background
logotype
image1 image2 image3

Do‘stlikning nazokati va dushmanlik razolati

Do‘stga ham, dushmanga ham yaxshilik qilish yaxshidir. Agar do‘stingga yomonlik qilsang, u senga dushman, dushmaningga yaxshilik qilsang, u senga do‘st bo‘ladi.

Umar Xayyom


Nodon do‘st do‘st bo‘laturib shunday kunlarni boshingga soladiki, bu yuzta dono dushmaningning ham qo‘lidan kelmaydi.

Qobus


Hamma bilan yaxshi muomalada bo‘l, hech kimni o‘zingga dushman qilma!

Aziz ibn Muhammad Nasafiy


Ikki dushman butun yer yuziga sig‘maydi, ammo ikki do‘st bir qarich yerga sig‘a oladi.

Asmaiy


Do‘stimki, dushmanimga do‘stlik qilarkan, uni men do‘st hisoblamayman. Zaharga qo‘shilgan shakardan ehtiyot bo‘l.

Abu Ali ibn Sino


Dushmanlaring bilan apoq-chapoq bo‘lgan do‘stingdan qo‘lingni yuvib, qo‘ltig‘ingga ur.

Qobus

 
Kimki do‘stlikni xor aylabdi, uni qismat jazolagay - chiqib tutuni.

Jaloliddin Rumiy


O’zgaga qilgan muruvvatingni do‘stga ham, dushmanga ham maqtanma.

Abulqosim Firdavsiy


Nafratimizga   uchragan   kimsalarning   yordamiga   muhtoj   bo‘lish   og‘ir musibatdir.

Qobus


G’anim so‘ziga kirish - xatolik, ammo unga teskari ish tutmoq uchun uni tinglamoq darkor. Bu - chinakam haq yo‘ldir.

Sa’diy Sheroziy


O’zgalar oldida berilgan nasihat ta’nadek botadi.

Qobus


Do‘stlar fikridin va dushmanlar makridin beparvolig‘ joiz ermas va bu ish nadomatdin o‘zga natija bermas.

Alisher Navoiy


To‘rt narsa borki ozi ham ko‘p: olov, dushmanlik, faqirlik, xastalik.

Ja’fari Sodiq


Yangi do‘st orttirsang, eskisidan yuzingni burma.

Qobus


Urush - botirni, jahl - dononi, yo‘qchilik - do‘stni sinaydi.

Al-Xoriziy


Hamrohini mushkul yo‘lda tashlab ketgan odam hech yerda halovat topmaydi.

Sa’diy Sheroziy


Ayol kishiga eng haqqi ko‘p kishi erdir, erkak kishiga eng haqqi ko‘p kishi -onasidir.

Abu Lays Samarqandiy


Adovat etakka tutashmasin, boq,
Jahonga o‘t qo‘yar misoli chaqmoq.

Mirzo Bedil


Parvardigor bizga nasiba qilib yaratgan ne’matlar va ro‘yolar (boyliklar) ichida doim qadr-qimmat qilishimiz lozim bo‘lgan, e’zozlashimiz shart bo‘lgan oliy fazilat - do‘stlik va mehr-oqibatdir.

Abu Lays Samarqandiy


Do‘stlar diydoridan ortiq quvonch, firoqidan ortiqroq g‘am yo‘q.

Abu Abdulloh Ro‘dakiy


Odam do‘stsiz qolgandan ko‘ra aka-ukasiz qolgani afzal.

Qobus


Donoga yondoshgil, qoch nodondan san,
Hatto u xavflidir dono dushmandan.

Jaloliddin Rumiy


Do‘st-do‘stga shunday ko‘zguki, undan tiniqrog‘i yo‘q.

Avhadiddin Anvariy


Bitta dushmaning - ko‘p, do‘stlaring minglab bo‘lsa ham - oz.

Abu Abdulloh Ro‘dakiy


Nuqsoningni do‘stdan so‘rab yurma, u aytmaydi. Yaxshisi dushmanlarning nima deyishini bil.

Sa’diy Sheroziy


Dushman odatda do‘stdan chiqadi.

Efendi Kapiev


Qadahboz do‘stlaringni do‘st dema, chunki ular senga emas, qadahingga do‘st.

Qobus


Ikki narsa dildagi g‘am ofati: do‘st diydori, dono kishi suhbati.

Abu Shukur Balxiy


Kimki aybsiz do‘st axtarsa - do‘sti kamayadi. Kimki do‘stini xatosi uchun itobga olsa - dushmani ko‘payadi.

Mu’iniddin Juvayniy


Tuban odam bilan do‘st tutinib, hamsuhbat bo‘lma, chunki uning zarardan boshqa nafi tegmaydi.

Majididdin Xavofiy


Sinamay birovni do‘st tutsang, nolima shu do‘stdan qon yutsang.

Abu Shukur Balxiy


Do‘st do‘stdir asli qilmishi bilan,
Do‘st emas «do‘stingman», deyishi bilan.

Nosir Xisrav


Do‘stim qolsin, desang mangu do‘st bo‘lib,
So‘zlagin sen ta’bu odatin bilib.

Abulmajd Sanoiy


Bag‘ritosh do‘stni dushman hisoblash lozim.

Mu’iniddin Juvayniy


Kim g‘amli kunda yoru mungdosh bo‘lur,
Shodlik kuningda tag‘in yo‘ldosh bo‘lur.

Farididdin Attor


Ablah do‘st dushmandan yomondir, yomon ne hiylani bilsa, ishlatar oson.

Jaloliddin Rumiy


Yasovuldan do‘st tanlama, chunki u haqiqatni tan olmaydi. Sen unga ming martalab nonu suv tutqazsang-da, undan bir marta ham issiq (ovqat) so‘rab ololmaysan.

Majididdin Xavofiy


Bu juda yaxshi so‘z, sen ham os quloq,
Nodon do‘stdan ko‘ra dushman yaxshiroq.

Abulmajd Sanoiy


Uchta ish sen haqingda do‘stingda yaxshi fikr hosil qiladi: uni salom bilan qarshi olishing, majlisda joy berishing, uni u yaxshi ko‘radigan ismlar bilan chaqirishing.

Umar ibn Xattob


Dushmaning makr aylasa, undan hiyla bilan qutil, agar temirni tuzatmoqchi bo‘lsang, temir bosqon bilan ur.

Ahmad Donish


Dushman ham uch xil bo‘ladi: dushman, do‘stingning dushmani, dushmanning do‘sti.

Yusufiy


Dushmanlikdan emas chayon chaqishi,
Shunday tabiati, fe’lin xohishi.

Sa’diy Sheroziy


Dushmaningdan uzoq bo‘l!

Umar ibn Xattob


Adovat tig‘ini ko‘targan kishi adovat tig‘idan halok bo‘ladi.

Abdurahmon Jomiy


Jahonning shodligi yig‘ilsa butun,
Do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun.

Abu Abdulloh Ro‘dakiy


Do‘stingdan ehtiyot bo‘l, ishonchlisi mustasno. Allohdan qo‘rqqangina ishonchli bo‘lur.

Umar ibn Xattob


Dushmandan muruvvat kutmaganday, pastkash do‘stdan nari yurgan ma’qul.

Mu’iniddin Juvayniy


Birodarlarimiz biz uchun ahli oilamizdan ham qimmatliroqdir. Chunki ahlimiz bizga nuqul dunyoni eslatadi, birodarlarimiz esa - oxiratni!

Hasan Basriy


Har qancha bo‘lsa ham olamda achchiq,
Achchiqroqdir dono do‘stdan ayriliq.

Abu Abdulloh Ro‘dakiy


O’zingga   sodiq   do‘stlar   tanla,   ular   panohida   yashaysan,   chunki   ular kengchilikda ziynat, qiyinchilikda qalqondirlar.

Umar ibn Xattob


Hakimlarning   aytishicha,   sinalmagan   do‘stga   va   sinalgan   dushmanga ishonmoq katta xatodir.

Xoja Samandar Termiziy


Ey birodar, munofiqqa bo‘lma ulfat,
Kim ulfatdir boshi uzra yuz ming kulfat.

Ahmad Yassaviy


Do‘stsiz yashash mumkinmas, ammo hamma ham do‘stlikka arziyvermaydi.

Mu’iniddin Juvayniy


To‘zgan paxta bo‘z bo‘lmas, qadimiy yov do‘st bo‘lmas.

Qo‘rqit Ota


Do‘stlaring ko‘payar farovonlikda, ularni sinab ko‘r notavonlikda.

Xusrav Dehlaviy


O’z yovin parvarish qilgan odam xom,
Jahonda chiqarar axmoq degan nom.

Abulqosim Firdavsiy


Tarki suhbat ayladim hamrohi noqobil bilan.

Boborahim Mashrab 


Kishi dushmanidan qutulmagunicha erkin nafas ololmaydi.

Yusufiy 


Kim aybingni aytsa, u do‘sting, ishon, kim yashirib yursa - zaharli ilon.

Rukniddin Avhadiy


Har qancha yaxshilik ko‘rsatilganda ham, dushman qo‘lidan dushmanlikdan bo‘lak ish kelmaydi.

Abdurazzoq Samarqandiy


Bu olamda yaxshilar ila do‘stlashishni hamma ham xush ko‘radi. Agar zo‘r bo‘lsang, yomonlarni ham do‘stga aylantira bil.

Bahouddin Naqshband


Do‘stlar bilan ko‘rishib, gaplashib turinglar, g‘am-qayg‘udan qutulishlaringga vosita bo‘ladi.

Umar ibn Xattob


Zamonning evrilishidan, do‘stlarning bevafoligidan qilayotgan shikoyating gunohlaringning senga qoldirgan merosidir.

Fuzayl ibn Iyoz


Do‘stlar bilan totuv yasha, urishib undan ayrilma.  Qo‘lingdagi tovuqni chiqarib yuborib, yana boshqatdan qidirma!

Mahmud Qoshg‘ariy


Kulfatda bilaylik do‘stu dononi,
Qalqon bo‘lajak u sinalgan oni.

Abu Shukur Balxiy


Tirik qolib g‘anim bo‘lgandan shodon,
Sharaf bilan o‘lish yaxshiroq chandon.

Abulqosim Firdavsiy


Ikki kishidan sen yashirma darding:
Biri tabib erur, biri - hamdarding.

Farididdin Attor 


Chinakam do‘st aytgan har o‘git, masal -Sirti zahar erur, tomiri - asal.

Nosir Xisrav 


Do‘st uyida mehmon bo‘lgan vaqtingda qo‘lingni, ko‘zingni, tilingni tiya bil.

Pahlavon Mahmud 


Kimki dushmandan qilmadi hazar, Oqibat undan ko‘radi zarar.

Farididdin Attor


Dushman lashkari ichida kelishmovchilik bor ekan, sen o‘z shamshiringni qinidan sug‘urmay qo‘yaber!

Abdurazzoq Samarqandiy


Dunyoda do‘sting kim, dushmaning kim - boq, ishlaring hisob et, yozilmish qandoq.

Abdurahmon Jomiy


Ko‘rdimki, eng noyob ne’mat rostgo‘ylik va mardlik, eng og‘ir balo munofiq do‘stlar ekan.

Najmiddin Kubro


Aybsiz do‘st qidirgan kishi yakkalanib qoladi. Arzimas aybi uchun xafa bo‘laveradigan kishining do‘stlari dushmanga aylanaveradi. Do‘stining o‘zidan o‘zib ketayotganini ko‘ra olmagan kishi g‘am ostida yuraveradi.

Yusufiy


Xo‘mrayib har kimsa achchiq so‘zlagay,
Do‘stlari undan qochishni ko‘zlagay.

Farididdin Attor


Har kimdan istama do‘st-oshnolik, har oshnadan kutma sen ro‘shnolik.

Abdurahmon Jomiy


Arpasiz ot qir osholmaydi, yo‘ldoshsiz botir jangda yengolmaydi.

Mahmud Qoshg‘ariy


Yaxshi libos tanga oroyish,
Yaxshi qo‘ldosh jonga osoyish.

Alisher Navoiy


Men umrim davomida ixlosmandlarimga qaraganda tanqidchi do‘stlarimdan, ayniqsa ularning tanqidi muloyim va do‘stona suxan bilan izhor etilganida ko‘proq foyda olganman.

Maxatma Gandi


Kim agar do‘stlar bilan yakdil bo‘lur,
Barcha maqsudi aning hosil bo‘lur.

Farididdin Attor


Shodli va qayg‘uli paytlarida dilini kuduratdan tozalab, sof do‘stlikni saqlab qolgan kishi chin do‘st hisoblanadi.

Abu Ali ibn Sino


Shaxsingizga dushmanlik qilganni avf etingiz. Lekin vataningizga, millatingizga va diningizga dushmanlik qilgan kishini kechirmangiz.

Ali ibn Abu Tolib


O’zini o‘ylaguvchi xudbin do‘stingdan jonini yo‘lingga tikkan it yaxshi.

Nizomiy Ganjaviy


Millatimizni zaif ahvolga solgan sabablardan biri atrofimizda yurgan do‘st suratidagi hiylakorlarga nisbatan soddaligimizdir. Holbuki, inson har qanday va’daga aldanavermasligi, har bir yo‘l ko‘rsatuvchiga ishonavermasligi lozim.

Hikmat Ziyo


Oqil do‘sti bor kishining oynaga ehtiyoji yo‘qdir.

Jaloliddin Rumiy


Istasang dunyoda baxtu saodat,
Aylagil qardoshlar diydorin odat.

Xusrav Dehlaviy


O’ziga do‘st topolmagan kishi odamlarning eng ojizi sanaladi. Bundan ham ojizrog‘i esa oldiniga birorta do‘st topadi-yu keyinchalik uni ham yo‘qotib qo‘yadi.

Ali ibn Abu Tolib


Birodaringdan sen o‘ylagandek foyda kelishi uchun uning ishini yaxshilab o‘rinlatib qo‘y!

Umar ibn Xattob


Kim tortsa adovat qilichin qindan,
Adovat tig‘idan bo‘ladi halok.

Abdurahmon Jomiy


Oqil kishilar do‘st bilan dushmanni, dushman bilan do‘stni almashtirmaydilar.

Abdurazzoq Samarqandiy


Ulfati yaxshi kishining o‘zi ham yaxshi bo‘lur, yaxshi ulfatli kishidan ko‘p yaxshilik kelur.

Ahmad Yugnakiy


Do‘stlar dilini ranjitish dushmanni murodiga yetkazishdir.

Husayn Voiz Koshifiy 


Dunyoda eng yomon xislat do‘stlarga qilinadigan makr bilan hiyladir.

Muhammad Jabalrudiy


Hammaga omonlik istaguvchi bo‘l,
Shunda adovatga qolmagay hech yo‘l.

Abdurahmon Jomiy


Dushman bilan hamsuhbat bo‘lganingda ham o‘zingni undan baland tutma!

Mu’iniddin Juvayniy


Chin birodar og‘ir kuningda bilinadi.

Ali ibn Abu Tolib


Bir ming nafs adovat oldida bir odamcha ham bo‘lmas.

Mu’iniddin Juvayniy


Kimki adovatu xusumatni eksa, albatta u tashvishu mashaqqat o‘radi.

Abulqosim az-Zamaxshariy


Bu xarobazorda istasang rohat,
Do‘stga qo‘shilib top dilga halovat.

Mirzo Bedil


Agar sirlaringni dushman bilmasligini xohlasang, uni do‘stingga aytmagin.

Jaloliddin Davvoniy


Og‘ir kunlarda yoningda turgan odamgina in’omga sazovordir.

Mu’iniddin Juvayniy


Samimiy do‘sti bilan maslahatlashib ishga tutinish, dushman bilan murosa qilish, achchiq so‘zni yutish va nafsni tiyish odamni barkamol qiladi.

Ali Rizo


So‘zlagan vaqtimda og‘zimdan beixtiyor yaramas, bo‘lmag‘ur so‘zlar ham chiqishi mumkin. Dushman esa og‘zimdan chiqqan yomon so‘zlarnigina terib oladi. Chunki dushmanning nazari yomondan bo‘lakka tushmaydi.

Sa’diy Sheroziy


Aqlli, odobli, diyonatli odam bilan do‘st tutinish kerak. Bunday go‘zal sifatlarga ega odam samimiy do‘st bo‘ladi. Samimiy do‘st hech vaqt seni unutmaydi, sendan yordamini ayamaydi, hojatingni ado etadi.

Ibn Sammok

 
Nafsing uchun hech maxluq bilan xusumat qilmagin.

Abu Ali ibn Dahhoq


Kimki birodarlikni xorlasa, odamgarchiligi ketadi, kimki sultonni xorlasa, dunyosidan benasib bo‘ladi, kimki solihlarni xorlasa, oxiratidan benasib qoladi.

Sufyon ibn Uyayna


Dushmanni o‘zingga mahrami jon qilma,
O’z joningga jabru nuqson qilma.

Mujrim Obid


Hayvonlarning tabiatlarida kushandalaridan nafratlanish, dushmandan o‘zini qo‘riqlash bor.

Abu Rayhon Beruniy


Qurol hozirlashni unutgan askar asir bo‘ladi.

Mahmud Qoshg‘ariy


Yaxshi qarindoshlik chidamlilik bilan yuzaga keladi.

Ali ibn Abu Tolib


Hisob va sarf muomala uchun, uzr hamda ixlos do‘stlik va muhabbat uchundir.

Mu’iniddin Juvayniy

2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.