi.
Sufyon Savriy

Osmon bo‘lsang, yerga egilmoq yaxshi,
Tuproq bo‘lsang, ko‘kka intilmoq yaxshi.
Mirzo Bedil

Kimda-kim «man-man» deb o‘zini baland tutsa, uni na xalq, na Alloh sevadi.
Ahmad Yugnakiy

Yolvorish lazzati dunyoviy ne’mat emas, balki u jannat zavqlaridandir. Alloh u zavqni mahbublari uchun yaratgan. Har kas uni ololmas.
Abu Homid al-G’azzoliy
 
Ey mutakabbir banda, sen jannatga kirishni xayolingga ham keltirmagin. Chunki Iblis jannatdan kibru havosi tufayli haydalgan. Kibru havo qilgan insonlar jannatga kiritilmaydilar.
Ali ibn Abu Tolib

Hech bir musulmon o‘zidan boshqa musulmonni haqir va kichik deb bilmasin, chunki kichik ko‘ringan musulmon Allohning nazarida kattadir.
Abu Bakr Siddiq

Kimki namozni shikasta dil va ojizlik bilan ado qilmasa, ibodati durust bo‘lmaydi.
Sufyon Savriy

Kimki o‘zini past olib kamtar tutsa, Alloh taolo uning qadrini baland va aziz qiladi.
Abul Hasan Bushnakiy

Osmonga tupurgan kishining tupugi yuziga tushadi.
Mahmud Qoshg‘ariy

Najot ikki narsada: taqvo bilan niyatdadir. Halokat ham ikki narsada: umidsizlik va mag‘rurlanishda.
Abdulloh ibn Mas’ud

Kishining olim bo‘lishiga Alloh taolodan qo‘rqmog‘i, ilmsiz qolishiga esa amaliga mag‘rurlanishi kifoya qiladi.
Masruq

Bir kishiga bulutlar soya solib yurardi. Buni ko‘rgan boshqa bir kishi: «Albatta, uning soyasida yuraman», dedi. Shunda haligi birinchi kishi o‘zicha mag‘rurlanib: «Mana bunga o‘xshashlar mening soyamda yuradi», deb o‘yladi. Vaqti kelib, ular ajrashganlarida soya ikkinchi kishi bilan ketdi.
Sha’biy

Tavbangning to‘g‘ri bo‘lishi gunohingni bilish bilan, amalingning to‘g‘ri bo‘lishi mag‘rurlikdan voz kechishing bilan, shukringning to‘g‘ri bo‘lishi kamchiligingni bilishing bilandir.
Umar ibn Xattob

Kechasi uxlab qolib, pushaymon holda tong ottirishim kechani uxlamay o‘tkazib, mag‘rurlanib tong ottirishimdan yaxshiroqdir.
Mutarrif ibn Abdulloh

Ilmda Alloh qo‘rquvsi kifoyadir. Jaholatda Allohning mulkida Unga qarshi g‘ururlanmoq kifoyadir.
Abdulloh ibn Mas’ud

Ilm hayo bilan kibr orasida yo‘q bo‘lib ketadi.
Abu Homid al-G’azzoliy

Alloh kitobini o‘rganib, bu dunyoda quturmay yashab o‘tganlar naqadar baxtiyor kimsalardir.
Iso ibn Maryam

Kibru hasad bermas kishiga orom,
Odamni mensimay quvildi shayton.
Mirzo Bedil

Kimki o‘z fikriga mag‘rurlanib ish tutsa, yo‘ldan adashadi. Kimki o‘z aqliga suyanib, o‘zgalar bilan hisoblashmasa, xorlik tortadi.
Muhammad Zehniy

Qiyomat kunida mutakabbirlar odamlar suratidagi mayda chumoli holatida keltiriladi. Ularni har tomonlama xorlik o‘rab oladi. Olovlardan bo‘lgan do‘zaxga yo‘naltiriladi hamda do‘zax ahlidan siqilgan suv bilan sug‘oriladi.
Ka’bul Axbor

Tavoze’, ya’ni o‘zini past olishlik sharafli kishilarning ovidir. Har bir ne’matga hasad qilinadi, lekin tavoze’da hasad yo‘q.
Urva ibn Zubayr

Kibr kofirlarning va fir’avnlarning axloqidandir. Tavoze’ esa payg‘ambarlar va solihlarning axloqidandir. Chunki Alloh taolo kofirlarni kibr bilan sifatladi.
Abu Lays Samarqandiy

Ey salomatlikni, tinch va rohatda umr kechirishni istagan odam, odobga xilof so‘zlashdan, mag‘rurlik, takabburlikdan hazar qil. Hasad, ig‘vodan qalbing pok bo‘lsin.
Jaloliddin Rumiy

Yolg‘onchilik, ezmalik, takabburlik, chaqimchilik izzat-obro‘ni barbod qiladi.
Junayd Bag‘dodiy

Manmanlik qilmang, o‘zingizni boshqalardan yuqori tutmang. To‘g‘ri so‘zlang, to‘g‘ri ishlang, ochko‘zlik va harislikdan uzoqda bo‘ling.
Abu Yazid Bastomiy

Mutakabbir bo‘lishdan o‘zingni saqla. Takabburlik - johillar odati, aqlli odamlar mutakabbir bo‘lmaydilar.
Farididdin Attor

O’zingdan kuchsizlarning dillarini og‘ritma, ularga jabru jafo qilma, bir kun o‘zingdan kuchliroqning jabriga yo‘liqasan.
Sa’diy Sheroziy

Buzuq devorlardan tashvish bor, lekin,
Siniq ko‘ngillardan ko‘proqdir tashvish.
Pahlavon Mahmud

Odamni ikki ish halok qiladi: biri - xalq orasida izzatli bo‘lishga intilmoq, ikkinchisi - kambag‘allikdan qo‘rqmoq. Har kishining ko‘ngli shikasta bo‘lsa, shayton uning yaqiniga yo‘lamaydi.
Suhayl ibn Abdulloh

Kishida tavoze’ aqldan darak,
Ulug‘lik karamdan topadi bezak.
Nosir Xisrav

Ey inson! Qalbingda zarracha kibr bo‘lsa, sen hali musulmonlikni tushunmabsan. Toat-ibodating Alloh huzurida maqbul bo‘lmaydi.
Muhammad Kamol Pilav
 
Sukut - insonning eng harir libosidir.
Umar ibn Xattob

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.