background
logotype
image1 image2 image3

Hasad, ig‘vo, g‘iybati va g‘azabning mazammati

Odamlarni o‘zlari yo‘g‘ida yomonlamoq qalblarga qilingan xiyonatdir.
Abu Homid al-G’azzoliy

Misvoklar bilan og‘zingni tozalading, koshki edi bundan keyin sen og‘zingni bo‘hton, yolg‘on, g‘iybat so‘zlarni aytish bilan bulg‘amasang!
Abulqosim az-Zamaxshariy

Odamlar ustidan kulish katta gunohlardan biridir.
Vahb ibn Munabbah

Bo‘shamasa tili g‘iybatdan,
Bo‘shamaydi dil uqubatdan.
Farididdin Attor

G’iybat gunohi zino gunohidan ham ulkan.
Husayn Voiz Koshifiy

Podshohga yaqin kishilar tuhmatchi va g‘iybatchi bo‘lsalar, davlat inqirozga yuz tutib, podshoh almashgusidir.
Majididdin Xavofiy

Fisqu fasod qiluvchilar va fojirlar ko‘paysa, Alloh taolo vabo yuboradi.
Abulqosim az-Zamaxshariy

Dunyoda hasad va ginadan og‘irroq ranj yo‘q. Chunki hasadchi kimsa odamlarning shodligidan payvasta g‘am ostida yuradi. O’zgalar rohatidan doimo zahmat tortadi.
Muhammad Husayn

G’iybat qabih fe’llardan biridir. G’iybat oz bo‘lsa-da, keltiradigan zarari dengiz kabi bepoyon. Biror kishining orqasidan gapirish, aybini topish, yomonlash, bola-chaqasi, xotini, xulqi, boyligi haqida bemaza gaplarni gapirishning barchasi g‘iybat hisoblanadi.
Xayoliddin al-Hasaniy

Hasad balosi ulkan fasodlar paydo qilur. Chunki hasad bag‘oyat jirkanch xislatdir.
Husayn Voiz Koshifiy

O’zingda hasad hissini qo‘zg‘atmagil. Zero, keyin undan xalos bo‘lishing amri maholdir. Uni davolab bo‘lmaydi.
Majididdin Xavofiy

Fitna qo‘zg‘atadi kina-adovat,
Oqillardan chiqsa battar qabohat.
Mirzo Bedil

Kimda-kim g‘arazgo‘ylik jilovi bilan bir narsaga erishishga harakat qilar ekan, u shu istagiga erisholmaydi, hatto ajali ham yetmay o‘lib ketadi.
Ali ibn Abu Tolib

Kishining toyishi  oyog‘ini  qonatadi, tilning toyishi  barcha  ne’matdan mahrum etadi.
Muhammad Zehniy

Hasad bilan g‘azab ikki qanot bo‘lib harakatga kelsa, toza va chiroyli hayotlarni xira va kuduratli qilib yuboradi.
Abu Rayhon Beruniy

Ig‘vo va chiqimchilik eng yaramas sifat bo‘lgani uchun bu yomon sifatni o‘zlariga maslak qilib olgan kishilar xalq nazarida munofiq sanaladi.
Abdulla Avloniy

Men hasadgo‘ydan ko‘ra mazlumga o‘xshaganroq zolimni ko‘rmadim. Chunki u sening oldingdagi ne’matni o‘ziga nisbatan zulm deb hisoblayveradi.
A’robiy

O’z nafsini mag‘lub etolgan marddir,
G’iybatlardan uzoq ketolgan marddir.
Abu Abdulloh Rudakiy

Dunyo ishlaridan birortasida o‘zgaga hasad qilmadim. Chunki u zot jannat ahllaridan bo‘lsa, uning jannat ne’matlari oldida juda haqir bo‘lib qoladigan dunyosining nimasiga hasad qilaman? Agar u kimsa do‘zaxiylardan bo‘lsa, uning do‘zaxga kirishiga sabab bo‘ladigan dunyosining nimasiga hasad qilay?
Muhammad ibn Sirin

Banda o‘limni qancha ko‘p zikr qilsa, uning xursandligi va hasadi shuncha kam bo‘ladi.
Abu ad-Dardo

Hammani rozi qilishim mumkin, faqat ne’matga hasad qilguvchini rozi qila olmayman. Chunki uni faqatgina ne’matning ketishi rozi qiladi.
Muoviya

Ey odam bolasi, nega birodaringga hasad qilasan? Agar Alloh suyganligi sababli u bandaga ne’mat ato qilgan bo‘lsa, sen Alloh suygan bandaga qanday hasad qilasan? Agar uning mol-davlat topishiga boshqa sabab bo‘lsa (ya’ni, harom yo‘llar bilan topgan bo‘lsa), oqibatda do‘zaxga eltuvchi bo‘lgan mol-davlatning nimasiga hasad qilasan?
Hasan Basriy

Hasad barcha xislat, nuqsondan yomon,
Hasad ahli barcha yomondan yomon!
Kamoliddin Binoiy

Azob chekishni istamasang, hasadgo‘y bo‘lma.
Qobus

Unutmangki, hasaddan idrok ham kasod bo‘ladi.
Abdurahmon Jomiy

Hasad, boshqalarning rohatini ko‘rolmaslik - hamma sifatlarning pastrog‘idir. Hasad himmat pastligi va ko‘ngil xastaligidan hosil bo‘ladi.
Husayn Voiz Koshifiy

Men ro‘zadorman, deysan-u ammo o‘zing bo‘lsa, birodaring go‘shtini yeysan (ya’ni, g‘iybatlar va xo‘rliklardan so‘zlaysan).
Abulqosim az-Zamaxshariy

Chetlab o‘tgin hasadgo‘yni ko‘rsang gar,
Nayzasiki uning bo‘lmas bezahar.
Maxtumquli

Birovni ig‘vo qilishning gunohi bir ramazon oyida ro‘za tutmaslikning gunohidan yomonroqdir.
Abu Havs Kabir

Yomon kishi ablahlarning tavsifi bilan yaxshi bo‘lib qolmaydi, yaxshi kishi hasadgo‘ylarning ta’nasi bilan yomon bo‘lib qolmaydi.
Vojidali Mujmaliy

Har kishi nokas bilan hamkosadir,
Ming sharofatni kasofat bosadir.
Boborahim Mashrab

«Falon kishi sening haqingda bunday so‘zladi», «Falonchi seni yomonladi», deb so‘z yuritishga chaqimchilik, deyiladi. Chaqimchilikni insofli, odamgarchiligi bor kishi qabul qilmaydi. Chaqimchilar har xil bo‘lmag‘ur so‘zlarni adovat va hasadlari tufayli so‘zlaydilar.
Nizomiddin ibn Husayn

Gina-adovatdan uzoq bo‘l, kuching yetmaydigan ishga kirishma. So‘z yurituvchi, chaqimchilarning so‘zlariga ishonma. Chunki ular fitna-fasod yo‘lini izlab yuruvchi yaramas odamlardir.
Abu Yazid Bastomiy

Ayb izlash bo‘larkan tabiati, bas,
Tovus oyog‘idan o‘zgasini ko‘rmas.
Sa’diy Sheroziy

Agar falonchining kiyimi kalta yoki uzun desangiz, bu g‘iybat bo‘ladi. Endi falonchining kiyimini zikr qilish g‘iybat bo‘lsa-yu o‘zidan gapirsangiz, qanday bo‘larkin?
Abu Lays Samarqandiy

Ey g‘iybatchi, do‘stlaringga dunyoing bilan baxillik qilding, dushmanlaringga oxirating bilan saxiylik qilding. Sen baxillik qilgan o‘rningda kechirilmaysan, saxiylik qilgan o‘rningda maqtalmaysan.
Ibrohim Adxam

Payg‘ambarlarning kitoblarida o‘qidim. Kim g‘iybatdan tavba qilib o‘lsa, u jannatga kiruvchilarning oxiri bo‘ladi. Kim g‘iybatni davom ettirib o‘lsa, u do‘zaxga kiruvchilarning birinchisi bo‘ladi.
Ka’bul Axbor

Uch narsa majlisda bo‘lsa, rahmat ketadi: birinchisi - dunyoni zikr qilish, ikkinchisi - kulgu, uchinchisi - odamlarni g‘iybat qilish.
Hotam Zohid

G’iybatni tashlashim menga dunyo va u yaralganidan toki yo‘q bo‘lgunicha uchragan narsalar meniki bo‘lishidan yaxshiroqdir.
Vahb Makkiy

Alloh bandalari ichida yomoni ko‘p ta’na qiluvchi, ko‘p la’natlovchi va chaqimchilardir.
Qatoda

Chaqimchi sehrgardan ham yomonroqdir. Chunki chaqimchining bir soatda qiladigan ishini sehrgar bir oyda ham qilolmaydi.
Yahyo ibn Aqsam

Xorlar to‘rt nafardir: chaqimchi, yolg‘onchi, qarzdor va yetim.
Aksam ibn Sayfiy

Kim senga gap yetkazsa, bilginki, sening gapingni ham boshqaga yetkazadi.
Hasan Basriy

Ey o‘g‘ilginam, hasaddan saqlangin. Chunki u dushmaningga yetmasdan, sening o‘zingga bilinadi.
Muoviya ibn Abu Sufyon

Hasaddan zararliroq narsa yo‘q. U hasad qiluvchi kishiga beshta azobni olib keladi: g‘ami tugamaydi, musibat oladi-yu unga ajr kelmaydi, yomonlikni olib keladi, Alloh taolo unga g‘azab qiladi, uning uchun tavfiq eshiklari yopiladi. Bu beshta azob hasad qilingan kishiga emas, hasadgo‘yning o‘ziga yetadi.
Abu Lays Samarqandiy

Hasad qiluvchilar uchun rohat yo‘qdir... Xiyonatchida fikr yo‘q, yomon xulqli kishida boshliqlik yo‘q.
Ahnaf ibn Qays

G’azab o‘ti oldin egasini yondiradi, keyin uchquni dushmanlariga yo yetadi, yo yetmaydi.
Sa’diy Sheroziy

G’azab irodasi kuchli odamga ro‘para kelolmaganidek, irodasi kuchsiz odamga ham ro‘para kelolmaydi.
Abu Ali ibn Sino

G’azabning avvali jinnilik, oxiri nadomatdir.
Abdulla Avloniy

Haddan ortiq g‘azab vahshiylik keltiradi va bevaqt qilingan lutf obro‘ni ketkazadi.
Abu Rayhon Beruniy

G’azablanganingda g‘azabingni bosishni o‘zingga majburiyat bil.
Qobus

Xuddi qurt-qumursqalar arslon bolasini yegani kabi oliyjanob va himmatli odamning go‘shtini hasad ahli yeydi.
Abulqosim az-Zamaxshariy

Jahl ahli bilan kimki ulfat bo‘lg‘ay,
Ul ulfat ichra yuz ming kulfat bo‘lg‘ay.
Alisher Navoiy

Haddan oshgan g‘azab qo‘rquv tug‘dirar, me’yorsiz erkalash olomon ko‘z o‘ngida obro‘yingni to‘kur.
Sa’diy Sheroziy

Qilich va nayza bilan hosil bo‘lmagan ko‘p ishlar yumshoqlik, muloyimlik bilan hosil bo‘ladi. G’azab keltirgan zarar g‘azablangan kishining o‘ziga qaytar.
Imom Shofe’iy

To‘rt narsani to‘rt narsadan, ya’ni dilni hasaddan, tilni yolg‘ondan va g‘iybatdan, qilgan ishingni munofiqlikdan, qorningni harom-harishdan pok tut, shundagina chin odam hisoblanasan.
Farididdin Attor

G’azab, takabburlik va nojo‘ya harakat odamga alam va pushaymonlik keltiradi.
Buzurjmehr

 


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.