background
logotype
image1 image2 image3

Hayolining iffati va behayolik kulfati

Eshigingni yopasan, pardalaringni tushirasan, odamlardan uyalasan, ammo qalbingdagi Qur’ondan, har bir maxfiy narsani bilguvchi ulug‘ Zotdan hayo qilmaysan.

Fuzayl ibn Iyoz


Hayo va andisha dunyoda tartib saqlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Hayo yo‘qolsa, hech kimda vijdon ham qolmaydi. (U holda) dunyoda tartib buziladi. Kishilar bir-biriga befarq qaraydigan bo‘ladilar.

Husayn Voiz Koshifiy


Oy nurli bo‘lsa ham har kuni ko‘rinaverganidan qadrsizdir.

Xurramiy


Hayo, nomus imona dalildur,
Hayosiz doimo xoru zalildur.

Abdulla Avloniy


Kishilar orasida yetugi uyatli kishidir.

Yusuf Xos Hojib


Bo‘ydoq odamga ellik gaz bo‘z ham ishtonlikka yetmaydi.

Mahmud Qoshg‘ariy


Kishidan hayo ketsa, tezdagina balo yetib keladi.

Muhammad Zehniy


Har kim uch narsani sevsa, shayton uni tez yo‘ldan ozdiradi: yaxshi yemoq, yaxshi kiymoq, ayollar bilan o‘tirmoq.

Uvays Qoroniy


Ko‘zni ayollarga tikishdan, ularning suratlarini tomosha qilishdan tiymoq kerak. Aqlning so‘nishiga, hayo pardasining yirtilishiga va eng muhimi, ibodatning «mazasi» yo‘qolishiga asosiy sabab ana shudir.

Muhammad Nurulloh Saydo Jazariy


Tarallabedod qilib yurish insonning fikr-xayolini buzuqlikka boshlaydi. Buzuq fikr-xayol esa qayg‘u-hasrat keltiradi.

Anushirvon


Yigitlar uchun - sharm-hayo va bahodirlik, keksalar uchun - sabr va ma’rifat yaxshiroqdir.

Sa’diy Sheroziy


Fosiqdan hayo tilama, zolimdan - vafo.

Alisher Navoiy


Aql-idrokdan mahrum bo‘lgan bosh - suvsiz chashmaga, adabsiz, tarbiyasiz yigit - egar-jabduqsiz otga, sharm-hayosiz xotin - tuzsiz taomga, ilmiga amal qilmagan olim - xushbo‘y, ammo guli yo‘q bo‘stonga o‘xshaydi.

Abul Mu’in


Agar oradan sharmu hayo ko‘tarilsa va kishi kishidan uyalmasa, olam nizomiga xalal yetadi.

Husayn Voiz Koshifiy


Iffat hech narsaga ehtiyoj qoldirmaydi.

Ali ibn Abu Tolib


Badbaxtning nishonasi besh narsadir: ko‘ngli qattiq bo‘lmoq, ko‘zi yoshsiz bo‘lmoq, besharm va behayo bo‘lmoq, dunyoga moyil bo‘lmoq, umidsiz bo‘lmoq.

Fuzayl ibn Iyoz


Hayo - insonning abadiy go‘zalligi va latofatidir. Hayosiz yuz jonsiz jasadga o‘xshaydi.

Abu Ali ibn Sino


Elga sharaf kelmadi johu nasab,
Lek sharaf keldi hayo-u adab.

Alisher Navoiy


O’lmog‘im, keyin tirilmog‘im, so‘ng o‘lib, yana tirilmog‘im birovning avratiga qarashimdan va birovning mening avratimga qarashidan uch karra sevimliroqdir.

Salmon Forsiy


Avratga qaragan kishiga ham, (avratni) ko‘rsatgan kishiga ham Allohning la’nati bo‘lsin!

Ali ibn Abu Tolib


Hayo tuxumin qo‘ldan bersa gar odam,
G’ayrat binosining qaddi bo‘lur xam.

Mirzo Bedil


Hammomga ikki izor bilan kirish durust. Birinchi izor avrat uchun, ikkinchisi - ko‘z uchun, ya’ni ko‘zini odamlarning avratidan to‘sish uchun.

Hasan Basriy


Qarashdan saqlaninglar. Chunki u qalbda shahvat urug‘ini ekadi va u qalb egasini fitnaga solish uchun yetib ortadi.

Iso ibn Maryam


Hayo ikki xil bo‘ladi: siz bilan odamlar orasidagi hayo, Alloh bilan sizning orangizdagi hayo. Odamlar bilan sizning orangizdagi hayo qarash halol bo‘lmagan narsalardan ko‘zingizni to‘sishingizdir. Siz bilan Alloh o‘rtasidagi hayo Allohning ne’matlarini bilmog‘ingiz va so‘ngra Unga gunoh qilishdan uyalishingizdir.

Abu Lays Samarqandiy


Kim birovning parda-hijobini oyoq osti qilsa, o‘zining avrati ochiladi.

Mansur ibn Ammor


Ochko‘zlikdan hamda yaxshi ovqat, ichkilik, xotin-xalajga berilishdan o‘zini tutish iffat sanaladi.

Ali ibn Abu Tolib


Yo‘lbars ila sherni yenggan mard kishi,
Bo‘yin egib tursa, bu hayo ishi.

Mirzo Bedil


Men ul kishidan ajablanamanki, hayodan so‘z aytadi va o‘zi Alloh taolodan sharm tutmaydi.

Abdulloh Manoziya


Mo‘min kishi rashkchi bo‘lishi kerak. Biror erkak va ayolning fahsh ishlarini bilsa, hech rozi bo‘lmasin. Agar qodir bo‘lsa, qo‘li bilan qaytarsin, bo‘lmasa, tili bilan. Hech bo‘lmasa, qalbi bilan yomon ko‘rsin.

Abu Lays Samarqandiy


Kishining malomatga loyiq eng yomon sifati rashkchi bo‘lmaganidir. Birortangizning onasi yoki ayoli bozor va majlislarda odamlar ko‘p to‘plangan joyga chiqishidan uyalmaydimi?

Abdulloh ibn Mas’ud


Erkagu ayollar uchun eng chiroyli husn - sharmu hayodir.

Abdulloh Muqni’


Ko‘z haromga qaraganida vijdonni, qalbni g‘am-alamlar, buzuq zaharli fikrlar, xaroblik va razolat qoplaydi. Shahvoniy kuchlar harakatga kelgudek bo‘lsa, odam o‘zi bilmagan va sezmagan holda halokatga, razolatga va buzuq o‘y-fikrlar girdobiga tushib qoladi.

Muhammad Nurulloh Saydo Jazariy


Hayo kishilarni yomon yo‘ldan qaytaruvchi va yaxshilik sari undovchidir. Kimning hayosi bo‘lmasa, uning uyati bo‘lmaydi. Barcha qabih ishlarni qilishdan ham qaytmaydi. Kishida hayo bo‘lsa, nafs uning ustidan hokim bo‘lolmaydi va o‘z yo‘liga sololmaydi.

Muhammad Javhar Zamindor


Hayo pardasi ila o‘ralmish insonlarning iffat pardasi yirtilmas.

Abdulla Avloniy


Har bir aql egasi sharmu hayo yo‘lida mustahkam turishni o‘z hayoti ravnaqining asosi qilib olsa, zamonaning katta-kichigi uning huzuriga va suhbatiga xaridor bo‘ladilar.

Barxurdor ibn Mahmud


Uyatli kishi odamlarning sarasidir, uyatsiz kishi - odamlarning tubani.

Yusuf Xos Hojib


Haromga qarashlik orzusi ruhni qoraytiradi. Qop-qora, sim-siyoh bo‘lib balchiqqa bulg‘angan ruhdan qalbga faqat zahar tomchilaydi.

Muhammad Nurulloh Saydo Jazariy

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.