background
logotype
image1 image2 image3

Hazrati Musoning jannatdagi qo‘shnisi

Muso, alayhissalom, Alloh taologa jannatda unga kim qo‘shni bo‘lishini bildirishini  so‘rab, yolvorar edi.
Bir kuni shunday nido keldi: 
— Ey Muso, falon yerda yashovchi qassob sening jannatdagi do‘sting bo‘ladi...
Muso, alayhissalom, qiziqib, qaysi ibodati uchun bunga loyiq bo‘lganini bilish niyatida yo‘lga chiqdilar. Hazrati Muso o‘sha odamni qidirib topdilar. Qassob Hazrati Musoning haq payg‘ambar ekanini bilgan, imon keltirgan edi. Lekin o‘zlarini  ko‘rmagan edi. Shuning uchun tanimadi. Kechqurun qassob Hazrati Musoni uyiga olib ketdi. Ovqat tayyorladi. Dasturxon tuzadi. Ovqat yeyishdan oldin, qassob devorga osilgan bir zambilni yerga tushirdi va undan harakat qilishga sira holi yo‘q bir qari kampirni chiqardi. Xuddi go‘dakni ovqatlantirgandek uni yedirdi, ichirdi va yana zambilga qo‘yib, devorga osdi. Shunda kampir nimalardir deb shivirladi. Qari ayolning nima deyayotganini tushunmagan Muso, alayhissalom, qassobdan so‘radi:
— o'g'lim, bu kampir kiming bo‘ladi?
Qassob musofirga:
— Bu ayol  mening onam bo‘ladilar. O‘tirib-turishga, ovqat yeyishga holi yo‘q. Shu bois o‘zim yediraman, ichiraman va tozaligiga qarayman. Qo‘limdan kelgunicha hushnud etishga harakat qilaman.
Muso, alayhissalom:
— Hozirgina u senga gapirganday bo‘ldi, nimalar dedi?
Qassob:
— Ey Rabbim! Men o'g'limdan xursandman. Sen ham undan rozi bo‘l. Jannatda uni Hazrati  Musoga qo‘shni qilgin deb duo etdi. Shunda Muso, alayhissalom, o‘zini tanitadigan vaqt kelganini tushundilar va:
— Men Allohning payg‘ambari Muso bo‘laman. Allohdan jannatdagi qo‘shnim kim bo‘lishini bildirishini iltijo qilgan edim. Janobi Haq seni bildirdi. Senga xushxabar bo‘lsin. Onangga qilgan xizmating uchun Alloh sendan rozi bo‘ldi. Onangning duosini qabul ayladi. Alloh seni jannatda menga qo‘shni qildi, — deya marhamat qildilar.


2004-2024 © islom.ziyouz.com. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko‘rsatilishi shart.