background
logotype
image1 image2 image3

Hazrati Umar o‘pgan bosh

Abu Rofe’dan, roziyallohu anhu rivoyat qilinadi:
Hazrati Umar, roziyallohu anhu, rimliklar ustiga bir qo‘shin yubordi. Qo‘shinda ashoblardan Abdulloh ibn Huzofa ismli bir zot ham bor edi. Rimliklar uni asir olib, qirollari yoniga olib bordilar va:
— Bu odam Muhammadning, sollallohu alayhi va sallam, sahobalaridan ekan, — dedilar. Qirol Abdullohga:
— Hozir seni o‘zimga sherik qilib olsam, nasroniy bo‘lasanmi? — dedi. 
— Meni o‘zingga sherik qilishgina emas, butun hukmdorlik va saltanatingni menga o‘tkazsang va bunga qo‘shimcha tarzda arablarga qarashli barcha yerlarni menga bersang ham, Muhammadning, sollallohu alayhi va sallam, dinidan aslo voz kechmayman, — dedi Abdulloh.
— Unday bo‘lsa, seni o‘ldiraman.
— O‘zing bilasan.
Bu savol-javobdan so‘ng qirol uni chor  mixga osib, otishni buyurdi. Biroq otuvchilarga:
— O‘q otayotib, tekkizmang va har safar otishdan oldin unga nasroniylikni taklif qiling, — deya tayinladi.
Kamonchilar shunday qilishdi. Ammo Abdulloh nasroniylikni qabul qilmadi. Nihoyat qirolning amri bilan uni tushirdilar. So‘ng bir ulkan qozonga suv quyib, qaynatdilar.
Boshqa bir musulmon asirni keltirishib:
— Xristian bo‘lmasang, seni shu qaynoq suvga otamiz, — deyishda va qabul qilmagach, qaynoq qozonga tashlab yuborishdi.
Qirol endi qaynoq suvga Abdullohni tashlashni buyurdi. Buyruqni bajarishga kirishar ekan, Abdulloh yig‘ladi. Shunda ahvolni qirolga ma’lum qildilar. Qirol umidlanib:
— Uni huzurimga keltiring, — dedi.
Olib kelishdi. Qirol yana nasroniylikni taklif qildi.  Abdulloh yana rozi bo‘lmadi.
— Unda nega yig‘lading? — so‘radi qirol.
— Men o‘z-o‘zimga dedimki, hozir seni qaynoq suvga tashlaydilar va besh daqiqa ichida o‘lib ketasan... Holbuki, men vujudimdagi tuklar qadar ko‘p jonim bo‘lsa, har kuni ulardan bittasini Alloh yo‘lida fido etishni orzu qilaman.
Shunda qirol:
— Hozir seni qo‘yib yuborsam, mening boshimni o‘pasanmi? — deb so‘radi.
— Bir o‘zimni emas, sheriklarimni ham qo‘yib yuborsang, boshingni o‘paman, — dedi Abdulloh.
Abdulloh ibn Huzofa, roziyallohu anhu, deydilar: “Ichimda bu odam Allohga qanchalar dushman bo‘lsa-da, o‘zimni va o‘rtoqlarimni qutqarish uchun boshini o‘pishimning nima zarari bor?” dedim va borib boshini o‘pdim. U ham asirlarni qo‘yib yubordi”.
Abdulloh asirlar bilan Madinaga kelganida Hazrati Umar, roziyallohu anhu: “Abdulloh ibn Huzofaning boshini o‘pish har bir musulmonga fazilatdir. Bu vazifani eng avvalo men ado etmog'im kerak”, dedilar va turib Abdullohning boshini o‘pdilar».


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.